Oʻzbekiston Respublikasi ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar kinostudiyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Oʻzbekiston Respublikasi ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar kinostudiyasi — qisqa va toʻla metrajli, hujjatli, xronikal, ilmiy-ommabop filmlar ishlab chiqaruvchi kinostudiya. 1934 yil respublika kinoxronika studiyasi sifatida tashkil boʻlgan. 30-yillardan 1960 yilgacha turli kinogoʻplam, kinojurnallar, jumladan, oylik kinojurnal va maxsus tematik filmlar ishlangan. Maxsus filmlar biror muhim voqea va sanalarga bagʻishlangan. D.Yashin, V. Usova, D. Demutskiy, Sh.Zohidov, M.Qayumov, O. Tursunov, A. Saidov, O.Rahimov, M. Krasnyanskiy, A. Ibrohim, A. Umarov va boshqalar eng faol ijodkorlar boʻlgan. "Kolxoz toʻyi", "Gulsara", "Oʻzbek adabiyoti va sanʼatining Moskvada oʻtgan dekadasi" kabi filmlar respublika hujjatli kinosining dastlabki filmkonsert janri namunaparidir.

Urush yillari respublika kinoxronikasi va hujjatli kino namunalari gʻoyaviy mavzu yoʻnalishiga koʻra harbiy vatanparvarlik, safarbarlik va frontga yordam masalalari bilan bogʻliq boʻlib, davr hujjati sifatida qimmatlidir, ijtimoiy, siyosiy, madaniy hayotni, kino sanʼati tarixini oʻrganishda muhim manba hisoblanadi. 1949 yil respublika kinoxronika studiyasi tugatildi. "Oʻzbekfilm" qoshida kinoxronika sektori tuzilib, u hujjatli va xronikal filmlar ishlab chiqarish bilan shugʻullandi. 1961 yil Oʻzbekiston ilmiyommabop va hujjatli filmlar kinostudiyasi nomi bilan mustaqil kinostudiya sifatida ajralib chiqdi. 1996 yildan hozirgi nomda. 1968 yil Qoraqalpogʻistonda Nukus filiali tashkil topdi. Kinostudiya Butunittifoq Kinematografiya instituti (VGIK) ni tugatib kelgan kadrlar bilan mustahkamlandi. T.Nodirov, N. Otaullayeva, L. Fayziyev, D. Salimov, A.Bobojonov, B. Muzaffarov va boshqalar shular jumlasidan. "Oʻzbekistonimizga keling", "Uz zu kun shamol" (Leypsig xalqaro kinofestivalining "Kumush kabutar" sovrinini olgan), "Paranji" (shu festivalning "Oltin kabutar" sovrini), "Bobo" (Krakov xalqaro kinofestivalining "Kumush ajdar" sovrini), "Oʻn uch qaddirgʻoch", "Mirzachoʻl", "Askar frontdan qaytdi", "Frontchi qiz", "Boʻri" (Portugaliyaning Santarema xalqaro kinofestivalining "Kumush barg" sovrini), "Inturist kecha, bugun, ertaga" kabi filmlari bilan jahonga yuz tutdi.

90-yillarning dastlabki yillarida film ishlab chiqarish birmuncha kamaydi. Ammo 1996 yil "Oʻzbekkino" davlat aksionerlik kompaniyasi tashkil etilgach, kinostudiya shu tashkilot tizimida yana faol ishlay boshladi. Kinostudiyada bir yilda 40 dan ortiq turli janr va mavzuda filmlar yaratiladi. Bundan tashqari, xalq taʼlimi vazirligi va turli tashkilotlarning buyurtmalariga binoan ham filmlar ishlab chiqariladi. Mustaqillik oʻzbek hujjatli kinochilari uchun avvallari norasmiy tarzda taqiqlangan bir qancha mavzularni yoritish imkonini berdi. Ayni shu yillarda "Istiqlol fidoyilari" rukni tashkil qilindi va "Behbudiy", "Fitrat", "Munavvarqori Abdurashidxonov", "Said Ahroriy", "Istiqlolning buyuk yoʻli", "Abdulla Qodiriyning yurgan yoʻllari" (hammasining rej.i Gʻ.Shodmonov), "Choʻlpon" (rej.i Sh. Mahmudov) kabi hujjatli filmlar yaratildi. Ayniqsa, kinostudiya ijodkorlari tomonidan yaratilgan "Ruh" (rej. B. Muzaffarov), "Qorakoʻl", "Qogʻoz uycha", "Ular Germaniyada oʻqigan edilar" (Sh. Mahmudov), "Tashnalik" (T.Yunus) va boshqalar filmlar turli festivallar sovriniga sazovor boʻldi. Milliy qadriyatlarimizni xalq ommasiga yanada keng tanishtirish maqsadida "Ahmad Yassaviy" (rej. J. Qosimov), Ahmad Fargʻoniyga bagʻishlangan "Ikkinchi umr" (J. Ishoqov), "AlBuxoriy" (F.Fayziyev), Margʻinoniyga bagʻishlangan "Fikh olamining sultoni" (X.Valiyev) kabi filmlar ishlandi.

Studiyada Gʻ.Shodmonov, X.Valiyev, U. Ortiqov, J. Ishoqov, A.Toʻlaganov kabi tajribali kinohujjatchilar qatori A. Dadashev, M.Karimov, R. Husnutdinov, M.Abdullayev, D.Shokirov va D.Qosimov[manba?] kabi yoshlar faoliyat koʻrsatmoqdalar. Shuningdek, Sh. Abbosov, R.Botirov, S. Nazarmuhamedov, A.Akbarxoʻjayevlar har yili hujjatli kinovideofilmlar yaratmoqdalar.

Toir Yunusov, Zuhra Poʻlatova.