Oʻxshashlik nazariyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oʻxshashlik nazariyasi — fizik hodisalarning oʻxshash sharoitlarini miqdoriy jihatdan tadqiq qilish usullarini ishlab chiqish bilan shugʻullanadigan taʼlimot. Fizik oʻxshashlik turdosh hodisalar orasidagi muvofiklikni, yaʼni bir fizik hodisaning barcha miqdoriy koʻsatkichlari mutanosib ravishda oʻzgartirilishi natijasida hosil boʻlishini bildiradi. Oʻxshashlik nazariyasi ning asosiy vazifasi turli fizik hodisalarning oʻxshashlik mezonlarini aniqlash va shu mezonlar yordamida hodisalarning oʻzini oʻrganishdir. Fizik hodisalar, jarayonlar va sistemalar oʻxshashligi bir sistema holatini ifodalovchi oʻzgaruvchi kattaliklarning vaqtning oʻxshash paytlarida fazoning oʻxshash nuqtalaridagi qiymatlari boshqa sistemaning xuddi shunday kattaliklariga mutanosib boʻlishiga asoslandi. Kattaliklarning har biriga tegishli mutanosiblik (proporsionallik) koeffitsiyenti oʻxshashlik koeffitsiyenti deyiladi.

Fizik oʻxshashlik geometriyada biz yaqqol va sodda ravishda koʻradigan geometrik oʻxshashlikning umumlashmasidir. Geometrik oʻxshashlikda oʻxshash figuralar yoki jismlarning oʻxshash geometrik elementlari orasida mutanosiblik (oʻxshashlik) boʻladi. Maydonning fizik oʻxshashligida ikki sistemaning mos fizik parametrlari fazo va vaqtda oʻxshash boʻladi. Mas, kinematik oʻxshashlikda qaralayotgan ikki harakat uchun tezliklar maydonning oʻxshashligi mavjud boʻladi; dinamik oʻxshashlikda esa taʼsir qilayotgan turli tabiatli kuchlar (ogʻirlik kuchlari, bosim kuchlari, yopishqoqlik kuchlari va shahri oʻ.) yoki kuchlar maydonining oʻxshashligi amalda boʻladi; mexanik oʻxshashlik (mas, ikki suyuqlik yoki gaz oqimining, ikki elastik sistemaning oʻxshashligi) amalda boʻlishi uchun geometrik, kinematik, dinamik oʻxshashlik mavjud boʻlishi kerak; elektrodinamik oʻxshashlikda — tok, kuchlanish, quvvat maydonlarining oʻxshashligi boʻlishi kerak. Bu oʻxshashliklar fizik oʻxshashlikning xususiy koʻrinishidir.

Mexanik, issiqlik va kimyoviy hodisalarning majmuidan iborat murakkab fizik va fizikkimyoviy jarayonlarni tadqiq qilishning rivojlanishi munosabati bilan jarayonlar uchun Oʻxshashlik nazariyasi usullari ham takomillashib bordi, mas, mashina detallarining ishqalanish va yemirilish jarayonlari, fizikkimyoviy oʻtishlar kinetikasi jarayonlari va boshqalar hodisalarning oʻxshashlik sharoitlari aniqlanadi. Oʻxshash hodisalarni ifodalovchi barcha parametrlardan tuzish mumkin boʻlgan barcha oʻlchovsiz kombinatsiyalar oʻxshash hodisalar uchun birday son qiymatlarga ega boʻladi. Qaralayotgan hodisalarni aniklovchi parametrlardan tuzilgan oʻlchovsiz kombinatsiyalar oʻxshashlik mezonlari deb ataladi. Oʻxshashlik mezonlaridan tuzilgan ixtiyoriy kombinatsiya ham koʻrilayotgan fizik hodisalar uchun oʻxshashlik mezoni boʻla oladi.

Agar koʻrilayotgan fizik hodisalar yoki sistemalarda barcha mezonlar emas, ulardan baʼzilari teng boʻlsa oʻxshashlik qisman oʻxshashlik deb yuritiladi. Ana shunday oʻxshashlik amalda eng koʻp uchraydi. Bunday tengligi saqlanmaydigan mezonlarning fizik jarayonlarga koʻrsatadigan taʼsiri sezilarli boʻlmasligi yoki ikkinchi darajali boʻlishi kerak.

Oʻxshashlik mezoniga kiruvchi oʻlchamli fizik parametrlar oʻxshash sistemalar uchun bir-biridan katta farq qiluvchi qiymatlar olishi mumkin, faqat oʻlchamsiz oʻxshashlik mezonlarigina birday boʻlishi kerak. Oʻxshash sistemalarning ana shu xossasi modellash usuli ga asos qilib olingan.