Payrov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Payrov — askiya sanʼatining eng ommaviy shakli, ijro uslubi. Unda ikki guruh ijrochi kelishilgan muayyan mavzu boʻyicha soʻz toʻqib, oʻzaro tortishadi; mavzuning maʼnolari oxirigacha yechilishi va ijrochilar mavzu doirasidan tashqariga chiqmasligi talab etiladi, bir-biriga javob qaytarganlarida fikr rivoji sezilib turishi lozim. Shiddat bilan, mazmunli qochirimli javob bergan tomon yutadi, sustkashlik qilgan, mavzudan tashqariga chiqqan yoki pala-partish, qoʻpol javob qilgan tomon yutqazadi. Askiya ishqibozlarining qizgʻin qahqahasi bilan gʻolib kelgan tomon olqishlanadi. P. mavzulari sonsanoqsiz: inson qayoti, xulq-atvori, uzaro munosabatlar, tabiat va jamiyat hodisalari, hayvonot va oʻsimlik dunyosi, mehnat turlari, kasb-hunar, qishloq xoʻjaligi va sanoat koʻrinishlari, taʼlim, tibbiyot, ilm-fan, sanʼat va adabiyot, bola tarbiyasi va boshqa P. askiyachidan ham bilim, ham badihagoʻylik, ham moqir ijrochilik talab qiladi. P., asosan, ogʻzaki ijod mahsuli. Tajribali askiyachilar muayyan mavzularni oldindan mashq qilib, pishitib yuradilar.

P., asosan, Fargʻona vodiysi va Toshkentda 18-asrdan tarqalgan va kundankunga rivoj topib, ommalashib bormoqda. Dehqon yuzboshi, Gʻoyib ota Toshmatov, Joʻraxon Sultanov, Gʻanijon Toshmatov, Gʻulomjon Roʻziboyev, Abdulhay Qozoqov kabi P. va askiya ustalari tanilgan. Ularning P.dagi tajribasi, anʼanalarini aka-uka Zaynobiddin va Madamin Yusupovlar, Joʻraxon Poʻlatov, Mamasiddiq Shirayev, Hasanboy Sultonov, Yoʻldoshxon Nosirov, Neʼmatjon Toshmatov, Mansurjon Oxunov, Muhiddin qizik Darveshov va boshqa davom ettirib keldilar. P. katta konsert dasturlaridan, Oʻzbekiston mustaqilligi va Navroʻz bayramiga bagʻishlangan maydon tomoshalaridan oʻrin olib, eng yaxshi namunalari radio va televideniye orqali targʻib etilmoqda.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Muhammadiyev R., Askiya, T., 1962; Qodirov M., Tomosha sanʼati oʻtmishidan lavhalar, T., 1993.

Muhsin Qodirov.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil