Oʻrgimchakkanalar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Oʻrgimchakkanalar — oʻrgimchaksimonlarga mansub kanalar oilasi. Texnika, poliz ekinlari hamda mevali daraxtlar ashaddiy zararkunandasi. Oʻ.ning oddiy oʻrgimchakkana Oʻ. atlant oʻrgimchakkanasi, bogʻ oʻrgimchakkanasi meva qoʻngʻir kanasi, meva qizgʻish kanasi (T. rapopuspsh iglch Kos.) kabi 100 ga yaqin turi maʼlum.

Oʻrta Osiyoning sugʻorma dehqonchilik mintaqalarida koʻp uchraydigan oddiy Oʻ. — hammaxoʻr zararkunanda. Yetuk hasharoti tana uz. 0,4—0,5 mm, 4 juft oyokli, tanasining ustki qismida 26 ta ingichka tukchalari bor, rangi yozda sargʻishkoʻkimtir, kuzda, qishda va erta bahorda qizgʻish yoki qizil. Tuxumi sharsimon (0,1 mm), yaltiroq, koʻkimtir. Lichinkasi 0,13—0,19 mm, uch juft oyoqli. Nimfalari 0,13—0,15 mm. Oʻsimlik shirasi bilan oziqlanadi, oʻsimlik bargining orqa tomoniga uya yasaydi, shu joyda rivojlanadi. Erkagi urgʻochisiga nisbatan 2 marta kichik. Rivojlanish siklida tuxum, lichinka, pronimfa, deytnoma va yetuk hasharot (imago) davrlarini oʻtaydi. Yetuk urgʻochilari 40 kungacha yashaydi va 140—600 tagacha tuxum qoʻyadi. Harorat koʻtarilishi bilan rivojlanishi tezlashadi. Tuxumlardan 2—3 kunda lichinkalar chiqadi. Yiliga 12—18 martagacha avlod beradi. Oʻ. kuzda qaysi dalada oziqlagan boʻlsa oʻsha yerda yoki uning yaqinida imago holida tuproq yuzasi va tagida hamda tut daraxtlarida qishlaydi. Qishning — 28° dan ortiq sovugʻi, bahorda esa dambadam yogʻadigan jala Oʻ.ni koʻplab nobud qiladi. Oʻ. mart oyida, oʻrtacha havo harorati 12—14° da qishlovdan chiqib, begona oʻtlarda birinchi avlodni oʻtaydi. Begona oʻtlar quriy boshlagach (may oyining 2-yarmida), gʻoʻza, poliz ekinlari (bodring), soya va mevali daraxtlargaoʻtadi. Oʻ. oʻzi ajratgan oq ipakchalari bilan oʻsimlik barglarini butkul qoplab oladi va hujayra shirasini soʻrib, xloroplastlarni yemiradi. Natijada barglarda qizgʻish dogʻlar paydo boʻladi, keyinchalik dogʻlar bir-biriga qoʻshilib barglar qoʻngʻir tusga kiradi va vaqtidan erta toʻkilib ketadi, oʻsimlik mevalari yaxshi rivojlanmay nobud boʻladi. Atl ant oʻrgimchakkanasi odsiy Oʻ.ga oʻxshash; beda, yoʻngʻichqa, nok, olma va boshqalar mevali daraxtlarni ham zararlaydi.

Kurash choralari: kuzda ekin poyalari daladan chiqarib tashlanadi; begona oʻtlar yoʻqotiladi, vegetatsiya davrida daraxtlar va ekinlarga oltingugurt kukuni bilan ishlov beriladi; erta bahorda mevali daraxtlarga akaritsidlar purkaladi. Shuningdek, Oʻ.ga qarshi biologik kurash usulida nuqtali kanaxoʻr (stetorus), yirtqich kana (orius), kanaxoʻr trips va oltinkoʻzlar lichinkasidan foydlaniladi.