Oqkarrak

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oqkarrak (Onopordum L.) — murakkabguldoshlar oilasiga mansub ikki yillik begona oʻt. Oʻzbekistonda O.ning oddiy O. (O. acanthium L.), olga O.gi (O. olgae Rgl.) turlari uchraydi. Poyasi sershox, tik usadi, boʻyi 80—120 sm. Ildizi yoʻgʻon, oʻqildiz. Ildiz boʻgʻzidagi barglari choʻziq-tuxumsimon, asosiy barglari namatsimon, chetlari tikanli, arratishli, navbatma-navbat joylashgan. Gullari toʻq qizil, savatchalari shoxchalarining uchida 1—3 tadan, bandsiz toʻpgul hosil qiladi. Mevasi — kulrang yoki jigarrang urugʻcha. Iyun — sentabrda gullaydi va mevalaydi. Urugʻidan koʻpayadi. Urugʻlari 20—25° haroratda unib chiqadi. Oʻrta Osiyoda keng tarqalgan. Asosan lalmi sugʻoriladigan ekinlar orasida, tashlandiq yerlar, yoʻl yoqalari, ariqkanal boʻylari, bogʻ va tokzorlarda uchraydi.

Kurash choralari: yerni chuqur haydash, gʻallazorlarni 2,4=D preparatlari bilan dorilash.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil