Oftalmologiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oftalmologiya (oftalmo… va … logiya) — koʻzning normal holati va kasalliklarini oʻrganadigan fan. Klinik tibbiyotning bir boʻlimi.

Tarixi[tahrir]

Oftalmologiya fanining tarixi Ibn Sinodan boshlanadi. U yaratgan „Tib qonunlari“ kitobining 3-jildi koʻz va koʻz kasalliklariga bagʻishlangan. Oftalmologiya 17-asrda mustaqil fan sifatida rivojlana boshladi, koʻz tipik muhitlarining nur singdiruvchi xossalari (dioptrikasi) haqidagi tasavvur oʻsha vaqtda vujudga keldi, refraksiya anomaliyalarini tushunish va ularni koʻzoynak bilan tuzatishga shu tariqa asos solindi, koʻzning toʻr pardasi uning yorugʻlik sezuvchi qismi ekanligi, katarakta koʻz gavharining xira tortishidan iboratligi aniqlandi. 18-asr oxirida Oftalmologiya bilan, asosan, xirurglar shugʻullanishdi. 19-asrning 1-yarmida koʻzning, asosan, tashqi kasalliklari oʻrganildi va operatsiya texnikasi ishlab chiqildi, shu asrning 2-yarmida, oftalmoskop kashf etilgach, koʻz „tubi“ — toʻr pardasi va koʻrish nervi kasalliklari chuqurroq oʻrganila boshlandi. 19-asr oxirida bakteriologiya muvaffaqiyatlari tufayli bir qancha koʻz kasalliklarining yuqumli ekanligi aniqlandi. 20-asrda koʻzni tekshirishning nozik usullari taraqqiy topdi, jumladan, biomikroskopiya usullari (goniskopiya, tonografiya va boshqalar) joriy qilindi. Koʻzoynak optikasi muvaffaqiyatlarga erishdi.

Oʻzbekistonda[tahrir]

Oʻzbekistonda bu sohadagi tadqiqotlar 20-yillarda Oʻrta Osiyo universiteti tibbiyot fakulteti koʻz kasalliklari kafedrasida boshlandi. Keyinchalik ular respublikadagi tibbiyot institutlarining koʻz kasalliklari kafedralarida davom ettirildi. Oʻlka kasalliklari muammolari, brutsellyoz, leyshmanioz, terlama, bezgak va boshqa umumiy kasalliklarda koʻrish aʼzosining oʻzgarishi masalalari (P. F. Arxangelskiy, S. A. Popova, T. G. Ilina, M. H. Hamidova), Oʻzbekistonda Oftalmologiya sohasining ahvoli oʻrganildi. Koʻrish aʼzolarining ishlab chiqarish jarayoni bilan bogʻliq shikastlanishining oldini olish va davolash masalalari ishlab chiqildi (T. Yo. Qosimov, M. K. Komilov, X,. K. Hojimuhamedov, Q. A. Aslanova, T. U. Umarova), miya yalligʻlanishi — optoxiazmal leptomeningitda koʻzda sodir boʻladigan oʻzgarishlarni aniqlash va yangi davo usullarini topish (H. M. Komilov), nazla (koʻksuv, glaukoma) oqibatida koʻr boʻlib qolishni barvaqt aniqlash, davolash va oldini olishga doir tadqiqotlar oʻtkazildi (A. Yu. Yusupov, M. H. Hamidova, T. G. Ilina, K. K. Qodirova va boshqalar).

Hozirgi kunda[tahrir]

Oftalmologiya fani yutuqlari amaliyotda joriy etilishi tufayli Oʻzbekistonda oʻtkir epidemik konʼyunktivit epidemiyasi, traxoma (shilpiq) butunlay tugatildi. Koʻz qon tomiri kasalliklari, miopiya, gʻilaylik va boshqa kasalliklar muammolarini ilmiy asosda hal qilish ustida ilmiy ishlar olib borilmoqda (H. M. Komilov, Oftalmologiya G. Levchenko, B. Oftalmologiya Zohidov, F. Oftalmologiya Bahriddinova, A. A. Yusupov, R. Oftalmologiya Muhammadiyev, A. U. Zokirov, A. R. Xudoyberdiyev va boshqalar), koʻz mikroxirurgiyasi rivojlanmoqda, koʻzning turli kasalliklarini davolash uchun mahalliy xom ashyodan tayyorlangan yangi doridarmonlar qoʻllanilmoqda (N. M. Normatova, M. S. Krsimo-va, M. H.Karimova va b). Hozirgi Oʻzbekistondagi barcha tibbiyot institutlari kafedralari va ularning klinikalari, shuningdek, respublika oftalmologiya kasalxonasida Oftalmologiya sohasida ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda.[1]


Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil