Oʻsimliklar embriologiyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oʻsimliklar embriologiyasi, fitoembriologiya — oʻsimliklar morfologiyasining xususiy predmeti, oʻsimliklar murtagining hosil boʻlishi va rivojlanishi qonuniyatlarini oʻrganadi. Ochiq urugʻlilar va gulli Oʻsimliklar embriologiyasi urugʻkurtak va gulda kechadigan ontogenezsh hamda gametofitlar, jinsiy hujayralar va zigotaning tuzilishi hamda rivojlanishini tadqiq qiladi. Oʻsimliklar embriologiyasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar qadimdan maʼlum. 16—18-asrlarda asosiy eʼtibor gulli oʻsimliklar jinsini aniqlashga qaratiladi; duragaylash va chetdan changlantirish borasidagi eksperimental ishlar natijasida chetdan changlantirishning ahamiyati ochib beriladi. Italiya olimi M.Malpigi birinchi boʻlib gulli oʻsimliklarning tuxum hujayrasi va murtak xaltasini (1675), ingliz botanigi N.Gryu urugʻ endospermasini (1672) kashf etadi. Oʻsimliklar embriologiyasi mustaqil fan sifatida faqat 19-asr oʻrtalarida shakllana boshladi. Uning shakllanishi koʻp jihatdan hujayra nazariyasini va evolyutsion taʼlimotning yaratilishi bilan bogʻliq. 20asr boshlarida ochiq va yopiq urugʻlilar gametofiti va chang naychasining rivojlanishi toʻgʻrisida fundamental kashfiyotlar qilindi; meyoz, mikrosporogenez va qoʻsh urugʻlanishning mohiyati ochib beridsi. Klassik tadqiqotlar tufayli Oʻsimliklar embriologiyasining zamonaviy muammolari: ontogenezning asosiy davrlari — changdonning rivojlanishi, makrosporogenez, mikrosporalardan erkak gametofit (chang zarrachalari) va chang naychasining shakllanishi; makrosporogenez va makrosporalardan urgʻochi gametofit — murtak xaltasining hosil boʻlishi, qoʻsh urugʻlanish, endosperm va murtakning shakllanishi va boshqalar aniqlanadi.

Tuban oʻsimliklar (suvoʻtlar), lishayniklar, zamburugʻlar generativ organlarining rivojlanishi uzoq vaqt davomida oʻrganilmagan edi. Bu sohadagi ishlar soʻnggi yillarda jadal olib borilmoqda.

Solishtirma embriologiya har xil taksonomik guruhlarga mansub organizmlar embrional belgilarini oʻrganish va solishtirish, oʻsimliklar rivojlanishi siklida nasl gallanishlarini solishtirib oʻrganish bilan shugʻullanadi. Bu ishlarning natijasi oʻsimliklar sistematikasidagi yechilmagan muammolarni hal etishda va filogenetik sistemalarni yaratishda muhim ahamiyatga ega.