Oʻsimlikshunoslik instituti

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oʻzbekiston oʻsimlikshunoslik ilmiy tadqiqot instituti — oʻsimlikshunoslik boʻyicha yirik ilmiy-uslubiy markaz. Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish markazi tarkibida. 1925-yilda N. M. Vavilov tashabbusi bilan Leningrad Amaliy botanika, genetika va seleksiya institutining Oʻrta Osiyo boʻlimi tashkil etilgan. 1935-yildan Butunittifoq oʻsimlikshunoslik institutining Oʻrta Osiyo tajriba stansiyasi, 1979-yildan shu institutining Oʻrta Osiyo filiali. 1991-yildan hozirgi nomda. Toshkent viloyati Qibray tumani Oqqovoq qishlogʻida joylashgan. Qishloq xoʻjaligi ekinlarining namunalarini yigʻish va institutroduksiya qilish; institutroduksiya qilingan oʻsimliklarni karantin koʻrigidan oʻtkazish; oʻsimliklar genofondini saqlash va boyitish; qishloq xoʻjaligi ekinlarini atroflicha toʻla oʻrganish asosida seleksiya maskanlariga qimmatli xoʻjalik belgi va xususiyatlarga ega donorlar va birlamchi manbalar yetkazib berish; ekinlarning yangi navlarini yaratish; yangi, noanʼanaviy ekinlarni ishlab chiqarishga joriy etish; Institutda yaratilgan qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarining birlamchi urugʻchiligini olib borish va bilan shugʻullanadi. institut tarkibida (2005): oʻsimliklar genetik resurslarini hujjatlashtirish; institutroduksiya; dala ekinlari; texnika ekinlari; sabzavot, poliz ekinlari va kartoshka; mevarezavor ekinlari boʻlimlari, urugʻshunoslik; moyli ekinlar; uzumchilik; biokimyo laboratoriyalari, Andijon (Jalolquduq tumani Jalaquduq shirkat xoʻjaligi), Surxondaryo (Jarqoʻrgʻon tumani "Surxon" shirkat xoʻjaligi) tajriba xoʻjaliklari bor. Institutda oʻsimliklar genetik resurslari oʻrta muddatlarda (15—20 yil) saqlanadigan genlar banki — qishloq xoʻjaligi ekinlari genofondi yaratilgan. Ilmiy kutubxona, muzey faoliyat koʻrsatadi. Institutga ajratilgan umumiy yer maydoni 395 ga, shundan ekiladigan yer maydoni Qibray tumanida 135 ga, tajriba xoʻjaliklarida 195 ga (Andijon tajriba xoʻjaligida 45 ga, Surxondaryo tajriba xoʻjaligida 150 ga). Har yili 59 ga ochiq yer maydoniga dala, texnika, sabzavot va poliz, vegetativ holda koʻpayuvchi, respublika uchun noanʼanaviy boʻlgan ekinlarning 3000 ga yaqin namunalari ekilib, urugʻlari genlar bankida saqlash uchun olinadi. institut 80 turdan ortiq ekinlarning 30 ming dan koʻproq nav namunalariga ega. Institutda 26 ga maydonda tok kolleksiya bogʻi (1580 namuna), 46 ga maydonda mevarezavor ekinlari kolleksiya bogʻi (4013 namuna) tashkil etilgan, gʻoʻza namunalarining mamlakatda yagona boʻlgan tur, ish va dublet kolleksiyasida 5400 dan ortiq namuna saqlanadi. 80 yil davomida Davlat nav sinash komissiyasiga qishloq xoʻjaligi ekinlarining 750 dan ortiq navlari topshirilgan va shundan 240 tasi turli ylarda rayonlashtirilgan. 2005-yilda Oʻzbekiston hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xoʻjaligi ekinlarining 78 ta navi institut olimlari tomonidan yaratilgan navlardir. institut olimlari oʻsimlikshunoslikka oid 250 katalog, 29 ilmiy toʻplam, uslubiy qoʻllanmalar, darsliklar, tavsiyanomalar yaratdilar.

Institut faoliyati S.M.Pereskokov, N.G.Ruban, M.V.Muhammadjonov, V.P. Gorbunov, I.M.Pugachev, yilF. Uzoqov, K.I.Pangalo, M.G.Popov, K.A. Visotskiy, M.S.Juravel, V.K.Kobelev, I.A.Maksimov, V.P.Matveyev, P.A. Baranov, M.M.Negrul, K.F.Kostina, V.A.Arzumanov, Gʻ.Q.Qurbonov, A.R. Shreder, K.I.Baymetov, B.X.Sattorov va boshqalar koʻplab olimlar faoliyati bilan bogʻliq. Institutda 300 ga yaqin xodim, jumladan, 2 fan doktori, 14 fan nomzodlari ishladi (2005). Institutda ixtisoslashtirilgan ilmiy kengash, seleksiya va urugʻchilik, oʻsimlikshunoslik yoʻnalishlari boʻyicha aspirantura bor.

Institut jahonning yirik ilmiy tashkilotlari va genlar banklari bilan ilmiy hamkorlik aloqalari oʻrnatgan.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]