Oʻtloqshunoslik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Oʻtloqshunoslik — oʻtloq va yay lovlar haqidagi taʼlimot; geobotanika (biogeotsenologiya)ning bir boʻlimi; oʻtloqchilikning ilmiy asosi. Oʻtloq xillarini va ularning joylashish qonuniyatlarini aniqlash hamda tavsiflash; oʻtloq biogenotsenozlarining tarkibi va dinamikasini aniqlash, oʻtloq oʻsimliklarining biologik, ekologik hamda xoʻjalik xususiyatlarini oʻrganish; yaylov va pichanzorlardan yemxashak sifatida foydalanish, mavjud zararli va zaharli oʻsimliklarni, tabiiy oʻtloq turlarini oʻrganish, oʻtloqlarda pasportlashtirish va inventarizatsiya ishlarini tashkil qilish, yaylov turlarini tahlil qilish va boshqalar bilan shugʻullanadi. Oʻ.ning asosiy vazifasi oʻtoʻsimliklardan eng koʻp miqdorda yaylov oʻti, pichan va ozuqa turlarini olish, yemxashak yetishtirishning tarkibiy qismi tarzida tabiiy pichanzorlar va yaylovlarni yaxshilash, madaniy pichanzor va yaylovlar barpo etish, ulardan oqilona foydalanish boʻyicha choratadbirlarni ham qamraydi.

Oʻ. tarixi juda koʻhna. Uzoq asrlar davomida chorva mollari yil boʻyi oʻtloq (yaylov)larda boqilgan (qish oylarida mollar qor ostida qolgan oʻtlar poyasi va bargi bilan oziqlangan). 20-asr boshlaridan ayrim mamlakatlarda mollar yozda oʻtzor yaylovlarda boqilib, qish davri uchun oʻtloqlardan pichan tayyorlashga oʻtildi. Oʻtloqlarni quritish, suvli qilish, yangi oʻt turlari va navlarini ekish tadbirlari amalga oshirildi. 1 ga pichanzor va yaylovlar mahsuldorligi 4—6 ming ozuqa birligiga yetkazildi (sugʻorilganda 10 ming dan ortiq). Oʻzbekistonda Oʻ. muammolari boʻyicha ilmiy ishlar Oʻzbekiston chorvachilik; paxtachilik; gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi; qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi ilmiy tekshirish institutlarida; Oʻzbekiston FA Botanika instituti, shuningdek, tajriba st-yalari, tarmoq oliy oʻquv yurtlari kafedralarida olib boriladi.