Hamid Orasli

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Orasli Hamid Muhammadtagʻi oʻgʻli (1909.23.2, Ganja - 1983.21.11, Boku) — ozarbayjon adabiyotshunosi. Ozarbayjon Fanlar akademiyasi akademik (1968), Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi (1968), filol. fanlari doktori (1954), professor (1955). Ozarbayjon pedagogika institutining Til va adabiyot fakultetini tugatgan (1931). Ozarbayjon Fanlar akademiyasi Adabiyot va til institutida boʻlim mudiri (1938—65), Nizomiy nomidagi Adabiyot muzeyi direktori (1950—68).

O.ning asosiy ilmiy faoliyati Nizomiy va Fuzuliylarning hayoti, ijodining gʻoyaviy-badiiy xususiyatlari, Sharq adabiyotida tutgan oʻrinlariga bagʻishlangan. O.ning ilmiy merosi bir adabiyot doirasida boʻlmay, boshqa xalqlar adabiyoti, xususan, oʻzbek, turk, eron, arab, turkman, gruzin xalklari adabiyotlari oʻrtasidagi koʻp asrli aloqalar hamda ularning ichki rivojlanish qonuniyatlarini ochib berishga koʻmaklashadi. O. Alisher Navoiy tavalludining 500 yilligiga tayyorgarlik ishlari munosabati bilan 1939-yilda birinchi marta Toshkentga kelgan. Keyinchalik, 60—70-yillarda Oʻzbekistonda oʻtkazilgan navoiyxonlik va navoiyshunoslik anjumanlarida faol ishtirok etib, Navoiy hayoti va ijodi haqidagi ozarbayjon, oʻzbek va rus tillarida yozgan maqola va maʼruzalari bilan ulugʻ oʻzbek shoiri va mutafakkirining boy adabiy hamda ilmiy merosining kam oʻrganilgan muammolarini ilmiy asoslarda yoritib berish va ushbu merosni Kavkaz, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mamlakatlarida oʻrganish va targʻib etishda fidoyilik koʻrsatgan.

O. xalq ogʻzaki ijodining ham yirik tadqiqotchilaridan. Uning "Kitobi dadam Qoʻrqut", "Koʻroʻgʻli" dostoni haqidagi tadqiqotlari, "Ashuʼ ijodiyoti" monografiyasi (I960) boshqa turkiy xalqlar, jumladan, oʻzbek folklori namunalarini oʻrganishda muayyan ahamiyatga ega.

Abduqodir Hayitmetov.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil