Oʻzbekiston qiyin eriydigan va oʻtga chidamli metallar kombinati aksiyadorlik jamiyati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

"OʻZBEKISTON QIYIN ERIYDIGAN VA OʻTGA CHIDAMLI METALLAR KOMBINATI" AKSIYADORLIK JAMIYATI — rangli metallurgiya sanoati korxonasi. Chirchiq shahrida joylashgan. Elektrotexnika, poʻlat eritish, kon burgʻulash va texnikaning turli sohalarida qoʻllaniladigan molibden va volfram kukunlari va simlari, molibdendan kompakt mahsulotlar, kukun metallurgiyasi va eritish usullarida sof nodir yer metallari va volfram, molibden, reniy monokristallari, prokat qilib choʻzilgan mahsulotlar va ulardan quymalar, kesuvchi va togʻ parmalovchi asboblar uchun metallokeramik qattiq quymalar, elektr lampochkalar, xalq isteʼmoli mahsulotlari ishlab chiqaradi. Ingichka volfram va Qoʻytosh volframmolibden konlari rudalari hamda mis rudalaridan ajratib olinadigan molibden negizida ishlaydi. Korxona 1951 yilda Oʻzbekiston qattiq qotishmalar zavodi nomi bilan qurila boshlagan, 1navbati 1956 yil 5 noyabrda ishga tushirilgan. 1959 yildan Oʻzbekiston kiyin eriydigan va oʻtga chidamli metallar kombinati. 1963 yilda jahonda 1marta molibden konsentratsiyasini nitrat kislota bilan ishlab olish texnologiyasi amalga oshirildi, bu esa molibden chiqindilarini qayta ishlash va zanglamaydigan poʻlat jihozlardan foydalanish imkonini yaratdi. 1973 yildan sunʼiy sheyelitni uzluksiz choʻktirish va ajratib olish hamda pulsatsion uskunalardan foydalanib, volframat kislotasini yuvish texnologiyasi joriy qilindi. 1975 yilda sanoat oqavalaridan ammiak va boshqalar zararli moddalarni ajratib olish qurilmasi, 1977 yilda eng yirik sexlaridan biri — eritishprokat sexi ishga tushirilgan. 1996 yildan korxonada elektr lampochkalarini ishlab chiqarish oʻzlashtirildi. Korxona 2002 yil iyunidan ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyati. 13 asosiy va 12 yordamchi sexlari bor. Korxona tarkibida korxona ixtisoslashuvining turli yoʻnaliiglarida ishlaydigan "Metall keramika" Oʻzbekiston— Belorussiya, "EKO Texnolodji" Oʻzbekiston — Panama, "Aziya Renium Resurs" Oʻzbekiston — Britaniya, "Oʻzmetall Texnolodji" Oʻzbekiston — Isroil qoʻshma korxonalari tashkil etilgan. 1995 yilda korxona mahsulotlari "Oltin globus" (Daniya) sovriniga sazovor boʻldi. Moskva shahrida vakolatxonasi bor.

Adabiyot[tahrir]

  • Maksudov P.S., Uzbekskiy kombinat tugoplavkix i jaroprochngx metallov, Minsk, 1996.