Kontent qismiga oʻtish

Otrok

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Otrok (yoki Atrak) XII asr kuman-qipchoq sardori (xon) boʻlib, u Kiyev Rusi bilan boʻlgan urushlarda qatnashgan va keyinchalik Gruziya qirolligi xizmatiga oʻtgan. U qipchoq qabilalar konfederatsiyasidagi hukmron sulolalardan biri boʻlgan, ruslar orasida „Yovvoyi kumanlar“ nomi bilan tanilgan Saruxoniylar aʼzosi edi[1].

Otrok, Gruziyada Atraka, Sharagan (yaʼni, Sharukan)ning oʻgʻli sifatida tanilgan, ruslarning buyuk knyazi Vladimir II Monomaxning 1109-yildagi gʻalabalaridan soʻng, taxminan 40 ming tarafdori bilan Gruziyaga qochib borgan, choʻqintirilgan va taxminan 1118-yilda gruzin podshosi Dovud IV xizmatiga kirgan. Gruzin-qipchoq ittifoqi Dovudning avvalgi nikohi orqali mustahkamlanadi, U xonning qiziga uylanadi, choʻqintirilgach Guranduxt ismini oladi (uning asl turkiy ismi nomaʼlum). Otrokning qipchoq askarlari Dovudga saljuq turklariga qarshi kurashda yordam berdi va 1121-yilda Didgori jangidagi gruzin gʻalabasiga hissa qoʻshdi[1]. Otrokning 40 ming kumani Gruziyani mintaqadagi eng qudratli qirollikka aylantirishga yordam bergan[2].

Sharqiy slavyan yilnomasi Ipatyev toʻplamidagi bir parchada hikoya qilinishicha, Vladimir Monomax vafotidan (1125) soʻng Otrokning Don yaqinida yashagan ukasi Sırchanning elchisi, Ör ismli baxshi kelib, uni qaytishga undaydi. Örning undovlari va qoʻshiqlari hech qanday taʼsir koʻrsatmaydi, toki u vatandagi dashtning oʻti boʻlgan yavshanni olib kelmaguncha. Shundan soʻng, Otrok koʻziga yosh olib, „begona yurt“da qoʻlga kiritgan tinchlik va shuhratdan voz kechishga va dashtga qaytishga qaror qiladi, U yerda keyinchalik Kiyev knyazlarining eng mashhur dushmanlaridan biriga aylangan oʻgʻli Könchek dunyoga keladi (uni XIV asr Chigʻatoy xoni Könchek bilan adashtirmaslik kerak)[1][3][2].

  1. 1,0 1,1 1,2 Anatoly Michailovich Khazanov, André Wink (2001), Nomads in the Sedentary World, pp. 46-8. Routledge, ISBN 0-7007-1369-7.
  2. 2,0 2,1 Denis Sinor (1990), The Cambridge History of Early Inner Asia, pp. 181,280. Cambridge University Press, ISBN 0-521-24304-1.
  3. Gerard Chaliand (2003), Nomadic Empires: From Mongolia to the Danube, p. 52. Transaction Publishers, ISBN 0-7658-0062-4.