Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Mamlakat: Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
bayroq prezidenti
Avvalgi nomi: Kommunistik partiya birinchi kotibi
Lavozimdagi ilk shaxs: Islom Karimov
Amaldagi shaxs: Shavkat Mirziyoyev
Tayinlanadi: umumxalq saylovda saylanadi
Rahbarlik qiladi: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni
Qarorgohi: Oqsaroy qarorgohi, Toshkent
Vakolat muddati: 7 yil
Sayt: president.uz

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti — Oʻzbekiston Respublikasida davlat va ijro etuvchi hokimiyat boshligʻi. Oʻzbekistonda prezidentlik lavozim sifatida 1990-yil 24-martda taʼsis etilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 106-moddasiga binoan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga 35 yoshdan kichik boʻlmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida 10 yil Oʻzbekiston hududida muqim yashayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi saylanishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi mamlakatning 18 yoshga toʻlgan fuqarolari umumiy, teng va toʻgʻridan toʻgʻri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berishi yoʻli bilan oʻtkaziladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 7 yil muddatga saylanadi. Prezidentni saylash tartibi „Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi toʻgʻrisida“gi qonun (1991-yil 18-noyabr) va uning yangi tahririda (2004-yil 3-dekabr) qabul qilingan tegishli moddalarida belgilangan.

Nomzodlarni saylash tartibi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod koʻrsatish huquqiga siyosiy partiyalar va bevosita fuqarolar egadirlar. Saylash huquqiga ega boʻlgan fuqaro yoki fuqarolar guruhi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod koʻrsatish uchun kamida 300 nafar saylovchidan iborat saylovchilar tashabbuskor guruhini tuzishi kerak. Prezidentlikka nomzodlar koʻrsatish saylovga 65 kun qolganda boshlanadi va 45 kun qolganda tugaydi. Nomzodlar koʻrsatish siyosiy partiyalarning yuqori organlari, shuningdek, saylovchilar tashabbuskor guruhi yigʻilishi tomonidan amalga oshiriladi. Prezident saylovida 2 ta nomzod ishtirok etgan taqdirda, ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning nisbiy koʻpchilik ovozini olgan nomzod saylangan deb hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida 2 tadan ortiq nomzod ishtirok etgan taqdirda, agar nomzodlarning hech biri ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar yarmidan koʻpining ovozini ololmagan boʻlsa, saylovchilarning ovozini eng koʻp olgan 2 nomzod ishtirokida takroriy ovoz berish oʻtkaziladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi yakunlari toʻgʻrisidagi axborot saylovdan keyin 10 kundan kechiktirmay Markaziy saylov komissiyasi tomonidan eʼlon qilinadi. Saylangan Prezident Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy Saylov komissiyasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi natijalari rasmiy tarzda eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kechi bilan 2 oy ichida Oliy Majlis yigʻilishida qasamyod qilgan paytdan boshlab oʻz lavozimiga kirishadi. Prezident quyidagicha qasamyod qiladi:

"Oʻzbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga, respublikaning Konstitutsiyasi va qonunlariga qatʼiy rioya etishga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga kafolat berishga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishga tantanali qasamyod qilaman"

.

Vakolatlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidentiga, Konstitutsiyaga muvofiq keng va xilma-xil vakolatlar berilgan. Bu vakolatlar davlat hayotining deyarli barcha sohalariga taalluqli boʻlib, mamlakat iqtisodiyoti va umuman jamiyat rivojlanishiga juda katta taʼsir oʻtkazadi[1].

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti:

1) fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishining kafilidir;

2) Oʻzbekiston Respublikasining suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligini muhofaza etish, milliy-davlat tuzilishi masalalariga doir qarorlarni amalga oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻradi;

3) mamlakat ichkarisida va xalqaro munosabatlarda Oʻzbekiston Respublikasi nomidan ish koʻradi;

4) muzokaralar olib boradi hamda Oʻzbekiston Respublikasining shartnoma va bitimlarini imzolaydi, respublika tomonidan tuzilgan shartnomalarga, bitimlarga va uning qabul qilingan majburiyatlariga rioya etilishini taʼminlaydi;

5) oʻz huzurida akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik hamda boshqa vakillarning ishonch va chaqiruv yorliqlarini qabul qiladi;

6) Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakillarini tayinlash uchun nomzodlarni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdim etadi;

7) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga mamlakat ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishning eng muhim masalalari yuzasidan murojaat qilish huquqiga ega;

8) respublika oliy hokimiyat va boshqaruv organlarining bahamjihat ishlashini taʼminlaydi; vazirliklar, davlat qoʻmitalari hamda davlat boshqaruvining boshqa organlarini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taqdimiga binoan tuzadi va tugatadi, shu masalalarga doir farmonlarni keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tasdigʻiga kiritadi;

9) Senat Raisi lavozimiga saylash uchun nomzodni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdim etadi;

10) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari koʻrib chiqishi va tasdiqlashi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini taqdim etadi hamda uni isteʼfoga chiqqanda, Bosh vazirga nisbatan bildirilgan ishonchsizlik votumi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tomonidan qabul qilinganda yoxud qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda lavozimidan ozod qiladi;

11) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aʼzolarini tasdiqlaydi va lavozimlaridan ozod qiladi;

12) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori va Hisob palatasi raisini tayinlaydi va ularni lavozimidan ozod qiladi, keyinchalik bu masalalarni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tasdigʻiga kiritadi;

13) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga Konstitutsiyaviy sud raisi va sudyalari, Oliy sud raisi va sudyalari, Oliy xoʻjalik sudi raisi va sudyalari, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining raisi lavozimlariga nomzodlarni taqdim etadi;

14) viloyat, tumanlararo, tuman, shahar, harbiy va xoʻjalik sudlarining sudyalarini tayinlaydi va lavozimlaridan ozod etadi; Oldingi tahrirga qarang.

15) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining taqdimiga binoan viloyatlar hokimlarini hamda Toshkent shahar hokimini qonunga muvofiq tayinlaydi hamda lavozimidan ozod etadi. Konstitutsiyani, qonunlarni buzgan yoki oʻz shaʼni va qadr-qimmatiga dogʻ tushiradigan xatti-harakat sodir etgan tuman va shahar hokimlarini Prezident oʻz qarori bilan lavozimidan ozod etishga haqli;

16) respublika davlat boshqaruvi organlarining va hokimlarning qabul qilgan hujjatlarini ular qonun hujjatlari normalariga nomuvofiq boʻlgan hollarda toʻxtatadi, bekor qiladi; Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi majlislarida raislik qilishga haqli;

17) Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarini imzolaydi va eʼlon qiladi; qonunga oʻz eʼtirozlarini ilova etib, uni takroran muhokama qilish va ovozga qoʻyish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qaytarishga haqli;

18) Oʻzbekiston Respublikasiga hujum qilinganda yoki tajovuzdan bir-birini mudofaa qilish yuzasidan tuzilgan shartnoma majburiyatlarini bajarish zaruriyati tugʻilganda urush holati eʼlon qiladi va qabul qilgan qarorini uch kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining tasdigʻiga kiritadi;

19) favqulodda vaziyatlar (real tashqi xavf, ommaviy tartibsizliklar, yirik halokat, tabiiy ofat, epidemiyalar) yuz bergan taqdirda fuqarolarning xavfsizligini taʼminlashni koʻzlab, Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning ayrim joylarida favqulodda holat joriy etadi va qabul qilgan qarorini uch kun ichida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tasdigʻiga kiritadi. Favqulodda holat joriy etish shartlari va tartibi qonun bilan belgilanadi;

20) Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Oliy Bosh qoʻmondoni hisoblanadi, Qurolli Kuchlarning oliy qoʻmondonlarini tayinlaydi va vazifasidan ozod qiladi, oliy harbiy unvonlar beradi;

21) Oʻzbekiston Respublikasining ordenlari, medallari va yorligʻi bilan mukofotlaydi, Oʻzbekiston Respublikasining malakaviy va faxriy unvonlarini beradi;

22) Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligiga va siyosiy boshpana berishga oid masalalarni hal etadi;

23) amnistiya toʻgʻrisidagi hujjatlarni qabul qilish haqida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdimnoma kiritadi va Oʻzbekiston Respublikasining sudlari tomonidan hukm qilingan shaxslarni afv etadi;

24) Milliy xavfsizlik xizmati raisini tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi, keyinchalik shu masalalarga doir farmonlarni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tasdigʻiga kiritadi;

25) ushbu Konstitutsiya va Oʻzbekiston Respublikasining qonunlarida nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi. Prezident oʻz vakolatlarini bajarishni davlat idoralariga yoki mansabdor shaxslarga topshirishga haqli emas.

Prezidentning shaxsi daxlsizdir va "Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti faoliyatining asosiy kafolatlari toʻgʻrisida"gi qonun (2003-yil 25-aprel) bilan muhofaza etiladi. Prezidentning qonuniy faoliyatiga toʻsqinlik qilinishiga, shuningdek, uning shaʼni va qadrqimmatiga putur yetkazilishiga yoʻl qoʻyilmaydi va bunday harakatlar tegishli qonunlarga muvofiq javobgarlikka sabab boʻlishi mumkin. Bu qoida isteʼfoga chiqqan Prezidentga nisbatan ham oʻz kuchini saqlab qoladi. Prezident mehnatiga haq toʻlash qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti betobligi sababli oʻz vazifasini bajara olmasligi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari qoʻshma qaroriga koʻra tuzilgan davlat tibbiy komissiya xulosasi bilan tasdiqlangan taqdirda 10 kun muddat ichida palatalarning qoʻshma favqulodda yigʻilishida deputatlar, senatorlar orasidan 3 oygacha boʻlgan muddatga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi saylanadi. Bu holda 3 oy muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining umumxalq saylovi oʻtkazilishi shart. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining davlat qurilishi sohasidagi tajribasidan unumli foydalanish maqsadida vakolati tugashi munosabati bilan isteʼfoga chiqqan Prezident umrbod Senat aʼzosi lavozimini egallashi koʻzda tutilgan.

Prezidentlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 19-bobi „Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti“ deb nomlanadi. Bu bob 9 ta moddadan iborat boʻlib, ularda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining konstitutsiyaviy huquqiy maqomi belgilab berilgan. Oliy Kengash 12-chaqiriq 1-sessiyasida deputatlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti lavozimyga Islom Karimv saylangan edi. „Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi toʻgʻrisida“gi qonunga binoan, 1991-yil 29-dekabr va 2000-yil 9-yanvarda muqobillik asosida toʻgʻridan-toʻgʻri umumxalq Prezident saylovlari oʻtkazildi. Bu saylovlar natijasida Islom Karimov Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti etib saylandi. 2016-yil 2-sentabrda Islom Karimov vafot etdi. Shu munosabat bilan navbatdan tashqari umumxalq prezidentlik saylovlari o'tkazildi va unda bosh vazir Shavkat Mirziyoyev prezident etib saylandi.

Muddat Prezident Surati Prezidentlik davrining tugashi Partiyasi
1 1 Islom Karimov 24-mart 1990[2] 29-dekabr 1991 645 kun KPSS
2 29-dekabr 1991 9-yanvar 2000 2933 kun Oʻzbekiston Xalq Demokratik Partiyasi
3 9-yanvar 2000 22-dekabr 2007 2904 kun Fidokorlar
4 22-dekabr 2007 10-aprel 2015 2666 kun OʻZLIDEP
5 10-aprel 2015 2-sentabr 2016 511 kun OʻZLIDEP
v.b. Nigʻmatilla Yoʻldoshev 2-sentabr 2016 8-sentabr 2016 6 kun Milliy Tiklanish Demokratik Partiyasi
2 v.b. Shavkat Mirziyoyev 8-sentabr 2016 14-dekabr 2016 98 kun OʻZLIDEP
1 14-dekabr 2016 hozirgi kunga qadar 2661 OʻZLIDEP

Oʻzbekiston Respublikasinish Prezidenti samarali faoliyat yuritishni taʼminlash maqsadida Prezident devonini tuzadi, turli xizmat boʻlinmalarini shakllantiradi. Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Oqsaroydagi qarorgohida faoliyat yuritadi. „Doʻrmon“ (Qibray tumani) qarorgohida turli xalqaro uchrashuvlar, oliy martabali mehmonlarni kutib olish marosimlari va boshqa tadbirlar oʻtkaziladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devoni binosi — Toshkent shahrining markaziy qismida, Oʻzbekiston shoh koʻchasi (Anhor boʻyi)da joylashgan (1964, meʼmorlar V. Berezin, A. Faynleyb, R. Bleze, S. Eshonxoʻjayev va boshqalar; muhandis E.Lennishmidt va boshqalar). Asosiy bino 6 qavatli boʻlib, birinchi qavatga 900 oʻrinli majlislar zali tutashgan. Bino aniq geometrik shakllardan foydalanilgani, nisbatlarning aniq va monumentalligi, badiiy koʻrkam va meʼmoriy jihatdan oddiyligi bilan ajralib turadi. Asosiy bino (uz. 94 m) shimolga qaragan, 3 boʻlakdan iborat. Bino tarzidagi vertikal boʻlinishlar, katta hajmdagi derazalar hamda asosiy kirish eshigi mutanosibligi binoga alohida ulugʻvorlik baxsh etgan. Binoning jan. tomoni ham shu tarzda hal etilgan, unga quyosh nurini toʻsuvchi maxsus moslamalar ishlangan. Majlislar zali binosida vestibyul, foye, kutubxona, oshxona va boshqalar qoʻshimcha xonalar mavjud; zalga asosiy binoning 2-qavatidagi maxsus yoʻlakdan oʻtiladi; binoning gʻarb tomonidagi oynalar oldiga alyuminiy plastinka (asalari iniga oʻxshash toʻsiq)lar qoʻyilgan, jan. tomoni qabariq bloklardan tashkil topgan. Bino pardozida yuqori sifatli marmar plitalar, koshinlar, suvogʻida maydalangan marmar boʻlakchalar va boshqalar ishlatilgan; atrofidagi hudud koʻkalamzorlar, gulzorlar bilan soʻlim maskanga aylantirilgan.

Haqoratlarning oldini olish[tahrir | manbasini tahrirlash]

2021-yil mart oyida Prezident tomonidan imzolangan qonun hujjati bilan Jinoyat kodeksining ayrim bandlariga oʻzgartirishlar kiritildi, unga koʻra, OAV va internetdagi boshqa resurslardan foydalangan holda prezidentni haqorat qilish, unga tuhmat qilish 7 yildan 15 yilgacha ozodlikdan cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi[3].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]