Kontent qismiga oʻtish

Poʻstloq

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(O`simliklar po`stlog`idan yoʻnaltirildi)
Poʻstloq

Poʻstloq, oʻsimliklar poʻstlogʻi (lotincha:  cortex) — oʻsimlik poya va ildizlarining kambiydan keyingi sirtqi qismi; har xil toʻqimalardan tuzilgan. Birlamchi va ikkilamchi P. bor. Birlamchi P. oʻsish konusida birlamchi qoplovchi toʻqimalar bilan mar-kaziy silindr orasida meristemaning tashqi qavatlaridan shakllanadi. U parenximadan tuzilgan, hamma oʻsimliklarning ildizida yaxshi rivojlanadi; ikki pallali va ochiq urugʻlilarda esa ildizpoyasida va poyalarida ham boʻladi. Ikki pallalilar poyasida birlamchi P. ning sirtqi qismi, asosan, kol-lenximadan, bir pallalilar ildizida esa ekzodermadan iborat. Ikkilamchi P. (ikkilamchi floema, yaʼni lub) kambiydan rivojlangan boʻlib, toʻrsimon naychalar, lub parenximasi, mexanik tolalardan iborat. U fotosintez mahsulotlarini pastga — oʻsimlik boʻylab tarkatib, 1-, 2-yillari oʻtkazuvchi toʻqima vazifasini bajaradi. Eski P. poʻkaklanib, oʻtkazuvchi vazifasini bajarmay qoʻyadi, u yogʻochni fakat mexanik va kimyoviy taʼsirlardan himoya qiladi. Quruq P. tarkibida 16—23% sellyuloza, 7—15% pentozan, 6—16% geksozan, 8—10% poliuronidlar, 27—33% lignin, 14—30% ekstrakt moddalar bor. Odatda, daraxt poyasi va ildizlari oson koʻchadigan ustki qismi P. deb ataladi. Yosh daraxtlar poʻstlogʻi silliq boʻlib, rivojlanish davomida dagʻallashib yoriqchalar hosil qiladi. Qayin poʻstlogʻining poʻkak qismidan smola; lipaning lub tolasidan mochalka; beresklet ildizining poʻstlogʻidan guttapercha (7%); zi-gʻir, kanop va boshqa poʻstlogʻidan toʻqimachilikda ishlatiladigan tolalar; eman, tol poʻstlogʻidan oshlovchi moddalar; xin daraxti poʻstlogʻidan xinin va boshqa olinadi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil