Oʻchoq

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(O'choqdan yoʻnaltirildi)
Oʻchoq

Oʻchoq — olov yoqish, uni saqlash va ovqat pishirish uchun moʻljallangan, ustiga qozon oʻrnatiladigan uch tomoni yopiq qurilma. Arxeologik maʼlumotlarga koʻra, Oʻ. ilk paleolit davridan maʼlum. Oʻ. turli urf-odatlar, marosimlarni oʻtkazishda katta ahamiyatga ega boʻlgan. Barcha xalqlarda muqaddas joy hisoblangan. Quyi paleolitda toshdan, soʻngra guvala, gʻishtdan yasalib, somonli loy bilan suvalgan, atroflariga tutun tortadigan va havo kiradigan teshiklar qilingan. Oʻ.ning ayrim turlari yertandir kabi qurilib ovqat pishirish bilan birga non yopishda ham foydalanilgan. Oʻ.ning takomillashgan turi devorga taqab joylashtiriladi, tutuni moʻrikon orqali chiqarib yuboriladi.

Hozirgi davrda Oʻ.ning yeroʻchoq, loy va temir Oʻ. turlari bor. Sumalak, halim, katta maʼraka oshlari pishirishda aylanasi doshqozon gardishiga mos maxsus yeroʻchoqlar (yer baravarida, qozon atroflari alanga chiqmaydigan qilib tuproq bilan zichlanadi yoki suvaladi) kavlanadi, kundalik oshovqat tayyorlash uchun xonadonlar oshxonalarida loy oʻchoqlar quriladi, temir Oʻ.lar aksariyat koʻchma Oʻ. vazifasini bajaradi. Shahar va qishloqlarda, asosan, oʻtindan yoqilgʻi sifatida foydalanadigan xonadonlarda Oʻ.lar saqlanib qolgan, temir Oʻ.da oʻtin va tabiiy gazdan foydalaniladi.