O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziriligi
Qisqartma Mehnat vazirligi
Vazir Nozim Husanov
Oʻziga tegishli tashkilotlar
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi DUK
Vebsayti https://mehnat.uz/oz
Map
Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligining xaritada koʻrinishi

Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi — aholi bandligi, mehnat migratsiyasi va mehnat munosabatlari sohasida yagona siyosat olib boruvchi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi hamda oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi. Vazirlik oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlariga amal qiladi. Vazirlikning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari, shuningdek, fuqarolar tomonidan ijro etilishi majburiy hisoblanadi. Vazirlik, uning tashkiliy tuzilmasiga kiradigan hududiy va idora boʻlinmalari yuridik shaxslar hisoblanadi, Oʻzbekiston Respublikasi davlat gerbi tasviri tushirilgan muhrga va blankalarga, oʻzining mustaqil balansiga, shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga, bank hisobvaraqlariga, shu jumladan, xorijiy hisobvaraqlariga ega.[1]

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

1991-yil 10-oktabrda Mehnat va ijtimoiy masalalar boʻyicha Oʻzbekiston SSR Davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligiga aylantiriladi. 1992-yil — Oʻzbekiston Xalqaro mehnat tashkiloti aʼzoligiga qabul qilindi. 1993-yil 14-iyulda mehnat muhojirlari ishlari boʻyicha Respublika agentligi tashkil etildi. 2001-yil 13-fevralda Mehnat vazirligi va Ijtimoiy taʻminot vazirligi oʻzara qoʻshilib, uning negizida Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va ijtimoiy himoya vazirligi tuzildi. Vazirlikning asosiy vazifasi sifatida aholini ijtimoiy himoya qilish boʻyicha chora-tadbirlar ishlab chiqish va ularni amalga oshirishni nazorat qilish, mehnatga haq toʻlash sohasida yagona umumdavlat siyosatini yuritish, ishsizlar va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashni amalga oshirish, yosh Respublika taraqqiyotida ishchi kuchidan foydalanish boʻyicha Xalqaro mehnat tashkiloti, boshqa davlatlarning mehnat organlari bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish belgilandi. 2001-yil 6-aprelda mehnat muhojirlari ishlari boʻyicha Respublika agentligi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligiga aylantirildi[2]. 04.12.2016-yil 4-dekabrda Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylangandan soʻng, mehnat sohasi va bandlikni taʼminlashda jadal islohotlar, shuningdek, Oʻzbekistonda bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar boshlandi.

07.02.2017-yil — 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi tasdiqlandi va uning toʻrtinchi — „Ijtimoiy sohani rivojlantirish“ yoʻnalishida quyidagilar nazarda tutildi:

— yangi ish oʻrinlarini yaratish hamda aholining, eng avvalo, oʻrta maxsus va oliy oʻquv muassasalari bitiruvchilari bandligini taʼminlash, mehnat bozori mutanosibligini va infratuzilmasi rivojlanishini taʼminlash, ishsizlik darajasini kamaytirish;

— mehnatga layoqatli aholining mehnat va tadbirkorlik faolligini toʻliq amalga oshirish uchun sharoitlar yaratish, ish kuchi sifatini yaxshilash, ishga muhtoj shaxslarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish tizimini kengaytirish.

24.05.2017-yil — Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va ijtimoiy himoya vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga aylantirildi.

Vazirlikning asosiy vazifasi sifatida yangi ish oʻrinlari tashkil etish uchun davlat buyurtmasini ishlab chiqish, aholi bandligini taʼminlashga doir hududiy va tarmoq dasturlarni amalga oshirish, oliy va oʻrta maxsus, kasbiy taʼlim muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirishni taʼminlash boʻyicha chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish, kam taʼminlangan oilalarga nafaqalarni oʻz vaqtida toʻlash va moddiy yordam berishni monitoring qilish hamda boshqalar belgilandi.

2018-yil 27-noyabrda Oʻzbekiston Migratsiya boʻyicha Xalqaro tashkilotga aʼzo boʻldi.

O‘zbekiston Prezidentining 2022-yil 21-dekabrdagi PF-269-son farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi deb qayta tashkil etildi[3].

Vazirlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

1991-yildan bugungi kungacha boʻlgan vazirlar:

  • 1991-1995 yillar Alixan Atajanov — Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vaziri
  • 1995-1999 yillar Oqiljon Obidov — Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vaziri
  • 2001-2006 yillar Oqiljon Obidov — Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va ijtimoiy himoya vaziri
  • 2006-2014 yillar Oʻktam Haitov — Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va ijtimoiy himoya vaziri
  • 2014-2017 yillar Aziz Abduhakimov — Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va ijtimoiy himoya vaziri
  • 2017-2018 yillar Oʻktam Haitov — Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri
  • 2018-2019 yillar Sherzod Qudbiyev - Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri 
  • 2019-yil 12-sentabrdan Nozim Husanov Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri hisoblanadi.   

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]