Habiba Oxunova

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Oxunova Habiba Xo'janovnadan yoʻnaltirildi)
Habiba Oxunova
Tavalludi 10-yanvar 1943-yil
Vafoti 22-sentyabr 1994-yil(1994-09-22)
(51 yoshda)
Namangan
Unvoni

Habiba Xoʻjanovna Oxunova (1943-yil 10-yanvar, Asaka shahri – 1994-yil 22-sentyabr, Namangan) – oʻzbek qoʻshiqchisi (lirik dramatik soprano) va aktrisa. Habiba Oxunova Oʻzbekiston xalq artisti (1975).

Biografiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Habiba Oxunova 1943-yil 10-yanvar kuni Andijon viloyatining Asaka shahrida dunyoga kelgan.

Habiba Oxunova Asakadagi 56-maktabda tahsil olgan. Sanʼatga oʻquvchilik davrlarida qiziqa boshlagan. Yoshligidan har-xil koʻrik tanlovlarda qoʻshiq aytib, raqsga tushib faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritgan. 1959-yil 16 yoshli Habiba Oxinova Andijon viloyat teatrining oʻsha paytdagi rahbarlari Oʻzbekiston respublikasi sanʼat arbobi Muqimjon Habibov va Abbosxon Bakirovning eʼtiboriga tushadi va viloyat teatriga raqqosa va aktrisa sifatida ishga qabul qilinadi.

Habiba Oxunova 1928-yili Andijon teatrida Tamaraxonim, Lutfixonim Sarimsoqova, Murod Qoʻldoshev, Soyib Xoʻjayevlar bilan birga ishlagan[1]. Habiba Oxunova Mashrab Yunusov, Aysar Ibrohimov, Qosimjon Ohunov, Qamara Burnasheva, Aziza Aminova, Gʻulomjon Hojiqulovlarni ustoz sifatida koʻrgan.

Habiba Oxunova 1963-yili Namangan teatriga ishga taklif qilinadi va u yerda 1994-yilgacha aktrisa va xonanda sifatida faoliyat yuritadi. Teatrda Mukarrama Azizova, Muhriddin Mansurov, Karim Mansurov, Mamatxon Ubaydullayev, Oʻrinboy Nuraliyev, Mahmudjon Isomiddinov, Tursunoy Mamedova va Kamoliddin Rahimov bilan birga faoliyat koʻrsatgan.

1976-yili Saida Zunnunova 50 yoshni qarshilagani munosabati bilan adabiy kechalar, kitobxonlar anjumanlari, kitob koʻrgazmalari va uchrashuvlar, tadbir kechalari oʻtkazilga va Habiba Ohunova yakuniy kechaga Andijonga taklif qilingan. Oxunova betob boʻlishiga qaramay kechaga borgan va qoʻshiq ijro qilgan[1].

Habiba Oxunova D.Fayziyning „Zarafshon qizi“ spektaklida Kumush, Xurshidning „Layli va Majnun“, „Farhod va Shirin“ spektakllarda Layli va Shirin, Uygʻun, I.Sultonning „Alisher Navoiy“ asarida Guli, K.Yashinning „Gulsara“sida Gulsara, A.Tursunning „Mashrab“ spektaklida Gulruh, Gʻ.Zafariyning „Halima“ spektaklida Halima, Y.Mirzoning „Anvar ila Raʼno“ asarida Raʼno va William Shakespearening, „Otello“, „Hamlet“ asarlarida Dezdemona va Ofeliya hamda S.Abdullaning „Alpomish“ spektaklida Barchinoy kabi rollari bilan tanilgan. Habiba Oxunova lirik-dramatik obrazlarning mohir ijrochisi boʻlib, uning ijodi qahramonning ruhiy holatini, alam va oʻkinch hislari, iztiroblarini tomoshabinga dramatik oʻrtanishlarda, chuqur insoniy dard bilan yetkazib beri-shi bilan ajralib turadi. Shuningdek, Habiba Oxunovaning „Alla“, „Koʻngil“, „Koʻrmagan boʻlsam seni“, „Odob bilan“, „Kurkam Vatanim“, „Nay navosi“, „Oshnoliging“, „Barno yigit“, „Sabo bilan“, „Oʻzing“ hamda „Nay deb“ singari qoʻshiklari, „Ushshoq“, „Taronai bayot“ maqom yoʻllari el orasida mashhur. Shuningdek, Habiba Oxunova „Gunoh“ filmida ona rolini ijro etgan.

Habiba Oxunova uch farzand dunyoga keltirgan[1].

Habiba Oxunova 1994-yil 22-sentyabr sanasida, 52 yoshida Namanganda vafot etgan.

Mukofot va unvonlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Habiba Oxunova 1975-yili 32 yoshida „Oʻzbekiston xalq artisti“ unvoni bilan taqdirlangan.

Xotirasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Namangan shahri madaniyat saroyiga Habiba Oxunova nomi berilgan. Habiba Oxunova vafotidan soʻng uning nomi bilan yuritiladigan Respublikada „Alla“ koʻrik-tanlovi oʻtkaziladi[2].

Qoʻshiqlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Alla“, „Sabo bilan“, „Koʻrkim vatan“, „Barno yigit“, „Koʻngil“, „Namangan“.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 1,2 Mahmudov, Avazbek. Andijon san'ati fidoiylari, To'ldirilgan 2-nashr, Akademnashr, 2018 — 82-87 bet. ISBN 978-9943-5226-4-0. 2-iyun 2023-yilda qaraldi. 
  2. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Yusupov., Yoʻllaringning hiloli boʻlay, T., 2001.