Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Oʻsimlik moddalari kimyosi instituti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Sobir Yunusov nomidagi Oʻsimlik moddalari kimyosi instituti — ilmiy tekshirish muassasasi. 1956-yilda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tarkibidagi Kimyo instituti alkaloidlar kimyosi laboratoriya (1943) negizida tashkil etilgan. Institutning asosiy fundamental ilmiy va amaliy yoʻnalishi oʻsimliklar tarkibidagi biologik faol moddalar hamda sintez yoʻli bilan olingan birikmalarni kimyoviy, farmakotoksikologik va texnologik tadqiq qilish, molekulyar genetik izlanishlar olib borish, oʻstiruvchi moddalar, gerbitsidlar, fungitsitlar, defoliantlar va boshqalar oʻsimliklarni himoya qilish vositalarini kashf etishdan iborat. Institutga asoschisi S.Yu.Yunusov nomi berilgan. Institutda alkaloidlar, glikozidlar, lipidlar kimyosi, yuqori molekulali oʻsimlik moddalari, kumarinlar kimyosi, molekulyar genetika, sintetik preparatlar texnologiyasi, farmakologiya va toksikologiya, sitotoksikologiya. dorivor oʻsimliklar, organik sintez va boshqalar laboratoriyalar, tajriba ishlab chiqarish korxonasi. kompyuter markazi, ilmiytashkiliy boʻlim, sertifikatsiya va standartizatsiya boʻlimi, bosmaxona bor. Institutda Oʻzbekiston, Markaziy Osiyo va boshqalar hududlardagi oʻsimliklardan 2200 dan ortiq tabiiy birikmalar — alkaloidlar, glikozidlar, fitoekdisteroidlar, kumarinlar, flavanoidlar, murakkab efirlar, polisaxaridlar, laktonlar, proantotsianidlar, lipidlar, fosfolipidlar, gʻoʻzapoya, sholi qipigʻi ligninlari va oʻsimlik oqsillarining kimyoviy tuzilishi, transformatsiyalari va biologik faolligi, rekombinat oqsillar va monoklonal antitelolar asosida diagnostikumlar va vaksinalar olish hamda fitogormonlar taʼsirining mexanizmi oʻrganildi. Kimyoviy, farmakologik tadqiqotlar natijasida 60 dan ortiq dorivor moddalar, 30 dan ortiq preparatlar olish texnologiyasi ishlab chiqildi va tibbiyotda koʻllashga tavsiya etildi. 30 mingdan ortiq organik birikmalar sintez qilinib, ulardan butilkaptaks, sitodef defoliantlari, nikomizolon fungitsidlari, nitrolin oʻstiruvchi moddalar va boshqalarni amaliyotda qoʻllash mumkinligi aniqlandi. Chigit kunjarasidan ozuqa oqsilini ajratib olish, shirinmiya ildizidan koʻpiklatkich olish usullari, steviya oʻsimligidan qanddan 50—150-marta shirin boʻlgan shirinlatgich ajratib olish texnologiyasi ishlab chiqildi. "Limonchiki", "Goʻzal", "Alga", "Akanta" nomli kosmetik vositalar uchun qoʻshimchalar tayyorlandi, "Jisten" va "Jistenin" bioqoʻshimchalar ishlab chiqarishga joriy etildi. institut faoliyati S.Yu. Yunusov, X.N.Oripov, N.K.Abubakirov va boshqalar nomi bilan bogʻliq. Institutda 300 dan ortiq xodim, jumladan, 1 Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi akademik (A.M.Glushenkova), 2 Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, 21 fan doktori, 60 fan nomzodi faoliyat koʻrsatadi (2005). institut xodimlarining 2 ilmiy ishi Beruniy nomidagi Oʻzbekiston Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan.[1]

Yana q.[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil