Oʻtov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Oʻtov — koʻchma uy, turar joy; koʻchmanchi, yarim koʻchmanchi xalqlarning asosiy turar joyi. Yengil xom ashyo (asosan, yogʻoch)lardan konussimon shaklda yasaladi: aylana shakldagi panjara devor va tepa qismdan iborat boʻlib, ustidan kigiz bilan yopiladi; shuning uchun "uy", "kigiz uy" deb ataladi. Oʻ.ning oʻrtasida oʻchoq joylashadi, ichi oʻziga xos tarzda qismlar (ayollar qismi, erkaklar qismi va boshqalar)ga boʻlinadi. Tuzilishi jihatidan bir xil boʻlgan Oʻ. tashqi koʻrinishi (bezaklari), pastbalandligi, kattakichikligi bilan farqlanadi. "Oʻ." soʻzi, koʻpincha yangi oq kigiz bilan qoplangan, kelinchaklarga atab qurilgan uylarga nisbatan ishlatilgan; yangi kigiz ustidan oq mato qoplangan, oq arqonlar bilan tortib bezatilgan. Bundan hashamatli Oʻ. "oq uy" deb ataladi. Oddiy Oʻ.lar, koʻpincha xoʻjaliklar ehtiyoji uchun tiklangan Oʻ.lar "qora uy" deyiladi. Tarixiy yozma manbalarda Oʻ. Oʻrta Osiyo va Janubiy Sibirda yashagan xalqlarda qadimdan mavjudligi, hatto oʻrta asrlarda toʻrt gʻildirakli katta aravalarga Oʻ. tikib foydalanilgani qayd etilgan. Oʻ. 20-asr boshlarigacha Markaziy Osiyo va Oʻrta Osiyo, Janubiy Sibir, shuningdek, moʻgʻullar va boshqalar bir qancha xalqlarda mavjud boʻlgan. Xalqlarning oʻtroqlashishi natijasida Oʻ. oʻz ahamiyatini qisman yoʻqotgan; qulay boshpana sifatida asosan choʻponlar undan foydalanadi. Solnomalarda "oq uy"larning har xil turlari (sarparda, sarqalʼa va boshqalar) boʻlganligi qayd etilgan.