Oʻzbek ismlari
Oʻzbeklarda hozirgi antroponimik model uch qismdan iborat: ism, otaism va familiya.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Islomgacha boʻlgan davr
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻzbek ismlari tarixiy bosqichlarda sezilarli oʻzgarishlarga uchragan boʻlib, islomgacha boʻlgan davrda mobaynida totemistik, animistik tasavvurlar, qadimgi turxi xil aqidalar, udumlar bilan bogʻliq ismlar ustun boʻlgan[1]. Bu davrda bolalarni „yovuz kuchlar“dan asrash maqsadi bilan bogʻliq ismlar qoʻyilgan[2].
Islomdan keyingi davr (XX asrgacha)
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻzbek ismlarining aksar qismi islomiy tushuncha va tasavvurlari bilan bogʻliq boʻlib, jumladan, Allohning sifatlarini ifodalovchi „Al-Asmo al-Husno“dan kelib chiqqan ismlarni oʻz ichida oladi[3]. Bu davrda islomgacha boʻlgan turkiy ismlarning bir qismi isteʼmoldan chiqqan, lekin shunga qaramay turkiy ismlar anʼanaga koʻra qoʻllanishda davom etgan[4]. Chaqaloqlarga ism tanlash jarayoni islom dini talablariga asoslangan holda amalga oshirilgan: masalan, chaqaloqning qulogʻiga azon aytish va diniy maʼnoga ega ismlar qoʻyish kabi amaliyotlar joriy etilgan. Shu sababli, oʻzbek ismlari fondining muhim qismini asli arabcha boʻlgan va diniy maʼnoli ismlar tashkil etgan. Bu ismlar mahalliy aholi musulmonchilik urf-odatlariga rioya qila boshlagach, oʻzbek tiliga kirib kelgan. Arabcha diniy ismlarning bunchalik keng tarqalishi islom dini bolalarga ism qoʻyish boʻyicha oʻziga xos koʻrsatmalar va qoidalarga ega ekanligi bilan bogʻliq[5]. Islomga koʻra, insonni yaratgan, unga hayot baxsh etgan va insoniyatning koʻpayib rivojlanishiga sharoit yaratuvchi yagona Allohdir. Shuning uchun farzand ham Allohning inoyati deb qaralgan:
Bu aqidaga asoslanib, musulmonlar farzandlarining taqdiri, rizqi, salomatligi va hayotini Allohning ixtiyoriga bogʻlagan va undan madad kutgan. Bu umid va eʼtiqod chaqaloqlarga qoʻyilgan ismlarda oʻz aksini topgan[5]. Islomda ism qoʻyish boʻyicha aniq qoidalar mavjud boʻlib, ularga rioya qilish musulmonlar uchun majburiy sanalgan. Masalan, „Muosharot odobi“ asarida muallifi Olimat ul-Banot quyidagilarni yozgan:
Yettinchi kunda sochi olinib, sochi ogʻirligida kumush yoki oltin sadaqa beriladi. Shu kuni ism beradilar. Bo‘lajak ism yaxshi va taʼsirli bo‘lishi lozim. Shuning uchun bolaga beriladigan ismni chol-kampirlar emas, olim-imomlar saylab qo‘yadilar. — „Muosharot odobi“ asaridan. Toshkent: Mehnat, 1991. 17–18-betlar
Bu kabi urf-odatlar islomdagi shariat qoidalari doirasida shakllangan[7]. Oʻzbek ismlari orasida Allohning „Al-Asmo al-Husno“dan kelib chiqqan ismlar muhim oʻrin tutgan boʻlsa-da, bu davr turkiy va arabcha anʼanalarning oʻzaro uygʻunlashuvi bilan ham ajralib turadi. Natijada, oʻzbek onomastikasi islomiy taʼsir ostida rivojlanib, oʻziga xos xususiyatlarga ega boʻlgan[8].
Sovet davri
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sovet davrida oʻzbeklar, Sovet Ittifoqidagi boshqa xalqlar singari ruscha uch shaklli tizimni (familiya, ism va sharif/otchestvo) qoʻllashga majbur qilingan (masalan, Tursunova Gulchehra Berdiyevna yoki Sharifov Tursun Toʻxtabayevich). Shaxsiy hujjatlarda oʻzbekcha yozish uchun imkoniyat berilmagan va ismlar faqat ruschada qayd etilgan. Bu esa oʻzbeklarning ism-shariflari ruscha imlo qoidalariga muvofiq yozishga olib kelgan. Buning natijasida oʻzbekcha ismlarning oʻziga xosligi yoʻqolib, milliy talaffuz shakli buzilgan va notoʻgʻri shaklda qoʻllanishiga sabab boʻlgan. Shu davrda rus tili va undan olingan xorijiy ismlar, masalan, Klara, Svetlana, Marat, Telman kabi ismlar oʻzbek bolalariga qoʻyila boshlagan hamda ular „baynalmilal ismlar“ sifatida targʻib qilingan[9].
Bundan tashqari, Kolxozbek, Sovxozbek, Saylovboy, Maya, Leninjon, Komsomol kabi „sovetcha“ mafkuraviy ismlar paydo boʻlgan[1]. Milliy ismlar ruscha va boshqa xorijiy tillardan kelgan yangi ismlar bilan „rivojlantirilgan“ deb talqin qiligan, bu esa ijobiy jarayon sifatida koʻrsatilgan. Bu holat Sovet siyosatining mafkuraviy maqsadlari bilan uygʻun boʻlib, oʻzbek onomastikasi „xalqaro ismlar fondi“ning paydo boʻlishi sifatida taʼriflangan[9].
Shu bilan birga, oʻzbek ismlari yangi nomlar bilan kengaygan (masalan, Uchqun, Yorqin, Inqilob va shu kabilar). Ikki qismli arabcha oʻzlashma ismlar qisqartirilib, bir qismi tushirilgan holda qoʻyilgan: masalan, Abduvohid – Vohid, Murodulla – Murod, Murodjon, Xayriniso – Xayri kabi shakllar ommalashgan. Ism tanlashda diniy unsurlardan koʻra estetik va ilmiy jihatlarga eʼtibor berish tendensiyasi kuchaygan. Sarvinoz, Dilnavoz, Gulyuz, Gulchehra, Goʻzal, Muslima, Donoxon kabi ismlar bu jarayonning namunalari boʻlgan. Qishloq va shahar aholisining ismga munosabati, shaxsiy hujjatlardagi rasmiy qaydlar tufayli ismlarning yozma va ogʻzaki shakllari asta-sekin bir meʼyorga tushgan[4].
Mustaqillikdan keyingi davr
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan keyin anʼanaviy va milliy ismlarga qaytish kuzatilgan[1]. Biroq, onomastika sohasida taniqli olim E. Begmatovning fikrlariga koʻra, bu jarayonda bolalarga „zamonaviy“ deb atalgan ismlarni izlash va ismlarning faqat chiroyli hamda ijobiy maʼnoga ega boʻlishini xohlash kabi tendensiyalar shakllangan[10]:
Fonetik xususiyatlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻzbek ismlari asosan arabcha, forscha va turkiy tillardan olingan boʻlib, oʻzbek tilining fonetik qoidalariga moslashgan. Bu jarayonda tovush almashinuvi, qisqarish yoki soddalashuv roʻy bergan. Masalan, „Xizr“ ismi oʻzbekcha „Xidir“ shakliga oʻtib, mahalliy talaffuzga moslashgan. Shuningdek, „Aziz“ ismi qadimgi turkiy tillarda „Z“ tovushi soʻz boshida kam uchragani uchun „Adiz“ sifatida talaffuz qilingan. Hozirgi oʻzbek tilida esa „Aziz“ shakli keng tarqalgan. Bu oʻzgarishlar oʻzbek tili xususiyatlari va ijtimoiy muhit taʼsiridan kelib chiqqan[1].
Turkiy xalqlarning aksariyatida, jumladan, oʻzbeklarda ham bir oila yoki yaqin qarindoshlarning farzandlariga tovush jihatidan bir-biriga yaqin, ohangdosh, „uyqash“ („qofiyadosh“) ismlar qoʻyish anʼanasi mavjud (masalan, Norboʻta, Begboʻta)[11].
Turkiy xalqlarda ism qoʻyishda odatiy qoidalar bilan birga boshqa sabablar ham bor. Tilshunos Anvar Omonturdiyevning aytishicha, Alloh va paygʻambarlarning ismi qoʻyilgan bolalar tez-tez kasal boʻlib qolaversa, ismi ogʻir deb oʻzgartiriladi. Agar oilada chaqaloqlar yashab ketavermasa, keyingi bolaga (jinsidan qatʼiy nazar) Oʻlmas, Tursun, Turgʻun, Boʻri, Arslon ismlari kabi yomon koʻzlardan asrovchi, balo-qazolardan saqlovchi turli xil „himoyalovchi“ ismlar qoʻyiladi[1].
Xoslovchi vositalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻzbek antroponimiyasida bir soʻzdan (appelyativdan) kelib chiqqan ismning ham erkaklar, ham ayollar uchun ishlatilishi tez-tez kuzatiladi[1]. Biroq, bunday ismlar koʻpincha antroponimik belgilovchilar yoki qoʻshimchalar yordamida xoslanadi. Bu quyidagicha amalga oshiriladi[12]:
| Erkaklar ismi uchun | Misol | Ayollar ismi uchun | Misol |
|---|---|---|---|
| -boy (-voy) | Yoʻldoshboy, Kenjaboy, Koʻkanboy | -a | Ikroma, Komila, Karima, Latifa, Malika |
| -jon, (-chon) | Ilhomjon, Karimjon | -ya (-iya) | Soliya, Nuriya, Ilhomiya, Ilmiya, Siddiqiya, Soʻfiya |
| -bek (-beg) | Izzatbek, Karimbek, Lochinbek, Tillabek | -beka // -bika | Izzatbeka, Ilimbeka, Irisbeka, Karimbeka, Koʻchbeka, Tillabeka |
| -begim | Sorabegim, Sultonbegim | -bibi (-bi) | Niyatbibi, Irisbibi, Tillabibi, Sultonbibi |
| -toy | Iristoy, Sobirtoy, Sogʻintoy | -bibish (-buvish) | Nurlibuvish, Xolbibish |
| -xon (-qon) | Sodirxon, Muxtorxon, Azimxon | -bonu | Orzibonu, Ixlosbonu, Malikabonu, Suyunbonu |
| -qul | Ilashqul, Irisqul, Karimqul, Tursunqul, Mallaqul, Suyarqul | -buv (-bu) | Ikrombu, Irisbu, Yoʻldoshbu, Kattabuv, Kanvabuvi, Lochinbu, Soatbu, Toshbu |
| -iy | Ilmiy | -momo | Safarmomo, Tursunmomo |
| -zod // -zoda | Tojizoda, Soʻfizoda | -nisa // -niso | Lutfiniso, Hayriniso, Suydiniso, Tillaniso, Tojiniso |
| -ulla | Inoyatulla | -poshsha (-pochcha) | Sultonposhsha |
| -mirza // -mirzo | Koʻchmirza, Solimirza | -oy (-oyim) | Koʻkanoy, Soatoy, Soqinoy, Tongoy |
| -pochcha (aka maʼnosida) | Karimpochcha, Turdiposhsha, Berdipochcha | -xon | Ilashxon, Soʻlmasxon, Nusratxon, Shuhratxon |
| -bachcha (-vachcha) | Boyvachcha, Xoʻjavachcha, Mullabachcha | -banot | Izzatbanot, Tojibanot |
| -gul | Kenjagul, Menggul, Sohibgul, Tojigul, Tonggul |
Yuqoridagi vositalar ism egasining qaysi jinsga mansubligini aniq koʻrsatib beradi.
Tanqidlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Oʻzbek ismlari boʻyicha olimlar va jamoatchilik orasida bir qator tanqidlar mavjud. Masalan, „Itolmas“ yoki „Qoʻybolmas“ kabi ismlar shaxsning psixikasiga zarar yetkazishi mumkin, deb hisoblashadi. Shu bilan birga, „Muhammad“ kabi ismlarning haddan tashqari koʻp variantlari (Mad, Mahamat, Mahmad, Mahma, Mahmat, Mamad, Mam, Maman, Mamat, Ma, Mat) hujjatlarda chalkashlikka olib kelishi tanqid qilinadi[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 1,6 X. Kadirova. Oʻzbek ismlarining lingvistik tahlili, (Ilmiy risola), Toshkent, 2023.
- ↑ Begmatov 2013, s. 143.
- ↑ Begmatov 2007, s. 10.
- ↑ 4,0 4,1 Begmatov 2013, s. 148.
- ↑ 5,0 5,1 Begmatov 2013, s. 191.
- ↑ „Раъд сураси“. Islom.uz. Qaraldi: 2025-yil 6-aprel.
- ↑ Begmatov 2013, s. 192.
- ↑ Begmatov 2013, s. 200.
- ↑ 9,0 9,1 Begmatov 2013, s. 19.
- ↑ Begmatov 2013, s. 151.
- ↑ Begmatov 2013, s. 26.
- ↑ Begmatov 2013, s. 123.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- E. A. Begmatov. Oʻzbek ismlari maʼnosi, (Izohli lugʻat), 2-nashri, Toshkent: "Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti [1998], 2007 — 608-bet. ISBN 978-9943-07-003-5.
- E. A. Begmatov. Oʻzbek tili antroponimikasi M. Sodiqova: . Toshkent: Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi „Fan“ nashriyoti, 2013 — 264-bet. ISBN 978-9943-19-250-8.
| Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |