Oʻn ikki imom

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(O'n Ikki Imomdan yoʻnaltirildi)

Oʻn ikki imom — shialikdagi asosiy oqim — imomiylar (baʼzan "oʻn ikkichilar" — "isno ashʼariya" deb ataladi) oʻrtasida eʼtiqod qilinadigan imomlar sulolasi. Xalifa Ali bilan Fotimadan tarqalgan avlodlardan iborat. Ular paygʻambar avlodi deb eʼtirof etiladi. Imomiylar ularni islomning qonuniy rahnamolari deb tanib, xalifalar hokimiyatini gʻayriqonuniy deb hisoblaydi. Bular:

  • Ali ibn Abu Tolib;
  • Hasan ibn Ali;
  • Husayn ibn Ali;
  • Zaynal Obidin Ali (713 yil);
  • Muhammad al-Bokir (732 yil);
  • Jaʼfar as-Sodiq (700—765);
  • Muso al-Kozim (799 yil vaf.et.);
  • Ali ar-Rizo (818 yil vaf.et.);
  • Muhammad at-Taqiy (835 yil vaf.et.);
  • Ali an-Naqiy (868 yil vaf.et.);
  • Hasan al-Askariy (846—873);
  • Muhammad alMahdiy (rivoyatlarga koʻra, 874—878 yillar orasida yoʻqolgan).

Imomlarning baʼzilarigina oʻldirilgan yoki zaharlangan, lekin shunga qaramay imomiylar ularning barchasini xalifalar tomonidan oʻldirilgan deb hisoblaydi, ularni jabrdiyda va din yoʻlida shahid boʻlganlar deb motam tutadi. 12 imom — Muhammad alMahdiyni "yashiringan" deb hisoblab, u zamona oxir boʻlganda yerga qaytib kelib adolat oʻrnatadi deb tasavvur qilish shialar orasida saqlangan (qarang Mahdiy, Mahdiylik). Imomlar va imomzodalar dafn etilgan maqbaralar hozir ham shialar uchun muqaddas ziyoratgoh hisoblanadi, hatto ular uchun haj oʻrnini bosadi. Bunday muqadsas joylar Najaf, Karbalo, Kozimayn (Iroq), Madina (Saudiya Arabistoni), Mashhad, Qum, Shoh Abdul Azim (Eron) shahrilarida joylashgan.