Oʻsimlik moylari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Oʻsimlik Moylaridan yoʻnaltirildi)

Oʻsimlik moylari — moyli xom ashyolardan ajratib olinadigan mahsulot, oʻsimlik yogʻlari "moylar" deb ataladi. Moylar, asosan, yuqori molekulali yogʻ kislotalarining uch atomli spirtlar (glitserin) bilan hosil qilgan murakkab efirlari — triglitseridlardan (95—97%) tashkil topgan. Triglitseridlar — rangsiz, hidsiz va taʼmsiz moddalar (qarang Yogʻ). Oʻsimlik moylari tarkibiga oz miqdorda fosfolipidlar, karotinoidlar, mumlar, vitaminlar, erkin yogʻ kislotalari ham kiradi. Oʻsimlik moylarining hidi, taʼmi, rangti ana shu moddalarga bogʻliq. Oʻsimlik moylariga bodom, yer yongʻoq, zigʻir, zaytun, indov (raps), kanakunjut, kakao, kashnich, kanop, kedr, kokos, kunjut, koʻknor, kungaboqar, lavr, makkajoʻxori, masxar, nasha, olcha, olxoʻri, palma, pomidor, gʻoʻza, pista, soya, toʻng, tarvuz, tamaki, uzum, oʻrik, sholi, shaftoli, xantal (gorchitsa), qovun, qoraqayin, qovoq va boshqalar oʻsimliklar moylari kiradi. Moylar oʻsimliklarning hamma qismida uchraydi, lekin vegetativ organlarda meva va urugʻlarga nisbatan birmuncha kam boʻladi. Oʻsimliklar urugʻi tarkibidagi moy miqdoriOʻsimliklar Moy miqdori, %Yer yongʻoq 40,260,7Kanakunjut 45,158,5Kunjut 46,261,0Zigʻir 36,849,5Yongʻoq 60,074,0Indov 38,049,5Chigit 17,228,3Kungaboqar 23,545,0Soya 14,025,0Masxar 25,037,0Oʻ.m.ning xossasi, asosan, glitserin bilan efir bogʻlarini hosil qiluvchi yogʻ kislotalar tabiatiga koʻra aniqlanadi. Moylar tarkibida uchraydigan yogʻ kislotalar toʻyingan va toʻyinmagan boʻladi. Odatda, toʻyinmagan yogʻ kislotalar bir, ikki va uch qoʻshbogʻli, bir asosli, shoxlanmagan va juft sonli karbon atomlariga (koʻpincha S|6va S|8) ega boʻlgan yogʻ kislotalardan iborat. Bundan tashqari, Oʻsimlik moylarida oz miqdorda toq sonli karbon atomga ega (S]5dan S23gacha) boʻlgan yogʻ kislotalar ham uchraydi. Oʻsimlik moylarining quyuqligi va qotish darajasi ulardagi toʻyinmagan yogʻ kislotalar miqdoriga bogʻliq. Toʻyinmagan yogʻ kislotalar koʻp boʻlmagan Oʻsimlik moylari suyuq, qotish temperaturasi 0° dan past. Palma moyi qattiq Oʻsimlik moylariga misol boʻladi. Oʻsimlik moylarining fizik va kimyoviy xossalari ularning yod, kislota va sovunlanish sonlari bilan ifodalanadi. Yod soni moy tarkibidagi yogʻ kislotalarining toʻyinmaslik darajasini belgilaydi. Yod soni qancha katta boʻlsa, moy shuncha suyuq boʻladi. Odatda, suyuq moylarni oziq sifatida isteʼmol qilib boʻlmaydi; ulardan turli boʻyoqlar, lok, alifmoy tayyorlashda va boshqalar texnik maqsadlarda foydalaniladi.

Koʻpgina Oʻsimlik moylari havoda oksidlanib, yupqa parda hosil qiladi ("quriydi"). Yod soni 85 dan kichik boʻlgan moylar qurimaydigan, 130 dan yuqori boʻlgan moylar yaxshi quriydigan moylar hisoblanadi. Kislota soni moylar tarkibidagi erkin yogʻ kislotalari miqdorini ifodalaydi. Bu son yogʻning sifatini belgilaydi. Odatda, Oʻsimlik moylari tarkibida juda oz erkin yogʻ kislotalar uchraydi, binobarin ularning kislota soni ham kichik boʻladi. Uzoq muddat saqlangan yoki xom urugʻlardan tayyorlangan moylarda erkin yogʻ kislotalar miqdori yuqori, ularning kislota soni ham katta boʻladi. Oʻsimlik moylari uzoq muddat saqlanganida namlik, havo, yorugʻlik va boshqalar taʼsirida hosil boʻladigan aldegidlar, ketonlar va baʼzi bir yogʻ kislotalari ularga qoʻlansa hid va taxir taʼm beradi. Toʻyinmagan yogʻ kislotalardagi qoʻshbogʻlarga vodorod atomini biriktirish yoʻli bilan suyuq Oʻsimlik moylari qattiq moylarga aylantiriladi (qarang Gidrogenlash). Bunday reaksiyalardan margarin tayyorlashda foydalaniladi.

Oʻsimlik moylarining biologik qiymati ular tarkibida koʻp miqdora uchraydigan toʻyinmagan yogʻ kislotalari, fosfolipidlar va tokoferollar bilan aniklanadi. Fosfolipidlar soya (3000 mg%), paxta (2500 mg%), kungaboqar (1400 mg%) moylarida, tokoferollar makkajoʻxori moyida (100 mg%) koʻp boʻladi. Tokoferollarning vitaminlik qiymati ular miqdoriga emas, balki xiliga (mas, makkajoʻxori moyi vitaminlik qiymatining yuqori boʻlishi uning tarkibidagi alfa tokoferolga) bogʻliq.

Oʻsimlik moylari, asosan, siqish (ezish) va ekstratsiya usulida ajratib olinadi. Har ikkala usulning dastlabki bosqichlari urugʻlarni (chigit va pistani) tozalash va magʻizni qobigʻidan ajratish (parchalash)dan iborat. Soʻngra magʻiz maydalanadi (yanchiladi). Yanchilgan magʻiz maxsus qozonlarda aralashtirilib, namlangan holda 100—110° da qizdiriladi. Hosil boʻlgan yanchmani maxsus presslarda siqish (ezish) orqali moy ajratib olinadi. Ular tozalik darajasiga qarab, filtrlangan, rafinatsiya qilinmagan va rafinatsiya qilingan navlarga ajratiladi.

Oʻzbekistonda foydalaniladigan Oʻsimlik moylarining 80% paxta moyiga, qolganlari esa soya, kungaboqar, masxar, kunjut va boshqalar oʻsimliklar moyiga toʻgʻri keladi. Oʻsimlik moylari muhim oziq-ovqat mahsuloti, ulardan konservalar, konditer mahsulotlari, margarin tayyorlashda foydalaniladi. Texnikada Oʻsimlik moylarii sovun, alifmoy, lok, glitserin, yogʻ kislotalari va boshqalar mahsulotlar olishda ishlatiladi. Tibbiyot va farmakologiyada suyuq Oʻsimlik moylari (bodom, kanakunjut moyi) dan moy emulsiyalari tayyorlanadi. Ayrim Oʻsimlik moylari (zaytun, zigʻir, bodom moyi) har xil surtmalar va linimentlar asosini tashkil etadi. Koʻpchilik Oʻsimlik moylari kosmetik vositalar tarkibiga ham qoʻshiladi.

Ad.\ Imomaliyev A., Zikiryoyev A., Oʻsimliklar biokimyosi, T., 1987; Sherbako v V. G., Bioximiya i tovarovedeniye maslichnogo sshrya, M., 1991.

Abdukarim Zikiryoyev.