Odam organizmining tuzilishi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Bu maqola vikilashtirilishi kerak.

nothumb

Iltimos, bu maqolani Vikipediya qoida va yoʻllanmalariga muvofiq tartibga keltiring.

Odam organizmining tuzilishi Odam organizmining tuzilishi haqida bir necha xil fikrlar mavjud: Mexanistik materializm organizmga aʼzolarning (D.Morgani), toʻqimalarning (K.Bisha) yoki hujayralarning (R.Virxov) yigʻindisi sifatida qaraydi. Nemis olimi R.Virxov organizmni hujayralarning fedarativ davlatiga oʻxshatadi va bunda har bir hujayra fedaratsiyasi alohida yashashi mumkin deydi. Organizmni ayrim qismlarini bunday ajratish metafizika, alohida hujayra qismlarini alohida yashay olish xususiyatini vitalizm (vita-hayot) deyiladi. Organizm bu oʻzini oʻragan tashqi muhit bilan modda almashinish, oʻsish va koʻpayish xususiyatiga ega boʻlgan yuqori tabaqadagi oqsil moddalarning murakkab yigʻindisidar. U tarixiy tuzilishga ega bir butun, har doim oʻzgarib turuvchi, oʻziga xos tuzilishga va taraqqiyotga ega tizimdir. Organizm maʼlum bir tashqi muhitning maʼlum bir sharoitlariga moslashgan holda yashaydi. Organizm- hujayralar, toʻqimalar, aʼzolar, suyuq moddalardan tuzilgan bir butun tizimdir. Organizmning tarkibiy qismlarini bir tomondan tomirlarda harakat qiluvchi suyuqlik (humor) bir-biriga bogʻlab tursa, ikkinchi tomondan nerv tizimi bir-biriga bogʻlaydi va ularning faoliyatini tartibga solib idora etadi. Hujayra- bu tirik organizmning elimentar zarrachasi boʻlib, hayotning asosiy xususiyatlari: koʻpayish, modda almashinish va boshqalar shu hujayralar tarkibiga kiruvchi oqsillar ishtirokida boʻladi. Hujayralar orasida hujayralararo modda joylashgan boʻlib, ular suyuq, liqildoq va zich holatdagi asosiy modda va turli tolalardan iborat. Hujayralar mikroskopik hosila boʻlib, uning kattaligi bir necha mikrondan 200 mkmgacha boʻladi. Hujayralar murakkab tuzilishga ega. Ular tsitoplazma qobigʻi, tsitoplazma va oʻzakdan tashkil topgan. Hujayra haqidagi toʻliq maʼlumot gistologiya fanida beriladi. Toʻqimalar- bu kelib chiqishi, tuzilishi va faoliyati jihatidan bir xil boʻlgan hujayra va hujayradan tashqari moddalarning tarixan tashkil topgan yigʻindisidan iborat. Organizmda 4 xil: epiteliy, biriktiruvchi, mushak va nerv toʻqima tafovut qilinadi. 1.Epiteliy toʻqimasi (textus epithelialis) bazal membranada yotgan hujayralar qatlamidan iborat boʻlib, uning ostida yumshoq tolali biriktiruvchi toʻqima joylashgan.Bu hujayralar tana yuzasi (teri) va shilliq pardalarni qoplab organizmni tashqi muhitdan ajratib himoya vazifasini bajaradi. Epiteliy ichki va tashqi sekretsiya bezlarini bez toʻqimasini ham hosil qiladi. Epiteliy bir qavatli va koʻp qavatli boʻladi. Bir qavatli epiteliy shakl jihatidan tsilindrik, kubsimon va yassi turlarga boʻlinadi. 2.Ichki muhit toʻqimasi (tayanch-trofik va himoya toʻqimalari, biriktiruvchi toʻqima) mezenximadan hosil boʻlib, uning tarkibiga qon, limfa va biriktiruvchi toʻqima kiradi. Biriktiruvchi toʻqima tuzilishi va faoliyati jihatidan turlicha. Ular hujayralar, kollogen, elastik, retikulyar tolalardan iborat hujayralararo modda va asosiy moddadan tashkil topgan. Biriktiruvchi toʻqimaga xususiy biriktiruvchi toʻqima, togʻay va suyak toʻqimalar kiradi. Xususiy biriktiruvchi toʻqima yumshoq va zich tolali biriktiruvchi toʻqimaga boʻlinadi. Biriktiruvchi toʻqima tayanch, himoya va trofik (oziqlantiruvchi) vazifalarni bajaradi. Yumshoq biriktiruvchi toʻqima tarkibida turli miqdorda hujayra elimentlari va asosiy moddada tartibsiz joylashgan tolalar boʻladi. Bu toʻqima koʻproq qon tomirlar atrofida joylashadi. Yogʻ toʻqima yumshoq tolali biriktiruvchi toʻqima hujayralari tsitoplazmasida yogʻ kiritmalari toʻplanishidan hosil boʻladi. Yogʻ toʻqimasi teri ostida, koʻproq qorinparda ostida, charvida va buyrak atrofida hosil boʻladi. Zich biriktiruvchi toʻqima shakllanmagan: koʻp sonli zich chatishgan tolalar va ular oʻrtasidagi oz sonli hujayra elimentlaridan tashkil topgan (terining toʻr qavati). Shakllangan zich biriktiruvchi toʻqima tolalari dasta shaklida maʼlum bir tartibda va yoʻnalishda joylashishi bilan farq qiladi (boylamlar, paylar). Togʻay toʻqima guruh shaklida joylashgan 2-3 ta togʻay hujayralari (xondrotsitlar) va gel shaklida joylashgan asosiy moddadan iborat. Togʻay toʻqima gialin va elastik togʻaylarga boʻlinadi. Gialin togʻay xira shisha koʻrinishida boʻlib, tashqi tomondan togʻay usti pardasi bilan qoplangan. Ular suyaklarning boʻgʻim togʻaylarini, qovurgʻalarning togʻay qismini, nafas yoʻllarining togʻayini hosil qiladi. Kollogen tolali togʻay toʻqima asosiy moddasida kollogen tolalar koʻp boʻlib, togʻayni mustahkamligini taʼminlaydi. Ular boʻgʻim ichi diski, menisklar va umurtqalararo diskning fibroz halqasini hosil qiladi. Elastik togʻay toʻqimaning asosiy moddasida koʻp sonli chatishgan elastik tolalar boʻlib, sariq rangga ega. Ular hiqildoq usti togʻayi va quloq suprasi togʻayini hosil qiladi. Suyak toʻqima oʻzining mexanik xususiyatlari bilan farq qiladi. U ossein tolalari va noorganik tuzlari boʻlgan ohaklangan hujayralararo modda ichida joylashgan suyak hujayralaridan tashkil topgan. Suyak toʻqima organizmdagi eng qattiq va pishiq toʻqimadir. 3.Mushak toʻqima (textus muscularis) odam organizmida harakatni vujudga keltiradi. U qisqaruvchi miofibrillardan tashkil topgan. Mushak toʻqima ikki: silliq va koʻndalang targʻil mushaklarga boʻlinadi. Silliq mushak toʻqima duk shaklidagi hujayralardan tashkil topgan boʻlib, qon tomirlar va naysimon ichi boʻsh aʼzolar (meʼda, ichaklar va boshqa) devorida uchraydi. Silliq mushaklarning qisqarishi ixtiyordan tashqari boʻlib, ularni vegetativ nerv tizimi innervatsiya qiladi. Koʻndalang targʻil mushaklar skelet mushaklarini va baʼzi bir ichki aʼzolar (til, halqum, qiziloʻngachning yuqori qismi) tarkibiga kiradi. Ular koʻp oʻzakli murakkab tuzilishga ega boʻlgan koʻndalang targʻil mushak tolalaridan iborat. Ularning qisqarishi odam ixtiyori bilan boshqariladi. 4.Nerv toʻqima (textus nevrosus) nerv hujayrasi va neyrogliyadan tashkil topgan. Nerv hujayrasi tana va turli uzunlikdagi oʻsimtalardan iborat boʻlib, neyron deb ataladi. Oʻsimtalarning uzuni bitta boʻlib neyrit yoki akson deyiladi. Uning uchi boshqa nerv hujayrasida, mushak tolalarida yoki bez aʼzolar toʻqimasida tugaydi. Akson boʻylab nerv impulslari ishchi aʼzolarga yoʻnaladi. Qisqa oʻsimtalari shoxlangan boʻlib, dendritlar deyiladi. Ularning uchlari taʼsirotni qabul qilib, hujayra tanasiga oʻtkazib beradi.