Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi
| „Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi“ esdalik nishoni | |
|---|---|
| Turi | esdalik nishon |
| Taqdirlash asosi | Oʻzbekiston mustaqilligini mustahkamlash, mamlakatning iqtisodiy qudrati va salohiyatini oshirish hamda uning jahon maydonidagi nufuzini yuksaltirishga munosib hissa qoʻshgan shaxslarni ragʻbatlantirish, shuningdek, koʻp yillik fidokorona mehnati, yuksak kasbiy mahorati va ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki bilan el-yurt hurmatiga sazovor boʻlgan fuqarolar |
| Mamlakat |
|
| Holati | topshiriladi |
| Taʼsis etilgan sanasi | 2026-yil 25-iyun. |
„Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi“ esdalik nishoni — O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan taʼsis etilgan esdalik nishoni. U Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 25-iyundagi PF–118-son „Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi“ esdalik nishonini taʼsis etish toʻgʻrisidagi farmoni bilan taʼsis etilgan[1][2]. Mazkur farmon bilan esdalik nishonining nizomi va tavsifi ham tasdiqlangan[3].
Maqsadi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Esdalik nishoni Oʻzbekiston mustaqilligini mustahkamlash, mamlakatning iqtisodiy qudrati va salohiyatini oshirish hamda uning jahon maydonidagi nufuzini yuksaltirishga munosib hissa qoʻshgan shaxslarni ragʻbatlantirish maqsadida taʼsis etilgan. Shuningdek, koʻp yillik fidokorona mehnati, yuksak kasbiy mahorati va ijtimoiy hayotdagi faol ishtiroki bilan el-yurt hurmatiga sazovor boʻlgan fuqarolarni taqdirlash koʻzda tutilgan.
Nishon mamlakat mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan davlat va jamiyat rivojiga hissa qoʻshgan shaxslarning xizmatlarini eʼtirof etishning ramziy shakli hisoblanadi. Uning taʼsis etilishi mustaqillikning mamlakat taraqqiyoti, tinchlik va barqarorlik, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash hamda Oʻzbekistonning xalqaro nufuzini oshirishdagi ahamiyatini ifodalash bilan bogʻliq.
Koʻrinishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Esdalik nishoni 0,25 mikron qalinlikda oltin bilan qoplangan mis qotishmasidan tayyorlangan. Uning asosiy qismi doira shaklida boʻlib, diametri 34 millimetrni, nishonning umumiy balandligi esa 58 millimetrni tashkil etadi. Markaziy qismida diametri 24,5 millimetr boʻlgan doira joylashgan.
Nishonning markaziy qismida Toshkent shahridagi Yangi Oʻzbekiston bogʻida joylashgan „Istiqlol“ majmuasi tasvirlangan. Uning fon qismida Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Samarqanddagi yangilangan Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuasi aks ettirilgan. Nishonning yuqori qismida „OʻZBEKISTON MUSTAQILLIGINING“, markazida „35“, quyi qismida esa „YILLIGI“ yozuvlari joylashtirilgan. „OʻZBEKISTON MUSTAQILLIGINING“ va „YILLIGI“ yozuvlaridagi harflarning balandligi 2,5 millimetr, „35“ raqamlarining balandligi esa 9,5 millimetrni tashkil etadi. Yozuvlarning ikki tomonida dafna yaproqlari tasvirlangan boʻlib, yozuvlar va yaproqlar zarhallangan.
Nishonning orqa tomonida O`zbekiston Respublikasi Davlat Gerbi tasvirlangan. Gerbning diametri 24 millimetrni tashkil etadi. Gerb ostida „1991–2026“ sanalari joylashtirilgan boʻlib, ulardagi raqamlarning balandligi 2,6 millimetrga teng. Nishondagi tasvirlar va yozuvlar qabariq shaklda ishlangan.
Nishonning yuqori qismi ilgakchalar va halqacha yordamida toʻrtburchak shaklidagi qadagʻichga biriktiriladi. Qadagʻichning eni 24 millimetr, balandligi 16 millimetr boʻlib, u Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi ranglaridagi shoyi lenta bilan qoplangan. Qadagʻichning orqa tomonida nishonni kiyimga mahkamlash uchun toʻgʻnogʻich koʻrinishidagi moslama oʻrnatilgan[3].
Taqdirlash
[tahrir | manbasini tahrirlash]Esdalik nishoni mamlakat mustaqilligini mustahkamlash va jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshgan shaxslarni eʼtirof etish maqsadida topshirilgan. Taqdirlangan shaxsga nishon bilan birga uning guvohnomasi ham berilgan. Nishonlarni va ularning guvohnomalarini belgilangan tartibda tayyorlash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuklatilgan[4][5][6][7].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „“O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlash to‘g‘risida“ (2026-yil 22-avgust).
- ↑ „“Ўзбекистон Республикаси мустақиллигининг 35 йиллиги” эсдалик нишони билан тақдирлаш тўғрисида“ (2026-yil 22-avgust).
- 1 2 „“Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni bilan taqdirlash toʻgʻrisida OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING FARMONI“ (2026-yil 22-avgust).
- ↑ „“O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishonlari tantanali ravishda topshirildi“ (2026-yil 26-avgust).
- ↑ „O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlab esdalik nishoni ta’sis etildi“ (2026-yil 25-iyun).
- ↑ „“O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi” esdalik nishoni taʼsis etildi“ (25-iyun, 2026-yil).
- ↑ „Bir guruh tadbirkorlar O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi esdalik nishoni bilan taqdirlandi“ (2026-yil 26-avgust).