Katta ashula

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Patnusaki ashuladan yoʻnaltirildi)

Katta ashula, patnusaki (patnis) ashula — Fargona vodiysiga xos boʻlgan oʻzbek anʼanaviy ashula yoʻli. Odatda, 2—5 hamnafas ashulachi (hofiz) tomonidan cholgʻu joʻrligisiz (qoʻllariga patnis yoki likobcha ushlagan holda) aytiladi. Koʻpincha yuqori pardalarda va keng nafasda ijro etilib, oʻziga xos murakkab ijro uslubi bilan ajralib turadi. Katta ashula qadimiy marosim va mehnat qushiqlari, marsiya, navha, ayolgʻu qoʻshiqlari hamda aruz vaznidagi gʻazallarning qad. oʻqilish uslublari zaminida vujudga kelgan. Katta ashula, odatda, katta yigʻin, sayil va toʻy-tomoshalarda aytilgan. Uning oʻtmishdagi namunalarida lirik va nasihatomuz gʻazallar bilan bir qatorda diniy, tasavvuf yoʻnalishidagi sheʼrlar ham kuylangan. Navoiy, Lutfiy, Mashrab, Xaziniy, Muqimiy, Furqat, Zavqiy, Miskin va boshqalarning gʻazallari Katta ashula janridan alohida oʻrin olgan. Xalq orasida "Doʻstlar" (Navoiy), "Koʻp erdi", "Yolgʻiz", "Adashganman" (Muqimiy), "Oh kim, rahm aylamas" (Furqat), "Bir kelsun", "Ey, dilbari jononim" (Miskin) kabi Katta ashulalar keng tarqalgan. Habibiy, Chustiy, Kamtar, Charxiy, Sobir Abdulla, Akmal Poʻlat, Vosit Saʼdulla, Nasimiy, Erkin Vohidov, Oʻtkir Rashid va boshqalarning sheʼrlari ham Katta ashulada sevib ijro etiladi.

Katta ashula ijrochiligida badiha uslubidan keng foydalaniladi. Bu esa undagi nutqdosh va ohangdor tuzilmalar birbiriga mukammal va uzviy bogʻlanishini taʼminlaydi, ashulani rang-barang musiqa bezaklari bilan boyitadi, turli avjlar qoʻllanishiga olib keladi. Katta ashula ijrochisi anʼanaviy "ustoz-shogird" maktabini oʻtgan, sheʼriyat qonunlari va ijrochilik anʼanalariga tayangan, keng diapazonli, baland ovozga va mahoratga ega boʻlishi lozim. Hofizlar, odatda, sheʼr bandidagi boshlangʻich misralarning har birini galma-gal, soʻnggi misralarni joʻr boʻlib ijro etadilar. 20-asr ning 2-yarmida Katta ashulaning yangi ashula-cholgʻu yoʻllari, yakkaxon hofizga moʻljallangan turlari yuzaga keldi. Mazkur namunalarda cholgʻu ansambli hamnafas hofiz vazifasini bajargan, ijroda erkin uslub saqlanib qolgan. Katta ashulaning bu uslubi Joʻraxon Sultonov tomonidan yaratilgan ("Ey dilbari jononim", "Ohkim", "Topmadim", "Guluzorim qani", "Mehnat axli", "Oʻzbekiston" va boshqalar). Ayrim maqom shoʻʼbalari ("Bayot", "Chorgoh", "Ushshoq") ham Katta ashula ("yovvoyi maqom") uslubida aytilgan (mas, "Yovvoyi Ushshoq", "Patnusaki Chorgoh", "Likobi Bayot" va boshqalar). Mohir sozandalar Katta ashulaning cholgʻu (nay, surnay, gʻijjak) yoʻllarini yaratdilar. Rivojlanish mobaynida Katta ashula ijrochilik (Qoʻqon, Margʻilon, Toshkent, Namangan — Andijon) maktablari shakllangan. Erkaqori Karimov, Sherqoʻzi Boyqoʻziyev, Haydarali Hikmatov, Meliqoʻzi Yusupov, Oʻtimboy Sarimsoqov, Turdiali Ergashev, Otamirza Abdurahmonov (Qoʻqon), Mamatbuva Sattorov, Joʻraxon Sultonov, Maʼmurjon Uzoqov, Boltaboy Rajabov, Ibrohim Ishokov, Musajon Orifjonov (Margʻilon), Orif Alimahsumov, Ortiqxoʻja Imomxoʻjayev, Akbar Haydarov, Eshmat Haydarov, Ochilxon Otaxonov (Toshkent), Fattohxon Mamadaliyev, Odiljon Yusupov, Joʻraxon Yusupov (Andijon), Hamroqulqori Toʻraqulov (Beshariq), Rasulqori Mamadaliyev (Buvayda), Solijon Hoshimov (Quvasoy) va boshqa Katta ashula ijrochiligida shuhrat qozongan. Halima Nosirova, Munojot Yoʻlchiyeva, Ismoil va Isroil Vahobovlar, Mahmud Tojiboyev, Mahmud Yoʻldoshevlar ham Katta ashulani mahorat bilan ijro etmoqdalar. 1984-yildan OʻzRda Katta ashulachilarning koʻriktanlovlari (Margʻilon, 1984; Toshkent, 1987; Koʻqon, 1991; Shahrisabz, 1994) oʻtkazilmokda. Katta ashula ijrochilik yoʻllari anʼanaviy mahorat maktablari (Baliqchi, Buvayda) va musiqa oʻquv yurtlari (Fargʻona sanʼat bilim yurti, Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi)da oʻzlashtirib kelingan. 2001-yil Andijonda 1- Respublika professional Katta ashula ijrochilari tanlovi va ilmiy-amaliy (Toshkent, Andijon) konferensiyalari oʻtkazildi. Katta ashula bastakor (F. Sodiqov, "Oʻzbekiston", "Toʻy muborak"; M. Murtozoyev, "Sogʻinish" va boshqalar) va kompozitorlar (V. Uspenskiy, "Lirik poema"; M. Tojiyev, 3-simfoniya; M. Bafoyev, Xalq cholgʻulari orkestri uchun konsert; B. Umidjonov, a kapella uchun "Chorgoh")ning ijodlariga ozuqa boʻlmoqda.

Rustam Abdullayev.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil