Oq bulut

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
„Oq bulut“
Kumush Razzoqova va Javlon Toʻxtayev qoʻshigʻi
Chiqarilgan sanasi 1984
Yozib olingan 1983
Janr estrada
Davomiyligi 3:35
Matn muallif(lar)i Ilya Reznik (ruscha)
Yodgor Obidov (oʻzbekcha)
Bastakor(lar) Farruh Zokirov

Oq bulut“ — oʻzbek xonandalari Kumush Razzoqova va Javlon Toʻxtayev ijro etgan qoʻshiq. Qoʻshiqni 1983-yil Ilya Reznik rus tilida yozgan sheʼrga „Yalla“ guruhi solisti Farruh Zokirov bastalagan. Ruscha matnni Yodgor Obidov oʻzbek tiliga oʻgirgan. Dastlab tarona 1984-yil „Vodillik kelin“ (ruscha: Невеста из Вуадиля) filmi saundtregi uchun ikki tilda — rus va oʻzbek tillarida kuylangan. Oʻzbek tilidagi variant Razzoqova bilan „Yalla“ gitarachi Toʻxtayev ijrosida kuylangan boʻlsa, rus tilidagi variant rejissyor Ali Hamroyev taklifiga koʻra Nargiza Zokirova tomonidan ijro etilgan[1]. Ruscha versiya nomi — „Chto takoye oblaka“ (ruscha: Что такое облака?). Oʻzbekcha versiyaning Razzoqova Kozim Qayumov bilan ijro etgan versiyasi ham mavjud[manba kerak].

„Oq bulut“ qoʻshigʻi eʼlon qilinishi ortidan Oʻzbekistonda va qoʻshni mamlakatlarda xitga aylangan. Taronani bugunga qadar bir necha xonanda, jumladan, Yodgor Mirzajonov va Nargiza Abdullayeva kaver qilgan.

Yaratilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qoʻshiq Ali Hamroyev rejissyorligi ostida suratga olingan „Vodillik kelin“ (ruscha: Невеста из Вуадиля) filmi uchun 1983-yilda yozilgan. Qoʻshiq „Sado“ ansambli studiyasida yozib olingan. Mazkur film uchun „Oq bulut“ qoʻshigʻidan tashqari Kumush Razzoqovaning „Unutma meni“ taronasi ham yaratilgan. Filmdagi barcha qoʻshiqlar „Yalla“ guruhi aʼzosi Farruh Zokirov tomonidan bastalangan. Qoʻshiq aranjirovkasi Rustam Ilyasovga tegishli.

Qoʻshiq soʻzlari rus shoiri Ilya Reznik qalamiga mansub. Qoʻshiq matni dastlab rus tilida yozilgani boisdan, uni shoir va tarjimon Yodgor Obidov oʻzbek tiliga oʻgirgan. Obidov izni bilan Razzoqova matnga ayrim oʻzgartirishlarni kiritgan. Qoʻshiq matnini tanqidchilar ijobiy baholagan[2]. Film Oʻzbekistonda kinoteatrlarida 1986-yil oʻzbekcha dublyaj bilan namoyish qilingan. Shuning uchun Spotify saytida qoʻshiq 1986-yilda eʼlon qilingani eʼtirof etilgan[3].

Kaverlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Oq bulut“ qoʻshigʻini bugunga qadar bir necha xonanda, jumladan, Yodgor Mirzajonov va Nargiza Abdullayeva kaver qilgan. „Cover-up“[izoh 1] koʻrsatuvining 2019-yilgi 10-sonida Kumush Razzoqova qoʻshiqlari, jumladan, „Oq bulut“ kompozitsiyasi kaver tarzida kuylangan. Kaverni ishtirokchi Amir Xatamov ijro etgan. Razzoqova uning ijrosini yuqori baholagan va koʻrsatuv yakunida ikki xonanda taronani hamkorlikda kuylagan[4].

Izohlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Koʻrsatuv ijodkorlari „cover-up“ soʻzi ingliz tilida 1) biror narsani, ayniqsa nojoʻya ish yoki xatoni yashirish urinishini yoki 2) suvdan chiqqanda choʻmilish kiyimi ustidan tashlab olinadigan ust-boshni anglatishidan bexabar boʻlgani uchun koʻrsatuvni shunday nomlagan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]