Issiq elitishi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Organizmning qizishidan yoʻnaltirildi)

Issiq elitishi - tashqi muhitning yuqori temperaturasi taʼsirida badanning qizib ketishidan kelib chikadigan kasallik. yozda, saratonda yoki is-siq binoda uzok, ishlaganda I. e. mumkin. Ter bezlarining sust ishlashi, organizmning suvsizlanishi, suv ichish maromini buzish va b. sabablar bilan ter chiqmasligi yoki havoning juda nam boʻlishi, namni oʻtkazmaydigan kiyim kiyish va sh. k. natijasida badandan ter bemalol bugʻlanib ketmasligidan boʻladi (qarang Termoregulyasiya). Issiqqa har kim har xil chidaydi, buning ustiga biror kasallik bilan ogʻrib oʻtishdan keyin, ich ketganda, bezgak tutganda, spirtli ichimliklar ichganda va shunga oʻxshash hollarda odamning issiqqa chidami oʻzgarishi mumkin. Qalqonsimon bez, yurak-tomir kasalliklari boʻlgan, semirib ketgan kishilar boshqa kishilarga nisbatan tezroq qiziydi. Ayniqsa, yangi tugʻilgan va goʻdak bolalar salga qizib ketadi. Organizm qizib ketganda gavda temperaturasi avvaliga sekinlik bilan koʻtariladi, keyin tobora tez oshadi. Odam gavdasi qizib ketganda darmoni qurib, baʼzan boshi aylanadi. Zoʻr berib terlash natijasida organizmdan koʻp suv va tuz chiqib ketadi. Toʻqimalarda suv kamayishi tufayli ter va siydik kam chiqadi, qon quyuklashib, tomirlarda qon harakati qiyinlashadi, toʻqimalar kislorodga yolchimaydi, shuning oqibatida bosh miya faoliyati buziladi. I. e. toʻsatdan boshlanadi: gavda temperaturasi 42—43° gacha koʻtariladi, bosh, orqa, oyoklar ogʻriydi, baʼzan koʻngil aynib, odam qusadi, ich ketadi, yuz qizaradi va kerkadi, nafas olish va tomir urishi tezlashadi. Issiq qattiq elitganda hushsizlik, tirishish hollari kuzatiladi, koʻz qorachiqlari kengayadi, ular yorugʻdan taʼsirlanmaydi, badan koʻkarib qoladi, baʼzan talvasa tutadi. Tez yordam: issiq elitgan kishini salqin joyga yotqizib, kiyimini yechish, badaniga sovuq suv sepib, orom berish, fiziologik eritma quyish, sunʼiy nafas oldirish, kislorodga yolchitish, yurak faoliyatini yaxshilaydigan dorilar berish va darhol vrachga murojaat qilish zarur (yana qaranf Oftob urishi). Oldini olish: issiq binolarni shamollatish (ventilyasiya yoki konditsioner yordamida), yengil kiyim kiyish, ustdan sovuq suv quyib, tanani savitish, issiq sexda ishlaganda gazli shoʻrtang suv yoki meva sharbati, ayniqsa olcha suvi ichish kerak. Suv ichish rejimiga rioya qilinsa va ter bemalol bugʻlanib tursa, odam 50—60° temperatura chidaydi (organizmga ziyon yetmaydi). Issiq iqdimga yoki issiq joyda ishlashga asta-sekin moslashuv (adaptatsiya) ning ahamiyati katta. [1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil