Kandidamikoz

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Ogʻiz Oqarishidan yoʻnaltirildi)
Jump to navigation Jump to search

Kandidamikoz, kandidoz (Candida — achitqisimon zamburugʻ turkumining lot. nomi va yun. mycos — zamburugʻ), ogʻiz oqarishi, yelikish — odam va hayvonlarda uchraydigan mikoz kasalligi; asosan achitqisimon (Candida) zamburugʻlar qoʻzgʻatadi. Bunda teri, shilliq qavat, baʼzan ichki aʼzolar zararlanadi. Koʻproq bolalar va keksalarda kuzatiladi. Juda qadim zamonlardayoq yosh bolalar, xususan, chaqaloqlar hamda majolsiz bemorlarda kuzatiladigan mogʻor deb nomlangan til oqarishi maʼlum boʻlgan. Kandida zamburugʻlari tabiatda keng tarqalgan; xususan, oʻsimliklar, meva va sabzavotlarda, shuningdek, qandli mevalarda yashaydi; ular odam va hayvonlarning terisi hamda ogʻiz boʻshligʻida, ichak, nafas va tugʻruq yoʻllarining shilliq qavatlarida har doim boʻladi. Kandida zamburugʻi yangi tugʻilgan bolaning terisi va shilliq qavatiga tugʻruq yoʻllaridayoq tushadi va bir umr u bilan birga yashaydi. Baʼzi hollarda organizmning himoya kuchlarini pasaytiruvchi ogʻir kasalliklar (sil, qon kasalligi, dizenteriya, terlama va boshqalar) oqibatida, shuningdek, kishi antibiotiklar bilan tartibsiz davolanganda organizmdagi mikroorganizmlarning biologik muvozanati buzilib, kasallik paydo qiladi. Bunday hollarda hamda uzoq betob yotgan kishilarda ogʻiz boʻshligʻi shilliq qavatida oqarish vujudga keladi, til, tanglay va milkda oson koʻchadigan oq karashlar paydo boʻlib, ular ovqat yeganda ogʻriydi.

Olib qoʻyiladigan tish protezi taqadigan keksalarda (koʻpincha ayollarda) baʼzan ogʻiz burchaklari terisi shilinib yoriladi; bunda Kandida zamburugʻining koʻpayishi uchun qulay sharoit tugʻiladi, aksari lab bichiladi (qarang Labbichilishi). Koʻpincha tirnoq bolishlari va milk kasallanadi; tirnoq gʻadir-budur, xira, moʻrt boʻlib qoladi, chetlari qayrilib, oʻrnidan koʻchadi; tirnoq bilan et orasiga yiring yigʻiladi, milki yalligʻlanadi, shishib, qalin tortadi. K. koʻpincha qinda paydo boʻladi. Bunda shilliq qavat oq karash bilan qoplanadi, suzmasimon chiqindi ajraladi, aksari qichishadi (qarang Vaginit). Bolalar va semiz kishilarning teri burmalari (barmoklar orasi, chov burmalari, ayollarda sut bezlari osti, orqa chiqaruv teshigi atrofi va boshqalar)da ham K. kuzatiladi (teri K.i). Shilliq qavat va teri K. i oʻz vaqtida davolanmasa, kasallik avj olib, ichki aʼzolarga ham oʻtib ketishi mumkin. Ichki aʼzolar K.ida oʻpka, meʼda-ichak yoʻli, siydik-tanosil, yurak-tomir sistemasi va boshqa aʼzolar zararlanishi mumkin. Bemor qancha barvaqt vrachga murojaat qilib, tegishli davo olsa, shuncha tez tuzalib ketadi. Kasallikning oldini olishda gigiyena qoidalariga rioya qilish va faqat vrach buyurgan dorilarni ichish muhim ahamiyatga ega.

Hayvonlarda ogʻiz boʻshligʻi, tomoq, oshqozon-ichak sistemasi shilliq pardalari, siydik yoʻllarining zararlanishi, ustki qismining oq qatlam qoplashi bilan kechadi. Zamburugʻlar ogʻiz va nafas yoʻllari shilliq pardasini, parda ostini zararlab, nekroz hosil qiladi. Zamburugʻ qon va limfa orqali butun organizmga tarqaladi va ichki organlarni zararlaydi.

Kasallik 6 oygacha boʻlgan buzoq, qoʻzi, chuchqa bolalari, koʻproq 3 oygacha boʻlgan joʻjalarda uchraydi. Shuningdek, moddalar almashinuvining buzilishi va avitaminoz natijasida kuchsizlangan katta yoshdagi hayvonlar ham kasallanadi. K. koʻp hollarda disbakterioz va ayrim yuqumli kasalliklar (sil)ni ogʻirlashtiradi. Kasallik manbai — kasal hayvon. K. paydo boʻlishiga hayvonlarni sifatsiz oziqlantirish, organizmning umumiy zaiflashuvi, uzoq muddat antibiotiklar bilan davolash sabab boʻladi.

K.ning yashirin davri 3—15 kun. Kasallangan joʻjalarda ishtaha yoʻqoladi, holsizlanadi, patlari toʻziydi, ichi ketadi, bir joyga toʻplanib turadi. Ularning jigʻildoni ushlab koʻrilganda qattiqlashgan va ogʻriqli boʻladi, ozuqani yutishi qiyinlashadi. Kasallangan joʻjalar 100% gacha nobud boʻladi. Qoʻzi, uloq, buzoq va choʻchqa bolalarida koʻzidan yosh oqadi, til, tanglay, tomoq va burun shilliq qavatida oqish-kulrang parda paydo boʻladi, uning tushib ketishi bilan oʻrnida yara hosil boʻladi.

Davolash : ozuqaga yoki qatiqqa nistatin sulfanilamid preparati (bir kg vaznga 10–100 mg miqdorida) qoʻshib beriladi.

Oldini o l ish : hayvonlarni zoogigiyena talablariga qatʼiy rioya etgan holda vitaminlarga boy ozuqalar bilan boqish. Kasallik aniklangandan soʻng kasal hayvonlar ajratiladi, molxonalar va jihozlar 1 %li kaustik soda yoki 2%li formalin eritmasi bilan dezinfeksiya qilinadi.

Saidqosim Arifov, Abdulla Kuranboyev.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil