Nogironlik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Nogironlik, invalidlik — kasallik, shikastlanish, mayib-majruhlik, baxtsiz hodisalar tufayli butunlay yoki maʼlum muddat mehnat qobiliyatini yoʻqotish. Jismoniy yoki akliy nuqsonlari borligi sababli ijtimoiy yordam va himoyaga muhtoj shaxs nogiron hisoblanadi. Oʻzbekistonda Nogironlik Tibbiy mehnat ekspertiza komissiyasi (TMEK) tomonidan belgilanadi. Nogironlik mehnat qobiliyatini yoʻqotish darajasiga qarab 3 guruhga boʻlinib, vaqtincha (6—12 oy) yoki muddatsiz qilib tayinlanadi. 1-guruh Nogironligiga mehnat qobiliyatini butunlay yoʻqotgan va boshqaning doimiy parvarishi, yordami, nazoratiga muhtoj boʻlgan shaxslar; 2-guruh Nogironiga mehnat qobiliyatini butunlay yoʻqotgan, lekin boshqalarning doimiy parvarishiga muhtoj boʻlmagan, shuningdek, mehnat turidan qatʼi nazar, unda uzoq muddat ishlay olmaydigan shaxslar; 3-guruh Nogironligiga mehnat qobiliyati sezilarli darajada pasaygan shaxslar kiradi. Nogironlar davlat nafaqasi bilan taʼminlanadi, zarur boʻlganda davolanadi, ularga protezlar beriladi, ishga, maxsus maktablarga joylashtirish uchun sharoit yaratiladi. Nogironlarni tibbiy, ijtimoiy va kasbiy reabilitatsiya qilish orqali faol hayotga, mehnatga jalb qilish dolzarb masala hisoblanadi.

OʻzR qonunchiligida N.ning quyidagi sabablari nazarda tutiladi: umumiy kasalliklar (ish bilan bogʻliq boʻlmagan) oqibatidagi Nogironlik; turmushdagi baxtsiz hodisalar natijasida shikastlanish oqibatida yuz bergan Nogironlik; ishlab chiqarishdagi jarohatlar va kasb kasalligiga duchor boʻlish natijasidagi Nogironlik; kasb kasalligiga chalinish tufayli yuz bergan Nogironlik; Oʻzbekistonni himoya qilish yoki boshqacha tarzda harbiy burchni bajarish paytida roʻy bergan Nogironlik; harbiy burchni bajarish bilan bogʻliq boʻlmagan harbiy xizmatni oʻtash davridagi Nogironlik. Bu boradagi tartib-qoidalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994 yil 24 noyabrdagi 317-son qarori bilan tasdiqlangan "Tibbiy-mehnat ekspertiza komissiyalari toʻgʻrisida nizom"da koʻrsatib oʻtilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 1995 yil 11 noyabrda "OʻzRning nogironlarni reabilitatsiya qilish borasidagi chora-tadbirlari Davlat dasturi toʻgʻrisida" qaror qabul qildi. Mazkur qarorning ijrosi nogironlarni reabilitatsiya qilish markazlari sistemasi (Nogironlarni tibbiy-ijtimoiy va kasb boʻyicha reabilitatsiya qilish milliy markazi, Tayanch-harakat sistemasi kasalliklarida nogironlar reabilitatsiya markazi va 10 ta umumiy tipdagi hududiy reabilitatsiya markazlari) tashkil etildi. Bular joylardagi TMEKlar bilan hamkorlikda nogironlarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilish chora-tadbirlarini amalga oshiradi.[1][2][3]

Manbalar[tahrir]

  1. Oʻzbekiston Respublikasida imtiyozli pensiya taʼminoti toʻgʻrisida [normativ hujjatlar toʻplami], T., 1994;
  2. Oʻzbekiston Respublikasining Davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisidagi qonunga sharhlar, T., 1996.
  3. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil