Peshobning sifat oʻzgarishi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Peshobning sifat o'zgarishi
Fayl:250px
Gipostenuriya, Proteinuriya
KXK-10 Proteinuriya R-80[1]

Siydikning kimyoviy tarkibiga 150 dan koʻproq komponentlar kiradi[2].

Siydik nibiy zichligining oʻzgarishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Buyrak konsentratsiyalash qobiliyati buzilishining bitta belgisi hisoblanadi. Ulardan faqat giperstenuriya – siydik nisbiy zichligining koʻtarilishi buyrak kasalliklari bilan bevosita bogʻliq boʻlmasdan, qandli diabet, giperparatireoz, ogʻir metalll tuzlari bilan   surunkali zaharlanish oqibatida boʻladi.

Gipostenuriya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Siydik nisbiy zichligining pasayishi (1002–1010 atrofida oʻzgarib turadi)[3]  kanalchalarning kalavalar filtratini konsentratsiyalash qobiliyati buzilishi oqibatida kelib chiqib,  bu buyrak yetishmovchiligi vaqtida kuzatiladi. Buyrak yetishmovchiligi kuchayib borganda  izogipostenuriya  holati roʻy beradi, bunda bemor har xil vaqt oraligʻida nisbiy zichligi past boʻlgan  bir xil siydik porsiyasini chiqaradi.


Siydikning rangi va tiniqligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Siydikning rangi va tiniqligi uning sifat tarkibi belgisi hisoblanadi. Sogʻlom odamning siydigi tiniq va somonsimon sariq rangda boʻlib, buni unda uroxrom pigmenti borligi bilan   tushuntiriladi. Rangining intensivligi buyrakda siydikning konsentratsiyalanishiga  qarab oʻzgarib turadi. Yangi yigʻilgan siydikning loyqa boʻlishi undagi tuzlar, bakteriyalar, shilliq, yiring aralashmalariga bogʻliq boʻladi. Tuzlar chiqishi sogʻlom odamlarda ham kuzatiladi, u ovqatlanish xususiyatiga bogʻliq. Ajralayotgan tuzlarning xususiyati siydik choʻkmasini mikroskopiya qilganda aniqlanadi. Lekin buni oddiyroq usul bilan   ham aniqlash mumkin. Agar siydikning loyqalanishiga unda urat (uraturiya) borligi sabab boʻlsa, siydik qizdirilganda tiniq boʻladi. Agar siydikning loyqalanishi unga sirka kislotasini qoʻshib  qizdirilgandan keyin yoʻqolsa, u gaz pufakchalari ajralishi bilan   kuzatilsa, bu siydikda karbonatlar (karbonaturiya)  borligini koʻrsatadi. Yuqorida koʻrsatilgan sharoitda gaz pufakchalari hosil boʻlmasdan loyqalansa, siydikda fosfatlar (fosfaturiya) borligidan dalolat beradi. Siydikning loyqalanishi, unga xlorat kislatasini qoʻshib qizdirganda yoʻqolsa, bu oksalatlar (oksaluriya) uchun xosdir.

Proteinuriya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Proteinuriya – siydikda oqsil boʻlishi[4]. Sogʻlom odam bir sutkada siydik bilan   50 mg oqsil chiqarishi mumkin, bu faqat immunoforetik usul bilan   aniqlanadi. Siydikning umumiy tahliliga koʻra meʼyorda oqsil soni 0,33g/l dan oshmaydi. Buyraklar nospetsifik va spetsifik yalligʻlanishlar oqibatida zararlanganda siydikda oqsil soni 1g/l dan oshmaydi.  Agar siydikda koʻp oqsil paydo boʻlsa, bu glomerulyar  membranalarning oʻtkazuvchanligi yana-da koʻproq buzilganligidan dalolat beradi. Haqiqiy (buyrakdan) va soxta (buyrakdan tashqarida) proteinuriyani farq qilish kerak. Soxta proteinuriya eritrotsitlar hamda leykotsitlardagi oqsil hisobiga, shuningdek  siydikdagi qon va yiring  aralashmasiga bogʻliq. Siydikda qon aralashmasi koʻp boʻlganda oqsil soni 20 g/l  gacha va undan koʻproq boʻladi. Haqiqiy proteinuriya buyrak kalavalarining zararlangan membranalaridan oqsil filtrlanishi natijasida roʻy beradi.


Piuriya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Piuriya – siydikda yiring boʻlishi[5]  urologik yalligʻlanish kasalliklarida kuzatiladi. Koʻp sondagi piuriyani oddiy koʻz bilan aniqlash mumkin. Siydikda kam sonda yiring aralashmasi boʻlganda leykotsitlar borligini siydik choʻkmasini mikroskop yordamida tekshirganda (leykotsituriya) aniqlanadi. Buyrakda faol yalligʻlanish jarayoni boʻlganda yangi yigʻilgan siydikda leykotsitlar boʻladi, ular biologik potensialga ega boʻladi –“tirik” hujayralar. ShterngeymerMalbin hujayralari va “faol”  leykotsitlar kiradi.  Shterngeymer – Malbin hujayralari – oʻlchovi 2–3 marta kattalashgan, yumaloq, koʻp boʻlakchali oʻzagi bor, qoraroq protoplazmali leykotsitlar. Protoplazmasida donachalar koʻrinadi, ular broun harakati holatida boʻlib turadi. Bu hujayralar surunkali piyelonefrit uchun xos boʻlib, koʻpincha siydikning nisbiy zichligi past boʻlganda aniqlanadi.


Gematuriya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gematuriya – siydikda qon boʻlishi[6]. Uning mikroskopik va makroskopik turlari farq qilinadi. Makrogematuriyada siydikning rangi yuvilgan goʻsht rangidan toʻq qizil ranggacha, qon ivindilari bilan   boʻladi. Mikrogematuriya (eritrotsituriya) mikroskop yordamida aniqlanadi va koʻp patologik jarayonlarda uchraydi. Mikrogematuriyani uretrorragiyadan (siydik chiqmaganda uretradan qon oqishi) farq qilish zarur. Makrogematuriya favqulotdagi simptom boʻlib, bu koʻpincha buyrakda, buyrak jomida, siydik nayida, qovuqda xavfli oʻsma boʻlganda uchraydi. 

Gematuriya  manbaini aniqlash mumkin. Agar qon siydikning faqat birinchi porsiyasida (initsial yoki boshlangʻich gematuriya) boʻlsa, patologik jarayon uretraning oldingi qismida joylashadi. Initsial gematuriya siydik chiqarish kanalining shikastlanishi, polipi, rakida, yalligʻlanish kasalliklarida kuzatiladi. Siydikning faqat oxirgi porsiyasining (terminal yoki oxirgi gematuriya[7]) qon bilan   boʻyalishi detruzorning qisqarishi qovuqning zararlangan joyidan yoki uretraning orqa qismidan qon chiqishiga olib kelganda paydo boʻladi. Terminal gematuriya qovuq boʻyinchasi, prostata bezi, urugʻ doʻmbogʻchasi yalligʻlanganda, prostata bezi raki yoki adenomasida, qovuq boʻyinchasi oʻsmasida kuzatiladi.      

Fayl:Gematuriya – siydikda qon boʻlishi.jpg
Gematuriya – siydikda qon boʻlishi

Agar qon siydik oqimining hamma koʻlamini bir xilda boʻyasa, unda total gematuriya roʻy bergan boʻladi. Total gematuriya buyrak parenximasida, buyrak jomida, siydik nayida yoki qovuqda qon oqishi kuzatilganda sodir boʻladi. U buyrak oʻsmasi, buyrak jomi, siydik nayi, qovuq oʻsmalari, buyraklar polikistozi, buyraklar sili, piyelonefrit, siydik – tosh kasalligi, buyrak soʻrgʻichlari nekrozi, gemorragik sistit, qovuq yarasi, prostata bezi adenomasi, endometrioz va qovuq shistosomozi va boshqa kasalliklar simptomlari boʻlishi mumkin.

Qonning ivigan shakllariga qarab ham gematuriya manbaini taxminan aniqlash mumkin. Shaklsiz qon ivindisi koʻproq qovuqdan oqayotgan qon uchun xosdir, lekin buyrakdan qon oqib qovuqda allaqachon qon ivindilari hosil boʻlganligini inkor qilib boʻlmaydi. Chuvalchangsimon qon ivindilari siydik nayi nusxasini ifodalaydi. Odatda, u buyrakdan yoki siydik nayidan qon oqayotganligining belgisi boʻladi. Siydik yoʻllarining yuqori qismidan qon ketishiga topik tashxis qoʻyishda siydik nayining boʻshligʻi qon ivindisi bilan   qayerda berkilib qolgan boʻlsa, oʻsha tarafdagi buyrak sohasida ogʻriq paydo boʻlishi yordam beradi.

Oʻsma kasalligi oqibatida roʻy bergan qon ketishi buyrakdagi ogʻriqdan oldin paydo boʻladi, shu bilan bir vaqtda siydik – tosh kasalligida aksincha, ogʻriq qon ketishidan oldin boʻlishi kuzatiladi.  Ogʻriqlar yoki boshqa simptomlar (ogʻriqsiz total yoki bitta simptomli gematuriya) bilan   kuzatilmaydigan total gematuriyada qon ketishi manbaini aniqlash ayniqsa qiyin. Shunday gematuriya paydo boʻlganda qon ketishi manbaini aniqlash uchun zudlik bilan   sistoskopiya oʻtkazish zarur.

Shuni taʼkidlash kerakki, siydik nafaqat qon aralashmasi sababli qizil rangda boʻlishi mumkin. Baʼzi bir dori preparatlari va oziq–ovqat maxsulotlari (qizilcha)ni isteʼmol qilganda ham siydik qizil rangda boʻlishi mumkin. Bunday hollarda tashxis qoʻyish uchun anamnez maʼlumotlari va siydikni mikroskop yordamida tekshirish yordam beradi. Makrogematuriya baʼzi bir qon kasalliklari va boshqa patologik holatlarda ham kuzatiladi. Gematuriya oʻtkazilayotgan yoki oʻtkazilgan antikoagulyantlar (geparin) bilan   davolashning asorati sifatida ham paydo boʻlishi mumkin. Gemoglobinuriyani gematuriyadan farq qilish kerak, u baʼzi bir qon kasalliklarida, zaharlanganda, ogʻir kuyishdan keyin mos kelmaydigan qonni quyganda  paydo boʻladi. Bunday siydikka oʻtayotgan yorugʻlikda qaralganda, u qizil rangga boʻyalgan, lekin tiniq boʻladi: mikroskopda tekshirganda unda eritrotsitlar aniqlanmaydi.  

Mioglobinuriya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mioglobinuriya – siydikda mioglobin borligi[8]. Siydik mioglobin boʻlishi hisobiga qizil–qoʻngʻir rangda boʻladi. Bu, odatda, yer qimirlaganda yoki harbiy harakatlar vaqtida binolarning singan boʻlaklari ostida va shunga oʻxshash joylarda qolganda, odamning koʻp sondagi mushaklari uzoq muddat qisilganda kuzatiladi. Bunda ezilgan mushaklardan qonga koʻp sondagi mioglobin tushadi. Mioglobin molekulasi gemoglobin molekulasiga oʻxshash, lekin undan 3 marta kichik[9]. Qonning quyuqlashishiga sabab ezilish sindromi natijasida tomir ichidagi koʻp sonda suyuqlikning yoʻqotilishidan kelib chiqadi. Koʻp sondagi pigment buyrak kanalchalarida filtrlanadi, u yerdan u qisman siydik bilan qovuqqa chiqariladi, qisman esa kanalchalarda saqlanib qoladi, natijada u kanalchalarni blokada qilib, buyrakning oʻtkir yetishmovchiligiga sabab boʻladi. Siydikni mikroskop orqali tekshirganda unda jigarrang qoʻngʻir pigment – mioglobin topiladi.

Silindruriya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Silindruriya – siydikda silindrlar boʻlishi[10]. Bu urologik amaliyotda juda kam uchraydi, bu faqat urologik kasalliklarga glomerulonefrit yoki nefroz qoʻshilgan hollarda  hamda uzoq muddat nefrotoksik antibiotiklar (gentamitsin) ishlatilgandan keyin kuzatiladi.  Silindruriya haqiqiy yoki soxta boʻlishi mumkin. Haqiqiy silindrlarga gialinli, donali va mumsimon, soxtasiga – siydik kislotasi tuzlaridan tashkil topgan silindrlar, mioglobin va bakteriyalar kiradi. Urologik kasalliklarda faqat gialinli silindrlar  uchraydi.

Bakteriuriya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bakteriuriya – siydikda bakteriyalar boʻlishi[11]. Siydikda leykotsitlar aralashmasi topilganda yalligʻlanish jarayonining, yaʼni nospetsifik yoki spetsifik (sil) qoʻzgʻatuvchilarini qidirish kerak. Nospetsifik yalligʻlanish jarayonida siydik ekmasida har xil patogen floralar (ichak tayoqchasi, stafilokokk, streptokokk, koʻk yiring tayoqchasi, proteyalar va b.) aniqlanadi.

Siydik meʼyorda steril boʻladi. Siydikda bakteriyalar biror bir patologik jarayon oqibatida, buyrak filtri buzilganda paydo boʻladi[12]. Buyrak zararlanmasdan bakteriuriya mavjud boʻlmaydi. Bakteriologik tekshirish usulida mikroorganizmlar borligini aniqlash mumkin. Ularni identifikatsiyalash bakteriologik usul bilan oʻtkaziladi. Siydikni ekib koʻrganda nafaqat mikroblar xili, balki ularning 1 ml siydikdagi soni ham aniqlanadi. Bakteriyalar koloniyasi sonini aniqlash haqiqiy patologik bakteriuriyani siydikni olish paytida ifloslanishi (kontaminatsiya) natijasida kelib chiqadigan bakteriuriyadan farq qilishga imkon beradi. Agar bakteriyalar koloniyalarining soni 1 ml siydikda 105 dan oshib ketmasa, bu siydikning ifloslanganligi toʻgʻrisida guvoxlik beradi. Mikroblar soni 1ml siydikda 105 va undan koʻp boʻlsa, siydik–tanosil aʼzolarida infeksiyali yalligʻlanish jarayoni natijasida paydo boʻladigan haqiqiy bakteriuriya toʻgʻrisida oʻylash zarur.

Pnevmaturiya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Pnevmaturiya – siydik bilan havo yoki gaz chiqishi[13]. Juda kam uchraydigan holat. Bu sistoskopiyada, kateterlashda yoki boshqa asbob – uskunalar yordamida qilinadigan operatsiyalarda yoki qovuqni kontrastlash maqsadida kislorod yuborilganda kuzatilishi mumkin.

Patologik pnevmaturiya siydik yoʻllariga ichak–siydik yoki siydik–jinsiy aʼzolar oqmalarida, ayniqsa, qandli diabetda yoki siydik nayini jarroxlik yoʻli bilan ichakka almashtirganda, siydik yoʻllaridagi bakteriyalardan gaz hosil boʻlganda achish jarayoni oqibatida paydo boʻlishi mumkin.

Lipuriya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Lipuriya – siydikda yogʻ boʻlishi[14], bu, odatda siydik sathidagi yogʻning dogʻiga qarab aniqlanadi. Lipuriya naysimon suyaklarning koʻp sinishlari natijasida buyrak kapillyarlarining yogʻli emboliyasida, qandli diabetda kuzatiladi.

Xiluriya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xiluriya – siydikda limfa aralashmasi boʻlishi[15], bu vaqtda siydik quyuq sut rangida boʻladi. Xiluriya koʻpincha kosachalar yoki jom darajasida siydik yoʻllari va katta limfa tomirlari oʻrtasida aloqa (oqma) paydo boʻlganda vujudga keladi. Bunday oqmalar yalligʻlanishda, oʻsma jarayonlarida, koʻkrak yoʻlini qisilishga olib boruvchi shikastlanishlarda roʻy berishi mumkin. Filyariatoz kasalligida bir vaqtning oʻzida siydik va limfa yoʻllari zararlanadi. Buning natijasida xiluriya kuzatilishi mumkin.

Gidatiduriya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gidatiduriya – (exinokokkuriya) siydikda mayda exinokokk pufakchalari boʻlishi[16]. Ular siydik yoʻllariga buyrakda yorilgan gidatid pufakchalaridan tushadi[17]. Bundan tashqari, siydikda yorilgan pufakchalardan qolgan poʻstlar topiladi. Siydik choʻkmasini mikroskopda koʻrilganda parazitning elementlari aniqlanadi. Aktinomikozda aktinomitsetning qoldiqlari (druzlari) topiladi. Siydik va jinsiy aʼzolar shistosomozida shistosomozning maʼlum bir rivojlanish bosqichida ularning tuxumlari siydikda boʻlishi mumkin, bu esa shu kasallikning mutloq belgisi hisoblanadi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • ЭХИНОКОККОЗ ПОЧКИ, ОШИБОЧНО ПРИНЯТЫЙ ЗА КИСТОЗНУЮ ОПУХОЛЬ ПОЧКИ - © Р. Гандур, Ж. Нассар, М.Ж. Хижаз (2019-yil)
  • UROLOGIYA-FANI-BO’YICHA-OQUV-QO'LLANMA (2018-yil Andijon)