Introduksiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(O‘simliklar Introduksiyasidan yoʻnaltirildi)

Introduksiya (lotincha: introductio — joriy qilish), oʻsimliklar introduksiyasi — turli oʻsimliklar turlari va navlarini oʻz tabiiy arealidan ilgari uchramagan hududlarga koʻchirish (jalb etish). „Introduksiya“ tushunchasi 19-asrning 2-yarmidan buyon qoʻllanib kelinmoqda. Oʻsimliklar introduksiyasi nazariyasini shveysariyalik botanik Augustin Pyramus de Candolle 1855-yilda asoslab bergan. Nikolay Vavilov oʻzi yaratgan madaniy oʻsimliklarning kelib chiqish markazlari nazariyasi asosida 1920-yilda introduksiyaning ilmiy asoslarini ishlab chiqdi.

Hozir deyarli barcha qitʼalarda yetishtirilayotgan madaniy oʻsimliklarning koʻpchiligi turli geografik oʻlkalardan tarqalgan, „koʻchirib keltirilgan“ oʻsimliklar hisoblanadi. 16—17-asrlarda Amerikadan Yevropaga makkajoʻxori, kartoshka, kungaboqar, pomidor, tamaki va boshqa tarqalgan boʻlsa, 17-asrdan boshlab Shimoliy Amerikada Yevropadan keltirilgan olxoʻri, olma, nok, kashtan va boshqa oʻstirildi, Avstraliyada makkajoʻxori, qovoq, zaytun, uzum, sitruslar paydo boʻldi. Oʻsimliklar tabiiy arealdan yangi hududlarga introduksiya qilinganda turlar (navlar)ning hayotchanligi va introduksiyaning maqsadi boʻlgan qimmatli xoʻjalik belgilarining yaxshilanishi yuz beradi: meva (urugʻ) hosildorligi koʻtariladi, fitomassa koʻpayadi, muhitning turli omillariga, kasallik, zararkunandalarga chidamliligi ortadi va boshqa „Oʻz markazlari“dan introduksiya etilishi oʻsimliklar arealini maʼlum doirada kengaytirdi va bu borada ayrim oʻsimliklarning birlamchi markazlar bilan boʻlgan aloqasi uziladi. Mas, yer yongʻoqning vatani — Shimoliy Argentina, biroq hozir yer yongʻoq eng koʻp ekvatorial Afrikada yetishtiriladi. Kartoshkaning vatani — Janubiy Amerika boʻlsa ham, u dunyoning koʻpgina davlatlarida asosiy oziq mahsuloti hisoblanadi.

Oʻrta Osiyo ham koʻpgina madaniy oʻsimliklarning kelib chiqish markazi hisoblanadi va bu yerda ularning xilmaxil shakllari uchraydi. Shu bilan bir qatorda, 19-asrda va undan avval Oʻrta Osiyoga aholiga nomaʼlum boʻlgan oʻsimliklar keltirilgan, ular iqlimlashtirilib, asosiy ekinlarga aylangan. Oʻrta Osiyoda, shu jumladan, Oʻzbekistonda introduksiya natijasida kartoshka, pomidor, shirin qalampir, baqlajon, karam, ayrim koʻkat va ziravorlar, yer yongʻoq, hurmo, limon, unabi kabi sabzavotlar, poliz ekinlari, meva turlari tarqaldi.

Oʻsimliklar introduksiyasi uchun materiallar yigʻish maqsadlarida madaniy oʻsimliklarning birlamchi va ikkilamchi kelib chiqishi markazlariga ilmiy ekspeditsiyalar uyushtiriladi (mas, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Oʻsimliklar eksperimental biologiyasi instituti gʻoʻzaning yovvoyi turlarini yigʻish boʻyicha akademik A. Abdullayev boshchiligida 1975-yilda Meksika, 1984-yilda Peru, 1989—90 yillarda Shri Lanka, Hindiston, Xitoy, 1997-yilda Avstraliyaga ilmiy ekspeditsiyalar yuborgan). Botanika va seleksiya muassasalarida oʻsimliklar introduksiyasi va soʻngra ularni iqlimlashtirish ishlari olib boriladi.

20-asrning 30-yillarida Oʻzbekistonda tashkil etilgan ilmiy tashkilotlar ilmiy reja asosida jahon madaniy va yovvoyi oʻsimliklarining xilma-xil turlarini yigish, introduksiya ishlarini boshladilar. Hozirgi Oʻzbekiston oʻsimlikshunoslik, Oʻzbekiston gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi, Genetika va oʻsimliklar eksperimental biologiyasi, Botanika ilmiy tadqiqot institutlari va Botanika bogʻida introduksiyalangan va mahalliy navlar asosida turli ekinlarning kolleksiyalari tashkil etilgan.

Jahon mamlakatlari oʻrtasida ilmiy hamkorlik kengaygan sharoitlarda introduksiyaning vazifasi oʻsimliklarni ilmiy asosda yangi oʻlkalarga jalb etish va mavjud ekinlar nav tarkibini zamonaviy sanoat navlari bilan boyitishdan iborat.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • Hojiyev, Fayzulla. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000.
  • Vavilov N. Introduksiya, Proisxojdeniye i geografii kulturnix rasteniy, L., 1978.
  • Belolipov introduksiya V., Introduksiya travyanistix rasteniy prirodnoy flori Sredney Azii (ekologo-introduksionniy analiz), Toshkent, 1989.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]