Oʻzbekiston Professional futbol ligasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Oʻzbek Oliy Ligadan yoʻnaltirildi)
Oʻzbekiston Professional Futbol Ligasi
Davlat Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston, Toshkent
Konfederatsiya Osiyo Futbol Konfederatsiyasi
Tashkil etilgan 20-iyun, 2008-yil (15 yil avval) (2008-06-20)
Yuqori liga Oʻzbekiston Superligasi
Oʻzbekiston Pro-ligasi
Oʻzbekiston Birinchi Ligasi
Xalqaro musobaqalar Osiyo Chempionlar ligasi
OFK kubogi
Veb-sayt pfl.uz
Bosh direktor Diyor Imomxoʻjayev
Kuboklar Oʻzbekiston kubogi
Liga kubogi
Homiylar Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan
Artel
Uzcard
Apex Insurance
BMB Holding
Map

Oʻzbekiston professional futbol ligasi, qisqacha OʻzPFL – Oʻzbekiston hududida futbol jamoalari oʻrtasida tegishli ravishda professional futbol musobaqalari oʻtkazishni muvofiqlashtirish ishlarini amalga oshiruvchi tashkilot[⇨]. 2008-yilda Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tavsiyasiga muvofiq, Oʻzbekiston Futbol federatsiyasidan alohida tashkilot sifatida ajratildi[⇨].

Superliga[⇨], Pro liga[⇨], Birinchi liga[⇨], Futzal Oliy ligasi[⇨] va Birinchi ligasi[⇨], Oʻzbekiston kubogi[⇨], Liga Kubogi[⇨], Oʻzbekiston Superkubogi[⇨], Oʻzbekiston U-19[⇨] va Oʻzbekiston U-21[⇨] chempionatlari, boshqa shu kabi professional futbol musobaqalari oʻtkazishni muvofiqlashtiradi. Futbol klublari oʻrtasida musobaqalar tashkil etish va oʻtkazish, ularning sport va tashkiliy-boshqaruv faoliyati hamda oʻzaro munosabatlari boʻyicha yoʻl-yoʻriq berib borish ishlarini amalga oshiruvchi tashkilot hisoblanadi.

Litsenziyalash boʻyicha Osiyo qitʼasida yetakchi ligalardan biri sanaladi[⇨].

2024-yil mart oyi holatiga koʻra, Oʻzbekistondagi beshta shirkat liganing rasmiy homiysi hisoblanadi[⇨].

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

1992-yilda Oʻzbekiston Futbol Federatsiyasi tashkiliy tuzilmasining bir qismi boʻlgan va Oʻzbekistonda professional futbol musobaqalarini oʻtkazishga mas’ul boʻlinma edi. 2008-yil boshlarida Osiyo Futbol Konfederatsiyasi Oʻzbekiston Futbol federatsiyasiga Professional futbol ligasini alohida tashkilot sifatida ajratishni tavsiya qildi. 2008-yil 20-iyunda Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi va futbol klublarining Umumiy yigʻilishida tashkil etildi hamda 2-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazildi[1]. 2023-yilning 10-yanvar kuni Jahon Professional futbol ligalari assotsiatsiyasi aʼzosiga aylandi[2][3].

Maqsadi va vazifalari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston Professional futbol ligasining asosiy maqsadi Oʻzbekiston Respublikasi hududida futbol jamoalari oʻrtasida futbol boʻyicha tegishli ravishda Superliga, Pro liga, Birinchi liga, futzal Oliy ligasi va Birinchi ligasi, Oʻzbekiston Kubogi, Liga Kubogi, Oʻzbekiston Superkubogi, Oʻzbekiston barcha yosh toifalaridagi va boshqa shu kabi professional futbol musobaqalari oʻtkazishni muvofiqlashtirish, futbol klublari oʻrtasida musobaqalar tashkil etish va oʻtkazish, ularning sport, tashkiliy-boshqaruv faoliyati hamda oʻzaro munosabatlari boʻyicha yoʻl-yoʻriq berib borishdan iborat[4].

Rahbarlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tashkilotning ilk rahbari sifatida 2008-2017 yillar mobaynida Farhod Magometov faoliyat olib borgan. 2017-yilning sentyabridan 2019-yilgacha Omon Gʻofurov tashkilotga rahbarlik qilgan. Keyinchalik, 2019-2020 yillarda tashkilotga Davron Shoqurbonov rahbarlik qilgan. 2020-yildan 2022-yilgacha Bosh direktor vazifasini vaqtincha bajarib kelgan Diyor Imomxoʻjayev 2022-yilda tashkilot Bosh direktori etib tayinlandi.

Ismi Tasvir Tayinlangan Boʻshatilgan
Farhod Magometov[5][6] 04.09.2008 04.09.2017
Omon G‘ofurov[7] 04.09.2017 17.06.2019
Davron Shoqurbonov[8] 17.06.2019 26.05.2020
Diyor Imomxoʻjayev[9] 26.05.2020 hozirgacha

Ijroiya qoʻmitasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Diyor Imomxoʻjayev, Bosh direktor[10].

Odil Ahmedov, Ijroiya qoʻmitasi aʼzosi, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi vitse-prezidenti[10].

Aziza Tatlimuratova, Ijroiya qoʻmitasi aʼzosi, Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi ayollar futbolini rivojlantirish boʻlimi boshligʻi[10].

Olimxon Ahmedov, Ijroiya qoʻmitasi aʼzosi, Turon futbol klubi prezidenti[10][11].

To‘labek Akramov, Ijroiya qoʻmitasi aʼzosi, Lokomotiv-Toshkent futbol klubi prezidenti[10].

Bahodir Mirzayev, Ijroiya qoʻmitasi aʼzosi, AGMK futbol klubi bosh direktori[10].

Alisher Yusupov, Ijroiya qoʻmitasi aʼzosi, Nasaf futbol klubi menejeri[10].

Maqsud Karimov, Ijroiya qoʻmitasi aʼzosi, Nasaf futbol klubi bosh direktori[10].

Oybekxon Ibrohimxonov, Ijroiya qoʻmitasi aʼzosi, Oʻzbekiston Professional futbol ligasi yurist-konsultanti[10].

OʻzPFL tasarrufidagi musobaqalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Futbol boʻyicha Oʻzbekiston chempionati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Coca Cola Superligasi – Professional futbol klublari ishtirok etadigan, O‘zbekiston futbol musobaqalari tizimidagi eng yuqori divizion. 1992-yilda Oliy Liga nomi bilan tashkil etilgan. Jami 14ta jamoa qatnashadi. Chempionat mart-noyabr oylarida oʻtkaziladi va har bir jamoa 26ta uchrashuv oʻtkazadi. 2018-yilgacha musobaqa rasman Oliy liga deb nomlangan. 2019-yildan titul homiy ishtirokida dastlab Pepsi Superligasi, keyinchalik, 2020-yildan Coca Cola Superligasi deb nomlanadi. Oʻzbekiston chempionatlari tarixida jami 41ta klub ishtirok etgan va ulardan faqatgina 7ta klub chempionlik shohsupasiga erishgan: „Paxtakor“ – 14 marta, „Neftchi“ – 5 marta, „Bunyodkor“ – 5 marta, „Lokomotiv“ – 3 marta, „Doʻstlik“ – 2 marta, MHSK – 1 marta, „Navbahor“ – 1 marta. Turli yillarda Oʻzbekiston chempionatida jamoalar soni turlicha boʻlgan. Dastlabki yillarda chempionat bahslarida 16ta jamoa ishtirok etgan boʻlsa, keyinchalik turli yillarda jamoalar soni 14, 18 va 20ta boʻlgan. 2018-yilda bir marta chempionat jamoalari soni 12tani tashkil qilgan.

Oʻzbekiston Kubogi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston Professional futbol ligasi tomonidan tashkillashtiriladigan futbol boʻyicha milliy kubok musobaqasidir. Oʻzbekiston Kubogi bahslari 1992-yildan beri tashkil etib kelinadi. Musobaqaning ilk gʻolibi Namanganning „Navbahor“ klubi hisoblanadi. Oʻzbeksiton Kubogi gʻoliblari OFK Chempionlar Ligasida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritadi.

Liga kubogi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston Liga kubogi – erkaklar oʻrtasidagi futboli boʻyicha har yili oʻtkaziladigan futbol musobaqasi. Oʻzbekiston Professional futbol ligasi va Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan 2010-yildan buyon oʻtkazib kelinayotgan musobaqa 2016-2018-yillarda oʻtkazilmagan. Oʻzbekiston Liga kubogi – 2019-yilda ilk marta tashkil etilgan. Unda asosan Oʻzbekiston klublari, shuningdek OʻzPFL taklifiga koʻra Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Qozogʻiston futbol klublari ham qatnashadi. Musobaqaning ilk gʻolibi – Toshkentning „Paxtakor“ jamoasi[12].

Pro liga[tahrir | manbasini tahrirlash]

2017-yil 21-noyabr kuni PFL rahbariyati qaroriga koʻra, Oʻzbekiston Birinchi ligasi 2018-yilgi mavsumdan boshlab rasman Oʻzbekiston Pro ligasi deb oʻzgartirildi. Liga 18 tadan 16 ta jamoaga qisqartirildi[13].

Birinchi liga[tahrir | manbasini tahrirlash]

2010-yildan boshlab faoliyat olib boradi. 2010-yilgi mavsumdan eʼtiboran birinchi liga musobaqalari ikki mintaqaga boʻlingan holda olib boriladi: sharq mintaqasi va gʻarb mintaqasi. Sharq mintaqasi jamoalari Andijon, Namangan, Fargʻona va Toshkent viloyati futbol klublaridan tashkil topgan. Gʻarb mintaqasi jamoalari Sirdaryo, Jizzax, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Buxoro, Xorazm viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi futbol klublaridan tashkil topgan. Har bir mintaqada qatnashadigan jamoalar soni: 12 ta.

Oʻzbekiston Birinchi ligasi ilgari futbol tizimida ikkinchi toifali musobaqa vazifasini bajarib kelgan. 2018-yilda Pro ligaga asos solinganidan keyin, 2020-yildan eʼtiboran Birinchi liga qayta tashkil qilindi va endilikda mamlakatda uchinchi darajali musobaqa sanaladi.

Oʻzbekiston ikkinchi ligasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekistondagi darajasi boʻyicha 4-oʻrindagi (Superliga va Pro-ligadan keyin) futbol ligasi. 2020-yilda Birinchi liga tashkil etilishidan oldin darajasi boʻyicha 3-oʻrinda edi.

Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi nazorati ostidagi Oʻzbekiston PFL hamda uning hududiy boʻlimlari qoshida oʻtkazilgan[14].

U-21 chempionati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston futboli tizimida Superliga jamoalarining yoshlar tarkiblari oʻynaydigan musobaqa. Unda OʻzPFL reglamentiga muvofiq 21 yosh va undan kichik futbolchilar ishtirok etadi. U-21 chempionati uchrashuvlari asosiy tarkiblar uchrashuvidan bir kun keyin tashkil etiladi[15].

U-19 chempionati[tahrir | manbasini tahrirlash]

19 yoshgacha boʻlgan yoshlar terma jamoasi futbol boʻyicha yoshlar oʻrtasidagi jahon chempionati (U-20), 19 yoshgacha boʻlgan (U-19) Osiyo chempionati va boshqa turnirlarda Oʻzbekiston sharafini himoya qiladi. Superliga va Pro liga klublarining 19 yoshgacha boʻlgan tarkiblari oʻrtasida oʻtkaziladigan musobaqa. U-19 chempionatiga 2021-yilda asos solingan. Unda ikki yuqori divizionning barcha klublari oʻz tarbiyalanuvchilari bilan gʻoliblik uchun kurash olib boradi. Superliga va Pro liga klublarining 19 yoshgacha boʻlgan tarkiblari oʻrtasida oʻtkaziladigan musobaqa. U-19 chempionatiga 2021-yilda asos solingan. Unda ikki yuqori divizionning barcha klublari oʻz tarbiyalanuvchilari bilan gʻoliblik uchun kurash olib boradi[16].

Ayollar Oliy ligasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekistonning eng kuchli ayollar klublari toʻp suradigan Oʻzbekiston chempionati oliy divizioni. Turnir 1995-yildan buyon oʻtkazib kelinmoqda. Oʻzbekistonning ayollar jamoalari oʻrtasidagi chempioni Futbol boʻyicha ayollar Osiyo chempionlar ligasida ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻladi.2010-yildan buyon Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi qoshidagi Oʻzbekiston ayollar futboli assotsiatsiyasi (OAFA) shafeligida oʻtkazib kelinmoqda. 2013-yilgi mavsumdan boshlab Oliy ligada faqat professional klublar ishtirok etishi mumkin. 2011-yildan beri Birinchi liga jamoalari oʻrtasida Oʻzbekiston chempionati oʻtkazib kelinmoqda. Ishtirokchilar soni doimiy emas. Professional klublardan tashqari, Nizomga mutlaq rioya qilgan holda ishtirok etishiga ruxsat beriladi[17]. FIFA talabidan kelib chiqib, 2023-yildan boshlab ayollar futboli musobaqalari bevosita Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan oʻtkaziladi[18].

Futzal Oliy ligasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Futzal boʻyicha Oʻzbekiston chempionati asosiy divizioni. Unda futzal boʻyicha mamlakatning eng kuchli jamoalari ishtirok etadi. Musobaqa OʻzPFL tomonidan alohida Reglament asosida oʻtkazildi va gʻolib jamoa yakunda Futzal boʻyicha Osiyo Chempionlar ligasida ishtirok etish huquqini qoʻlga kiritadi[19].

Futzal boʻyicha Oʻzbekiston kubogi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Futzal boʻyicha Oʻzbekiston Kubogi – Futzal Oliy liga va Futzal Birinchi ligasi jamoalari qatnashadigan har yilgi musobaqa[20].

Futzal Birinchi ligasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Futzal boʻyicha Birinchi liga bahslarida professional hamda yarim-professional futzal jamoalari ishtirok etadi. Klublar Futzal Birinchi ligasida Oliy liga yoʻllanmasini qoʻlga kiritish uchun bahs olib borishadi.

Futzal U-18 chempionati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Futzal boʻyicha U-18 chempionatiga 2022-yilda asos solingan. Musobaqa Futzal boʻyicha Oliy liga klublari qoshidagi 18 yoshgacha boʻlgan futzalchilardan iborat jamoalar ishtirokida tashkil etiladi va Osiyo Futbol Konfederatsiyasining Litsenziyalash jarayoni shartlaridan biri hisoblanadi. Oʻzbekiston Futzal oliy ligasi 2007-yildan beri oʻtkazib kelinadi. Ayni paytda Oʻzbekistonda 18 yoshgacha boʻlgan 15ta futzal jamoasi bor[21].

Homiylar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston Professional futbol ligasi 2018—2019-yillarda Pepsi shirkati bilan hamkorlik qilgan. 2019-yildan boshlab esa Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan kompaniyasi Oʻzbekiston Superligasiga titul homiy vazifasini bajarib kelmoqda. Ommaviy axborot vositalarida va rasmiy tadbirlarda futbol boʻyicha Oʻzbekiston chempionati yuqori divizioni Coca-Cola Superliga deb yuritiladi[22]. 2020-yilda „Apex Insurance“ sugʻurta shirkati bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻydi. Shirkat ligada roʻyxatdan oʻtgan 1500 nafardan oshiq professional futbolchilar salomatligi sug‘urtalanishini taʼminlab beradi[23]. 2023-yil 16-mart kuni „BMB Holding“ shirkati Superliganing rasmiy homiysi boʻldi[24]. Shuningdek, 2023-yil davomida Olcha.uz axborot portali va Centrum Air xususiy aviakompaniyasi Oʻzbekiston Professional futbol ligasining hamkorlari boʻlishgan. 2024-yil 28-fevral kuni Oʻzbekiston maishiy texnika bozoridagi eng yirik brend hisoblangan „Artel“ shirkati 2026-yil oxirigacha Superliganing titul homiysiga aylandi[25][26]. Shu yil 12-mart kuni Uzcard shirkati Oʻzbekiston Professional futbol ligasining rasmiy hamkori boʻldi[27][28].

Yutuqlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston Professional futbol ligasi Osiyo qitʼasida Litsenziyalash boʻyicha yetakchilardan biri sanaladi. 2021-yil yakunlariga koʻra, Oʻzbekistonning 12 ta klubi Osiyo Futbol Konfederatsiyasi litsenziyasini qoʻlga kiritdi va bu qitʼada 3-eng yaxshi natija sifatida qayd etildi. 2021-yilda ayollar jamoalari oʻrtasida ham Oʻzbekistonning 2 ta klubi Osiyoda birinchilaridan boʻlib litsenziyalashdan muvaffaqiyatli oʻtdi[29].

OʻzPFL Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda Oʻzbekiston nodavlat-notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi tomonidan 2021-yil yakunlariga koʻra „Eng shaffof nodavlat-notijorat tashkilotlari TOP-20“ roʻyxatidan oʻrin olgan[29].

Har oyda Oʻzbekistondagi eng yaxshi futbol klubi, eng yaxshi ayol/erkak futbolchi, eng yaxshi hakam va boshqa nominatsiyalar boʻyicha gʻoliblarni aniqlaydi va yil oxirida ularni taqdirlash ishlarini tashkil qiladi[30].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Sport maktablari faoliyatini hamda sport maktablari trenerlari va mutaxassislari mehnatini moddiy rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida“. LexUz (2010-yil 23-sentyabr).
  2. OʻzPFL Jahon Professional futbol ligalari assotsiatsiyasi aʼzosiga aylandi
  3. World Association of Professional Football Leagues
  4. „PFL Superliga taqvimini o‘zgartirdi va o‘zgarishlarga izoh berdi“. kun.uz.
  5. Diyor Imomxoʻjayev. „Omad sizga, Farhod Magomedov“. championat.asia.
  6. „Farhod Magomedov PFL direktorligidan bo‘shatildi“. kun.uz (2017-yil 10-oktyabr).
  7. „PFL bosh direktori Omon G‘ofurov iste'foga chiqdi“. kun.uz.
  8. „Rasman: Davron Shakurbanov O'zPFL bosh direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlandi“. championat.asia.
  9. „Bukmekerlik idoralari, kelishilgan o‘yinlar va futboldagi korrupsiya. PFL rahbariyati bilan suhbat“. kun.uz.
  10. 10,0 10,1 10,2 10,3 10,4 10,5 10,6 10,7 10,8 „O‘zbekiston Professional futbol ligasi Ijroiya qo‘mitasi“. Oʻzbekiston Professional futbol ligasi.
  11. „Turon ta'sischisi klub prezidenti lavozimida ishlaydi“.
  12. https://pfl.uz/uzb/clubs/1
  13. „Oʻzbekiston Birinchi ligasi rasman O‘zbekiston Pro ligasi deb o‘zgartirildi“.
  14. https://azscore.uz/football/leagues/uzbekistan/uzbekistan-division-2
  15. https://www.transfermarkt.com/usbekistan-u21/startseite/verein/30418
  16. „Uzbekistan U19“. Transfermarkt.
  17. Ayollar futboli // Professional futbol ligasi
  18. „Ayollar futboli musobaqalari 2023-yildan boshlab O‘FA tomonidan o‘tkaziladi“.
  19. „Futzal boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi“.
  20. Futsal World Ranking
  21. Futzal chempionati
  22. Coca-Cola sponsors the 2019 Uzbekistan Super League
  23. PFL APEX INSURANCE bilan hamkorlikni uzaytirdi
  24. BMB Trade group Liga rasmiy homiysiga aylandi
  25. „Artel O‘zbekiston Professional futbol ligasining titul homiyiga aylandi“.
  26. „Artel 2026 йил якунига қадар Суперлига титул ҳомийсига айланди“.
  27. „UZCARD O‘zbekiston futbolini rivojlantirish yo‘lida muhim qadam tashladi“.
  28. „UZCARD O‘FA va PFL rasmiy hamkoriga aylandi“.
  29. 29,0 29,1 „Litsenziyalash yakunlari: 12 ta klub OFK litsenziyasini, 9 ta klub esa milliy litsenziyani shartli ravishda qo‘lga kiritdi“. Oʻzbekiston Professional futbol ligasi.
  30. YouTube logotipi PROFESSIONAL FUTBOL LIGASI TAQDIRLASH MAROSIMI - 2022 YouTubeda

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]