Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev
Tavalludi 1878-yil
Oʻsh shahri
Vafoti 1968-yil, 28-iyul
Istanbul
Fuqaroligi Buxoro amirligi, BXSR, Turkiya
Kasbi Jadidchi noshir, davlat arbobi
Otasi Po‘latxo‘ja
Onasi Fotima Oyim

Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev (1921-yil sentyabr — 1922-yil avgust) — Buxorodagi jadidchilik harakatining yirik namoyandasi, taniqli davlat va jamoat arbobi, Buxoro Markaziy Ijroiya komiteti (MIK) raisi. Otasi Qori Poʻlatxoʻja buxorolik savdogar boʻlgan. U dastlabki tahsilni Buxorodagi madrasada oladi va ilk jadid maktablaridan biriga asos soladi[1].

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev, 1878-yil Fargʻona vodiysiga qarashli Oʻsh shahrida dunyoga keladi. Otasi Poʻlatxoʻja, onasining ismi Fotma Oyim edi. Karamutulloh xoʻjaning avlodlaridan boʻlgan Poʻlatxoʻja ayni paytda Fayzulla Xoʻjayev (1896 — 1938)ning otasi Ubaydullaxoʻjaning akasidir[2]. Buxoro amirining bosimlaridan qutilmoqchi boʻlgan buxorolik savdogarlar odatda bir necha yil Samarqand yoki Fargʻonaga borib, savdo sohasidagi faoliyatlarini u yerda davom ettirishgan. Poʻlatxoʻja Oʻsh shahrida savdo faoliyatini olib borgan. Bu davrda Fotma oyim bilan turmush quradi va bu turmushlaridan Usmonxoʻja dunyoga kelgan. Usmonxoʻja yoshligidayoq otasi tomonidan Buxoroga olib kelinadi va bu yerda maxsus tayinlangan ustozlar yordamida taʼlim oladi. Poʻlatxoʻja Buxorodagi taʼlimidan tashqari Istanbul, Boku, Boqchasaroy, Qozon va Toshkentda chiqqan gazeta va jurnallar, ayniqsa, Ismoil Gaspirali tomonidan chiqarilayotgan „Tarjimon“ gazetasini oʻqish orqali dunyoqarashini oʻzgartirgan. Bu yillarda Usmonxoʻja boshqa jadid (yangilikchi) ziyolilar kabi „Tarjimon“ gazetasidagi jadidchilik qarashlari va Usuli-jadid maktablari haqidagi xabarlardan qattiq ilhomlanadi[3].

Jadidchilik faoliyatidagi oʻrni[tahrir | manbasini tahrirlash]

Usmonxoʻjaning 1898 va 1910-yillar orasidagi hayoti va faoliyati borasida juda ham kam maʼlumot mavjud. Bu yillar ichida Usmonxoʻja butun Turkiston boʻylab keng tarqalgan jadidchilik harakatining aʼzosi va uning yetakchilaridan biri boʻlgan edi. Jadidchilik harakati dastlab taʼlimda tub oʻzgarishlar qilish tashabbusi bilan chiqqan boʻlsa ham keyinchalik siyosiy harakat va hatto siyosiy partiyaga aylangan edi. Bu holatni Sadriddin Ayniy shunday izohlaydi: „Faqat, bu harakatni inqilobchi harakat deb boʻlmasdi. U bor yoʻgʻi maktab, madrasa va boshqa shu kabi urf-odatlarni tuzatish, amir tomonidan chiqarilgan soliqlarni maʼlum qolib va tartibga solish, amirning oʻzboshimcha harakatlarini toʻxtatishni xohlardi. Yangilikchi harakat koʻtargan muhim masalalaridan yana biri dehqonlardan olinadigan soliqning oʻzgarmas miqdorda qilib belgilanishi edi. Bu yangilikchi harakatga men ham qoʻshildim. Biz maktab va madrasalarni tuzatishni tashviq qilar edik[2]

Qirimda dastlabki jadid maktabini 1884-yilda ochgan Ismoil Gaspirali 1893-yilga Buxoroga kelib, Amir Abdulahad bilan koʻrishmoqchi boʻladi. Ammo amir bilan emas, amir vakillari bilan uchrashtiriladi. 1893-yili Samarqandda jadid maktabi ochiladi va bor yoʻgʻi 40 kun faoliyat olib boradi. Soʻngra amir buyrugʻi bilan yopiladi.

1898 va 1908-yillar ichida yuzga yaqin yangi jadid maktabi ochiladi. 1910-yilga kelib Turkistonda 102 ta boshlangʻich jadid maktabi va 2 ta oʻrta taʼlim beruvchi jadid maktabi faoliyat olib borayotgan edi. Bulardan 6 tasi Buxoro amirligida, 8 tasi esa Xiva xonligida faoliyat olib boradi. Buxoro amirligi hududida ochilgan jadid maktablari qisqa muddatli foliyatlaridan soʻng amir farmoni bilan birin-ketin yopiladi. Buxorodagi jadid maktablarini ochish borasidagi ishlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida buxorolik jadidlar va savdogarlar 1909-yilning mart oyida „Shirkati Buxoroyi sharif“ nomli savdo shirkati tashkil qilishadi. Va bu shirkatning soyasida yashirincha jadid maktablari uchun oʻquv darsliklari yetkazib berishga harakat qilishadi. Tarixchilardan Sadriddin Ayniy, Zaki Validiy Toʻgʻon, Hèléne Carrère d’Encausse va Boymirza Hayit va boshqalar „Shirkati Buxoroyi Sharif“ va 1910-yilda tuzilgan „Tarbiyai atfol“ (Bolalar taʼlimi) tashkilotchilarining orasida Usmon xoʻjaning ismini ham qayd qilishgan[2].

Usmonxoʻja Buxoro jadidlarining „Buxoroyi sharif“ va „Turon“ gazetalarini tashkil etishda yordam bergan. Roʻznomalarning nashr bilan bogʻliq xarajatlarida oʻz yordamini ayamagan. Jadidchilik gʻoyalari va maqsadlarini amalga maqsadida amirlikning Shahrisabz, Kitob, Karki bekliklarida maʼrifatchilik targʻibotlari oʻtkazgan. Karki bekligining Rossiya imperiyasi va Afgʻoniston bilan madaniy aloqalar, savdo-sotiq ishlarida ham muhim shaxsga aylangan. Karki shahrida Usmonxoʻja tashabbusi bilan 1910-yilda yangi usuldagi maktab tashkil etilgandi. Ushbu shaharda rus harbiy garnizoni joylashgan boʻlib, rossiyalik savdogarlarga bojsiz savdo qilish huquqi berilgan. Turkiyadagi oʻqishdan qaytgan talabalar orasida Usmonxoʻja yetakchi rol oʻynagan.

Usmonxoʻja tashkil etgan yangi usuldagi maktablarda bolalarni yoshlariga qarab sinflarga ajratish, bir kunda 4-5 soatdan koʻp dars oʻtmaslik, darslar oraliqlarida 10 daqiqalik tanaffus, asosiy diqqatni dunyoviy fanlarni oʻrgatishga qaratish, birinchi bosqichda oʻquvchilarning savodini chiqarish, juma hamda yakshanbani dam olish kuni sifatida belgilash, 10 oylik taʼlimdan soʻng oʻquvchilarga oʻquv taʼtillari berish, oʻquvchilardan imtihon olish, darslarni keng va shinam xonalarda olib borish, koʻzgazmali qurollar yaʼni, xarita va globuslardan foydalanish qoidalariga eʼtibor qaratilgan. Tadqiqotchi Adey Kloden bergan maʼlumotlarga qaraganda, Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev Turkiya davlatidan Buxoroga oʻz hisobidan turli oʻquv qurollari, xaritalar, globus va turk tilida boʻlgan yevropa adabiyotlarini olib kelgan[4].

Buxorodagi jadid maktablari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Usmonxoʻja va Hamidxoʻja 1913-yilning bahor oyida Istanbuldan Buxoroga qaytishadi. Shundan soʻng Usmonxoʻja Latifxoʻja ismli kishining uyida yangi jadid maktabini ochadi. Ayniyning bergan maʼlumotlariga koʻra Usmonxoʻja bu yerda qarindoshlarinig farzandlariga taʼlim berishni boshlab yuboradi. Shu yilning yoz oyida Usmonxoʻja Govgeshan hovuzining yonida bir binoni ijaraga olib, jadid maktabini u yerga koʻchiradi. Hamidxoʻja va boshqa jadidlar ham oʻziga qarashli maktablarni kengaytira boshlaydi. 1914-yilga kelib, oʻquvchi soni ortganligi bois Usmonxoʻja maktabni yanada kengroq binoga koʻchirishga majbur boʻladi. 1914-yilda Usmonxoʻjaga qarashli jadid maktabida 200 kishi, Mulla Vafoda 80 kishi, Markishda 150 kishi, Xiyobondagi maktabda esa 40-50 kishi taʼlim olmoqda edi. Bundan tashqari bu maktablarda kechki kurslar ham ochilib, yoshi katta kishilarga ham oʻqish-yozish oʻrgatila boshlanadi. Faqat, bu maktablarning faoliyat olib borishidan chor Rossiyasi va Buxoro hukumatining vakillari mamnun emas edilar. Rus hukumatining Buxoro amirligiga qilgan tazyiqidan soʻng Buxoro amirining odamlari turli bahonalar bilan jadid maktablarining faoliyatiga toʻsqinlik qila boshlashadi. Hatto jadid yetakchilarining bu ishdan voz kechishlari uchun katta pul ham taklif qilishadi. Sadriddin Ayniy Usmon xoʻja haqidagi bir voqeani shunday hikoya qilib beradi: "Bir kun Mulla Qamar bosh qozi Burhoniddinning buyrugʻi bilan eng ilgʻor jadid maktabiga ega boʻlgan Usmon xoʻja bilan koʻrishib, „agar siz oʻz istagingiz bilan maktabingizni yopsangiz, istagan yerda qozi yoki rais boʻlishingizga ulugʻ qozi nomidan vaʼda beraman“, deydi. Usmon xoʻja boʻlsa, „oʻqituvchilik qilishim, ochligimdan yoki yuksak maqomga yetisha olmaganimdan emas. Biz xalq va yurtning bolalariga foydali boʻlmoqchimiz, millatimizga foydamiz tegsin deb bu qiyinchiliklarni oʻz yelkamizga oldik. Qoʻlimizdagi bu muqaddas kasbimizni dunyo maqomiga sotmaymiz“, deydi. Ayniyning bergan maʼlumotlariga koʻra, bosh qozi (Qozi kalon) Burhoniddin oʻrtaga odam qoʻyib, boshqa jadid maktablarining egalariga ham turli vaʼdalar bersa ham oʻz maqsadiga yeta olmaydi. Jadid maktablarining keng faoliyatidan Rus elchiligi ham mamnun emasdi. Rus elchisining vakili N. Shulga Buxorodagi jadid maktablarini ziyorat qiladi. Shulga rasmiy raporida Usmonxoʻjaning jadid maktabini shunday taʼriflaydi: „Maktab koʻrinishi buxoroliklarning uyidan farq qilmaydi. Ich hovlisida Usmonxoʻjaning qoladigan xonadan tashqari ikkinchi qavatdagi xonalar bilan hisoblaganda dars xonalari bor yoʻgʻi ikkita xonaga sigʻdirilibdi. (Avvaldan xabar bermasdan borib kelgandim). Usmon xoʻjaning xonasida yevropacha ruhdagi buyumlari bilan bir qatorda Buxoro tipidagi anjomlar, devordagi tokchada esa koʻpi Samarqandda chop qilingan kitoblar bor edi. Sinfda esa stol-stullar, oʻquvchilarga berilgan daftarlar turardi… Maktablar odatda shinam va biz koʻnikib qolgan Buxoro maktablari bilan solishtirganda ancha katta taasurot uygʻotadi“[2].

Birinchi jahon urushidan keyingi siyosiy jaroyonlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Birinchi jahon urushi (1914-1918) davrida Chor Rossiyasi hukumati oʻz mustamlakalaridan biri boʻlgan Turkistondan aholini harbiy xizmat uchun emas, balki front orti ishlari uchun mardikorlarni toʻplash boʻyicha qaror eʼlon qiladi. 1916-yil gazetalarda eʼlon qilingan bu yangilik Turkiston xalqi tomonidan sovuq qarshi olinadi. Jadidlardan Mahmudxoʻja Behbudiy, Pahlavon Niyoziy, Usmonxoʻja, Qori Komil, Obidjon Mahmud kabilar yigʻilish oʻtkazib, bu qarorga oʻz noroziliklarini bayon qilishadi. Dastlab oʻqish yozish masalasini koʻtarib chiqqan jadidchilik harakati keyinchalik siyosiy harakatga aylanadi. Bunda 1916-yilgi xalq qoʻzgʻoloni va 1917-yilning oktyabr oʻzgarishlarining taʼsiri katta boʻlgandi. Jadidlar Buxoroda ochgan jadid maktablarining yopilaverishidan soʻng bu yoʻl bilan uzoqqa borib boʻlmasligini tushunib yetishgandi. Buxoro amiri Amir Olimxon bora-bora Rossiyaning Buxorodagi tayanchi rus elchiligi qoʻlida qoʻgʻirchoq boʻlib qolayotgan edi. 1917-yil 12-mart kuni Yangi Buxoroda Ijroqoʻm saylanadi. Yosh buxoroliklar jamiyati aʼzolari oʻz rejalarini Rossiyada hokimiyatga kelgan Muvaqqat hukumat orqali amalga oshirmoqchi boʻladilar. Petrogradga telegramma yuborib, amir Olimxonni islohot oʻtkazishga davat qilishni soʻraydilar. Hech qanday javob boʻlmagach, ikkinchi telegramma yuboriladi. Bu bilan kifoyalanmay Usmonxoʻja va Abdurauf Fitrat poytaxtga yoʻl oladilar. Ular Orenburgga yetganlarida Yosh buxoroliklar va amirlik oʻrtasidagi muammolarni hal qilish uchun maxsus komissiya yuborilganidan xabar topadilar va Buxoroga qaytadilar. Usmonxoʻja Poʻlatxoʻjayev bu paytda Yosh buxoroliklar partiyasining eng faol aʼzolaridan boʻlgan. Rus elchisi Miller, Shulga va Vedinskiylarning maslahati bilan amir 1917-yilning 30-mart kuni „Hurriyat bayonnomasi“ni eʼlon qiladi. Jadidlar bu bayonnamadan soʻng tinch namoyish tashkil qilishadi. 1917-yil 8-aprel kuni boʻlib oʻtgan bu namoyishda 7 ming kishi qatnashadi. Namoyishchilar „Yashasin amir, Hurriyat, Adolat, Musavvat!“ shiori ostida arkka tomon yoʻl olishadi. Biroq, Buxoro amirining sarbozlari kuch ishlatadi va koʻplab jadidlarni hibsga ola boshlaydi. Jadidlarning koʻpchiligi Kogonga, undan soʻng Toshkentga qochib ketishadi. Amirning sarbozlaridan qochib qutilganlar orasida Usmonxoʻja ham bor edi. Bu voqeadan keyin jadidchilar Buxoroda amir hokimiyatini agʻdarish uchun jiddiy tayyorgarlik koʻra boshlaydi. „Yosh buxoroliklar“ oʻz harbiy armiyasiga ega boʻlmaganliklari tufayli Toshkentdagi sovet komissarligidan yordam soʻrashga majbur boʻlishadi. Bu borada tarixchilarning fikri ijobiy yoki salbiyga boʻlinadi. Ammo avval „Yosh buxoroliklar“ning oʻzi ham ikkiga boʻlinganini aytib oʻtish lozim. Ularning bir qismi rus va bolsheviklardan mustaqil harakat qilishni xohlagan boʻlsa, boshqa qismi marksizm va sotsializmga moyilroq edi. 1973-yilda chop qilingan Oʻzbekiston sovet ensiklopediyasining „Yosh buxoroliklar“ boʻlimida Usmonxoʻjaning bu boradagi oʻrni shunday tavsiflanadi: "Yosh Buxoroliklarning oʻng oqimiga kiruvchi jadidlar „Buxoro inqilobi“dan soʻng inqilobga qarshi harakatning faol ishtirokchisiga aylanishgan edi".[2] Yosh Buxoroliklar harakati Rus askarlari yordamida Buxoro amiri Olimxoni taxtdan agʻdarib, Buxoro xalq sovet respublikasini eʼlon qilishadi. 1920-yil 29-avgust kuni muvaqqat hukumat tuzilib, unda Usmonxoʻja moliya noziri etib tayinlanadi. Hukumat rahbari Mirzo Rahimxon, Nozirlar kengashi raisi esa Fayzulla Xoʻjayev etib belgilanadi. Amir Olimxon 1920-yil 1-sentyabr kuni Buxorodan qochib ketadi. Biroz vaqt Hisor viloyati va Dushanbeda yashagach, 1921-yil 18-fevral kuni Afgʻonistonga oʻtib ketadi. Bu vaqtda Buxoro xalq sovet respublikasining muvaqqat hukumati rahbari etib Muhiddinov tayinlangan edi. Buxoroning sharqiy qismida „Sharqiy Buxoro avtonom hukumati“ tuzilib, uning rahbarligiga Usmonxoʻja tayinlanadi. U vaqtda sobiq amir tarafdori boʻlgan Ibrohim Laqay Buxoro hukumatiga qarshi Dushanbe shahrida oʻz hujumlar amalga oshirayotgan edi. Sharqiy Buxorodagi tarang vaziyatni oldini olish uchun Usmonxoʻjaning nimalar qilganligi borasida maʼlumotlar kam. 1921-yil 23-sentyabr kuni Buxoroda tashkil qilingan Buxoro xalq vakillarining ikkinchi qurultoyida Usmonxoʻja Buxoro Markaziy Ijroiya komiteti (MIK) raisi deb eʼlon qilinadi. Usmonxoʻja MIK raisi sifatida qilgan birinchi nutqida: „…xalqimizning uzoq vaqtlardan beri hurriyat va istiqlolga erishish borasidagi milliy irodasining hayotning har sohasida jon dildan istayotganliklarini bilaman. Maʼsuliyatim ostidagi tashkil etiladigan hukumatning eng birinchi ishi xalqimizning bu yuksak orzu va istagini amalga oshirish boʻladi“, deydi. Usmonxoʻja Buxoro ozodligining faol himoyachisi boʻlganligi tufayli qoʻlidagi vakolatlardan bu maqsadda foydalanishga harakat qila boshlaydi.  Buxoroda boʻlib turgan Anvar Posho bilan yaqin aloqa oʻrnatadi. Ayni paytda Krasnoyarskdagi asirlikdan qochib, Buxoroga kelgan Usmonli Turk ofitserlari yordamida Buxoro armiyasini tashkil qilmoqchi boʻladi. Va Turkiya ozodlik urushi (Türk Kurtuluş Savaşı)ga yordam sifatida Anqara hukumati uchun yordam puli ham joʻnatadi[5][6].

Usmonxoʻja 1921-yil Toshkentda tashkil qilingan Turkiston milliy birligi (TMB) nomli maxfiy tashkilotning aʼzosi ham edi. Usmonxoʻjaning Moskvani xavotirga qoʻygan qarorlaridan yana biri 1921-yilning 9-dekabr kuni Dushanbedagi rus gornizoning qoʻmondonlarini hibsga oldirishi va sovet armiyasining Buxorodan darhol chiqib ketishini talab qilgani edi. Qoʻlga olinganlar orasida Rus garnizonining qoʻmondoni Morozov, Rossiyaning Buxorodagi elchisi Yarinef, Sharqiy Buxorodagi konsul Nagurin va ularning rafiqalari bor edi. Faqat, voqeadan xabar topib Dushanbega kelgan boshqa rus birliklari bilan buxorolik askarlar oʻrtasida harbiy toʻqnashuvlar boshlanib ketadi. Kuchlar teng boʻlmaganligi sababli Usmonxoʻja va askarlari ortga chekinishga majbur boʻladi. Bu voqeadan keyin Usmonxoʻja Turkiston xalqlari uchun maxsus bayonot bilan chiqadi va xalqni umumiy qoʻzgʻolon koʻtarishga undaydi[2].

Usmonxoʻjaning keyingi taqdiri[tahrir | manbasini tahrirlash]

Usmonxoʻja tomonidan Dushanbedagi rus garnizoniga qilingan hujum va undan keyin xalqqa ozodlik uchun qoʻzgʻolon koʻtarishga qilgan chaqirigʻi vaziyatni tubdan oʻzgartirib yuboradi. Usmonxoʻjaning Buxoro MIK raisi lavozimidagi oʻrni 1922-yil 10-aprel kuni uning Afgʻonistonga oʻtib ketishi bilan nihoyasiga yetadi. Usmonxoʻja Buxoro milliy armiyasi uchun qurol-yarogʻ sotib olish masalasida Kobuldagi ingliz vakili bilan uchrashadi. Ammo inglizlar Buxoro vakillariga qurol sotish masalasida ijobiy javob berishmaydi. Chunki inglizlar va sovetlarning bir-birlariga qarashli mustamlakalarga qurolli yordam koʻrsatmaslik borasidagi maxfiy kelishuvlari bor edi. Kelishuvga koʻra Ruslar Afgʻoniston va Hindistonga, inglizlar esa Turkiston masalalariga aralashmasligi kerak edi. Usmonxoʻja 1922-yil 29-aprel kuni Afgʻoniston qiroli Omonulloxon nomiga Turkiston masalasida bir memorandum yuboradi. Memorandumda Buxoroning mustaqil davlat ekanligi, sovetlarning esa bosqinchiligiga urgʻu berilgan edi. Usmonxoʻja Kobuldaligida Anvar poshoning 1922-yil 5-avgust kuni Dushanbe yaqinidagi Baljuvonda oʻldirilganligi haqidagi xabarni eshitadi. Usmonxoʻja nomiga Fayzulla Xojayev tomonidan yuborilgan maxfiy xabarda uning Buxoroga qaytishi xavfli ekani, agar qaytadigan boʻlsa, oʻlimga hukm qilinishi yozilgan edi. Sovet hukumati Afgʻonistonga Usmonxoʻja masalasida doimiy bosim qilib keladi. RSFSR yaʼni Sovet Rossiyasining Kobuldagi elchisi Fyodor Fyodorovich Roskolnikov turli josuslarni Usmonxoʻjaning ortidan qoʻyib, uni doimiy kuzatuvga oldiradi. Usmonxoʻjani doimiy kuzatib yurgan va har bir qadamidan rus elchiligini doimiy xabardor qilib turgan shaxs Abdurahim Yusufzade edi. Moskvada chiqadigan „Pravda“ gazetasida Usmonxoʻjaning Afgʻonistonda Sovetlarga qarshi doimiy faoliyat olib borayotganidan shikoyat qilib keladi. Moskva Usmonxoʻjani Turkistondagi Bosmachilar bilan inglizlar orasidagi munosabatda vositachi boʻlib kelayotganini taʼkidlab keladi. Moskvaning Afgʻonistonga qilgan bosimi natijasida Usmonxoʻja 1923-yilga kelib Istanbulga ketishga majbur boʻladi. Usmonxoʻjaning Turkiyaga kelgan dastlabki yillardagi faoliyatiga oid maʼlumotlarni Rajab Boysun va Zaki Validiy Toʻgʻonning asarlaridan uchratish mumkin. Usmonxoʻja Istanbuldagi Turkistonlik yoshlarni toʻplab, „Turkiston yoshlar birligi“ (1927) nomi tashkilot tuzish bilan birga, Mustafo Choʻqay, Zaki Validi Toʻgʻon va boshqa turkistonliklar bilan birga „Yangi Turkiston“ (1927-1934) nomli jurnal chiqaradi. Usmonxoʻja bu gazetalarga yozgan maqolalarida va Turkiyada olib borgan koʻplab konferensiyalarida Sovetlarning Turkistondagi faoliyatini qoralab keladi. Sovetlarning Usmonxoʻja borasidagi Turkiyaga qilgan bosimlariga Mustafa Kemal Atatürk eʼtibor bermay keladi. Faqat Atatürkning xastaligi va vafoti munosabati bilan Usmonxoʻja yana surgunda yurishga majbur boʻladi. 1939-yilda avval Polshaga, keyinchalik esa Eronga boradi. Faqat Ikkinchi jahon urushi yakunlangandan soʻnggina Turkiyaga qaytishga muvaffaq boʻladi. 1951 va 1957-yillarda Pokistonda yashagan Usmonxoʻja 1968-yilning 28-iyul kuniga qadar, yaʼni vafotiga qadar Turkiyada yashaydi. Bu vaqtda Istanbul va Anqarada Turkiston haqida turli konferensiyalar bergan Usmonxoʻja siyosiy masalalarga boshqa aralashmaydi.[2] Vafotidan soʻng Uskudardagi „O'zbeklar takyasi“ga dafn qilinadi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Marmara Universitesi Murat Yavan tezi[sayt ishlamaydi]
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 2,5 2,6 Kocaoğlu, Timur (2018) Türkistanʼda Yenilik Hareketleri ve İhtilaller: 1900-1924.
  3. Dergi Park
  4. Қ. Ражабов, Ш. Ҳайитов. Усмон Хўжа. Toshkent „Abu matbuot-konsalt“ 2011 — 9 bet. 
  5. „Öncevatan sitesi Kemal Sallı makalesi“ (2019-yil 30-aprel). 2020-yil 16-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 23-avgust.
  6. „Stratejik Düşünme Enstitüsü Sinan Tavukçu Makalesi“ (2020-yil 16-avgust). 2020-yil 20-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 23-avgust.

Bibliografiya[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Туркестан в начале XX века: к истории истоков национальной независимости Ташкент 2000
  • Reform mavements and revolutions in Turkistan (1900—1924). Studies in Honour of Osman Khoja, ISBN 90-804409-5-7 / Edited by Timur Kocaoglu. Published and distributed by SOTA, Haarlem 2001.
  • Айний Садриддин Бухоро инқилоби тарихи учун материаллар Москва 1926
  • Аҳмад Закий Валидий Тўғон Бўлинганни бўри ер (Хотиралар) Ташкент 1997
  • Ражабов К. Бухорога қизил армия боскини ва унга карши кураш Тошкент 2002
  • Файзула Хўжаев Бухоро инқилобининг тарихига материаллар Тошкент 1997
  • Ўзбекистоннинг янги тарихи. Ўзбекистон совет мустамлакачилиги даврида (2-китоб) Ташкент 2000

Internet manbalari[tahrir | manbasini tahrirlash]

[sayt ishlamaydi]