Ochiq jamiyat va uning dushmanlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Ochiq jamiyat va uning dushmanlari
Nomi

 The Open Society and Its Enemies

Asosiy mavzu

Tarixiychilik, Ochiq jamiyat

Janr

Esse (asar), Falsafa[1][2]

Muallif

Karl Raymund Popper

Nashriyot Routledge
Nashr etilgan mamlakat Buyuk Britaniya
Asar tili Ingliz tili
Nashr yili 1945

"Ochiq jamiyat va uning dushmanlari" (1945) Avstriyalik fan faylasufi Karl Raymund Popperning siyosiy falsafaga bag'ishlangan kitobi bo'lib, unda faylasuf o'zining "ochiq jamiyat" to'g'risidagi g'oyalarini, shuningdek, "uning dushmanlariga" nisbatan fikrlarini ilgari surgan. Kitobning asosiy g'oyasi tarixiy taraqqiyotning muqarrar ravishda yakka rivojlanish o'zanidan kechishini da'vo qiluvchi teleologik tarixiychilik (ing. "historicism") metodiga qarshi fikrlar atrofida aylanadi.

Muallif Platon, Gegel va Marksning ishlarni tanqid qiladi, ularning asarlarini teleologik tarixiychilik nazariyalari deb ataydi va ularni totalitarizmning mafkuraviy asosini yaratishda ayblaydi.

Asar mohiyati[tahrir]

Asarda Popper tarixiychilikni tanqid qiladi hamda ochiq jamiyat va liberal demokratiya qadriyatlarini himoya qilib chiqadi. Asarning birinchi jildiga "Platon jodusi" deb nom berilishi, Popperning qarashini, ya'ni asrlar davomida Platonning asarlarini tarjima va talqin qilgan ko'pchilik mutafakkirlarning Platonning buyukligi va takrorlanmas uslubidan sehrlanib qolganidan dalolat beradi. Bu ish bilan muallif ko'pchilik tarjimon va talqinchilarning Platonning siyosiy falsafasining maftunkor uslubi va ifoda san'atiga jodulanib, mazkur falsafaning o'ta xavfli totalitarizmga yo'naltiruvchi jihatlarini e'tiborsiz qoldirganligini ko'rsatmoqchi bo'ladi.

Popper Platonning ijtimoiy jarayonlar va noroziliklarning tahlilini olqishlaydi, uni buyuk sotsiolog deb ataydi, biroq uning yechimlarini inkor etadi. Bu Popperning Platon davrida endigina shakllanib kelayotgan Afina demokratiyasining gumanitar ideallarini o'zining ardoqli "ochiq jamiyatining" boshlang'ich kurtaklari deb hisoblashi bilan bog'liq. Platonning demokratiyaga nisbatan nafrati, deb yozadi Popper, "uni yolg'onchilikni, siyosiy mo'jizalarni, ta'qiqchi irimchilikni himoya qilishiga, haqiqatni yashirishiga va nihoyada zo'ravonlikka" olib keldi. Popperning fikricha, Platonning tarixiy g'oyalari liberal demokratiyalar olib kelishi mumkin bo'lgan o'zgarishlardan qo'rquv bilan harakatga keltirilgan. Oqsuyak va Afinaning bir vaqtlardagi diktatori Kritiasning qarindoshi sifatida Platon, Popperning nazdida, o'z zamondosh oligarxlariga nisbatan xayrixoh va omma vakiliga nisbatan bepisand bo'lgan. Popper, shuningdek, Platon o'zining shuhratparastligi qurboni bo'lgan, deb ham taxmin qiladi va bunga Platonning o'zini oliy faylasuf-podsho sifatida tasavvur qilganligi sabab bo'lgan.

Asarning ikkinchi jildi "Soxta-payg'ambarlar davri: Gegel, Marks va Yakun" deb nomlanadi. unda Popper Gegel va Marksni tanqid qiladi va ularning g'oyalarini Aristotelga taqaydi. Popper aynan Aristotel g'oyalarini XX asr totalitarizmining dastlabki kurtaklari sifatida ko'radi.[3]

Mazkur kitob rus tiliga 1992-yilda tarjima qilingan.[4] Kitobning ruscha nashriga so'zboshisida Popper yozadi:

Bu kitobni yozishga Gitlerning vatanim Avstriyaga bosqinini eshitgan kunim qaror qabul qildim [...]. Kitob natsizm va kommunizmga, shuningdek, 1939-yil pakti natijasida vaqtinchalik ittifoqchilarga aylangan Gitler va Stalinga qarshi qaratilgan.

Kitobda men tarix sahifalaridan gitlerizmning kelib chiqishiga sabablarni axtardim, buyuk faylasuf, sinflar to'g'risida so'z yuritgan dastlabki siyosiy mafkurashunos Platonning ta'limotiga murojaat qildim [...]. Stalin shaxsi esa meni yana Karl Marks falsafasini qayta ko'rib chiqishga undadi. Marksizmni tanqid qila turib, men qaysidir darajada o'zimni tanqid ostiga oldim, chunki yoshligimda bir qancha muddat davomida marksist, hattoki kommunist ham bo'lganman. (Lekin, bu ta'limotdan yuz o'girganimda hali 17 yoshga ham to'lmagan edim.)[5]

Mazkur asarning o'zbekcha tarjimasi hali yaratilmagan.

Kitobning qabul qilinishi va ta'siri[tahrir]

Karl Popper, 1987-04
Karl Popper. 1987-yil aprel.

Popperning mazkur kitobi Ikkinchi jahon urushidan keyingi G'arb liberal an'analarining eng ko'zga ko'ringan va kuchli himoyalaridan biri sifatida ardoqlanadi. Mashhur ingliz faylasufi, Nobel mukofoti sovrindori Bertran Rassel "Ochiq jamiyat va uning dushmanlari"ni "birinchi darajali ahamiyatga ega asar" va "demokratiyaning kuchli va zabardast himoyasi" deb atagan.[6] Jorj Soros tomonidan yaratilgan Ochiq Jamiyat Fondi o'z nomini ham, maqsad va dasturlari bilan ham Popperning kitobi oldida qarzdordir.[7]

Manbalar[tahrir]

  1. http://www.free-ebooks.net/ebook/The-Open-Society-and-Its-Enemies
  2. http://philpapers.org/rec/POPTOS-2
  3. https://books.google.com/?id=BzzJAwAAQBAJ&pg=PA65&dq=fascism+totalitarianism+%22I+now+proceed+to%22%22the+analysis+of+the+dependence+of+the+new+tribalism+or+totalitarianism+upon+the+doctrines+of+Hegel%22
  4. Поппер Карл Раймунд Открытое общество и его враги. Том 1 Чары Платона. Том 2 Время лжепророков: Гегель, Маркс и другие оракулы. Москва 1992.
  5. https://libking.ru/books/sci-/sci-philosophy/146896-karl-popper-otkrytoe-obshchestvo-i-ego-vragi.html
  6. arxiv nusxasi, archived from the original on 2015-01-15, https://web.archive.org/web/20150115204323/http://cw.routledge.com/textbooks/popper/works/open_society.html, qaraldi: 2020-12-16 
  7. Christian De Cock, Steffen Böhm (November 1, 2007). "Liberalist Fantasies: Žižek and the Impossibility of the Open Society". Organization. SAGE Publications. 14 (6). doi:10.1177/1350508407082264