Kontent qismiga oʻtish

Nizor ibn al-Mustansir

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Nizor ibn al-Mustansir

Nizor nomidan 1095-yilda Iskandariyada zarb qilingan oltin dinor
Tavalludi 1045-yil 26-sentyabr
Vafoti tax. 1095-yil noyabr/dekabr (50 yoshda)
Qohira, Misr
Fuqaroligi Fotimiylar xalifaligi
Unvoni Nizoriy Ismailizm imomi
Bolalari
Otasi al-Mustansir Billoh

Abu Mansur Nizor ibn al-Mustansir (arabcha: أبو منصور نزار بن المستنصر‎; 1045–1095) – Fotimiylar shahzodasi, sakkizinchi Fotimiy xalifasi va oʻn sakkizinchi ismoiliy imomi al-Mustansirning toʻngʻich oʻgʻli. Otasi 1094-yil dekabrda vafot etganida xalifalikning qudratli vaziri al-Afdal Shahnshoh Nizor va al-Mustansirning boshqa katta oʻgʻillarini chetlab oʻtib, uning kichik ukasi al-Mustaʼliyni Qohirada taxtga oʻtqazdi. Nizor Qohiradan qochib chiqib qoʻzgʻolon koʻtardi va Iskandariyani egallab, xalifa sifatida „al-Mustafo li-dinillah“ (arabcha: المصطفى لدين الله – „Alloh dini uchun tanlangan“) laqabini oldi. 1095-yil oxirida esa magʻlub etilib, Qohiraga asir sifatida olib ketildi va u yerda devor orasiga tiqib oʻldirildi.

XII asr davomida Nizorning haqiqiy yoki uniki deya daʼvo qilingan ayrim avlodlari Fotimiy xalifalaridan taxtni tortib olishga urindi, biroq bu ishda muvaffaqiyatga erisha olishmadi. Koʻplab ismoiliylar, ayniqsa, Eron hududida yashovchilar al-Mustaʼliyning imomatini rad etib, Nizorni haqiqiy imom deb hisobladilar. Natijada, ular Fotimiylar hukmronligidan ajralib chiqib, Nizoriylar deb ataluvchi ismoilizm yoʻnalishini tashkil etishdi. Ushbu silsila bugungi kunda ham davom etib kelmoqda va uning hozirgi vakili Ogʻaxon hisoblanadi.

Nizor 1045-yil 26-sentyabrda (hijriy 437-yil Rabiulavval oyi 5-kuni) tugʻilgan. Fotimiylar imom-xalifasi al-Mustansirning (h. 1036–1094) oʻgʻli[1]. Oʻsha vaqtda al-Mustansir taxminan 15 yoshlarda edi va oʻn yildan buyon taxtni egallab kelar edi[2]. Nizor xalifaning toʻngʻich oʻgʻli boʻlishi mumkin, biroq baʼzi manbalarda boshqa bir oʻgʻli Abu Abdulloh ham al-Mustansirning eng katta farzandi sifatida qayd etiladi[a].

1060-yillarning oxirida Fotimiylar xalifaligi chuqur inqirozga yuz tutdi. Sharqdan Saljuqiy turklarining bosqini uning Shom (Suriya) ustidan nazoratini xavf ostiga qoʻydi, Misrda esa Fotimiylar qoʻshini tarkibidagi turk va qora tanli afrikalik askarlar oʻrtasidagi uzoq davom etgan toʻqnashuvlar markaziy hukumatning izdan chiqishiga, ocharchilik va tartibsizliklarning keng tarqalishiga olib keldi[4]. Taxminan 1068-yilda ichki notinchlik sulolaning qulashiga tahdid solayotgan bir vaqtda xalifa al-Mustansir ehtiyot chorasi sifatida oʻgʻillarini oʻz nazorati ostidagi turli hududlar boʻylab tarqatib yubordi, oʻzining yonida esa faqat ismi zikr qilinmagan, voyaga yetmagan bir oʻgʻlini qoldirdi. Mamluklar davri tarixchisi al-Maqriziyning yozishicha, Abu Abdulloh va Abu Ali Akko shahriga yuborilib, sarkarda Badr al-Jamoliy qoʻshini tarkibiga qoʻshilishi kerak edi. Abu al-Qosim Muhammad (keyinchalik xalifa al-Hofizning otasi) esa Asqalon shahriga joʻnatilgan. Yana bir voyaga yetmagan, ismi zikr qilinmagan oʻgʻli Qohirada qolgan[2]. Al-Maqriziy Nizorning ismini tilga olmaydi, biroq uning ham boshqa hududga yuborilgani ehtimoldan xoli emas[2], chunki xalifa al-Amir (h. 1101–1130) tomonidan 1122-yilda chiqarilgan al-Hidoya al-Amiriyya farmonida Nizor Dumyot portiga yuborilgani aytiladi[5]. Fotimiy shahzodalari kamida 1073-yilda Badr al-Jamoliy vazir va deyarli mustaqil hukmdor sifatida hokimiyatni qoʻlga olib, Misrda tartibni tiklagunga qadar shu tariqa turli hududlarda yashagan[2].

Bahsli vorislik

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Katta oʻgʻil sifatida, odatga koʻra, Nizor katta ehtimol bilan otasiga voris sifatida qaralgan[6]. Hatto tarixchilarning koʻpchiligi Nizor otasi tomonidan voris sifatida tayinlanganini ham taʼkidlaydi[7]. Biroq 1094-yil dekabr oyida al-Mustansir vafot etgunga qadar Nizor merosxoʻr sifatida rasman merosxoʻr etib tayinlanmagan koʻrinadi[6].

Tarixchi al-Maqriziyning yozishicha, bu voqea Badrning oʻgʻli al-Afdal Shahanshohning hiyla-nayranglari natijasida yuz bergan. U 1094-yil iyunida otasining oʻrniga vazir lavozimini egallagan edi[8]. Al-Maqriziy tomonidan berilgan maʼlumotga koʻra, al-Afdal va Nizor oʻrtasida chuqur ildiz otgan adovat mavjud boʻlgan. Bir rivoyatda aytilishicha, al-Afdal bir safar ot minib saroyga kirishga uringan, bu esa faqat xalifaga xos imtiyoz edi. Shunda Nizor unga baqirib, otdan tushishni buyurgan va uni „kir arman“ deb haqorat qilgan. Shu voqeadan keyin ular ashaddiy dushman boʻlib qolgan. Al-Afdal doimiy ravishda Nizorning ishlariga toʻsqinlik qilgan, uning xizmatkorlarini lavozimidan tushirgan, shu bilan birga armiya qoʻmondonlarini ham oʻz tarafdoriga aylantirgan. Faqat ulardan biri berber Muhammad ibn Masal al-Lukkiygina Nizorga sodiq qolgan, chunki Nizor uni al-Afdalning oʻrniga vazir etib tayinlashga vaʼda bergan[2].

Al-Maqriziyning yozishicha, al-Afdal Nizorning voris sifatida ochiq eʼlon qilinishiga yoʻl qoʻymaslik uchun al-Mustansirga bosim oʻtkazgan[2]. Xalifa vafot etganida esa u Nizordan ancha yoshroq[b] oʻgay ukasi al-Mustaʼliyni taxtga va imomatga koʻtargan[c]. Al-Mustaʼliy oʻsha vaqtda yaqindagina al-Afdalning singlisiga uylangan edi, shuning uchun ham uning taxtga chiqishi butunlay al-Afdalning qoʻllab-quvvatloviga bogʻliq boʻlgan. Bu esa al-Afdal uchun juda qulay holat edi, yangi xalifa itoatkor koʻrinishdagi hukmdor boʻlib, yaqinda qoʻlga kiritilgan, hali mustahkamlanmagan hokimiyatiga tahdid solmas edi[7].

Al-Mustaʼliyning taxtga koʻtarilishini himoya qilish va Nizor tarafdorlarining daʼvolariga qarshi turish uchun uning oʻgʻli va vorisi al-Amir „al-Hidoya al-Amiriyya“ nomli hujjatni chiqardi. Ushbu hujjatda shahzodalar tarqatib yuborilishi masalasi boshqacha talqin qilinadi. Unga koʻra, goʻyoki ular oʻzining ahamiyat darajasiga qarab joʻnatilgan, Qohiraga (va shu orqali xalifaga) eng yaqin joyga yuborilgan shahzoda eng yuksak martabali hisoblangan[2]. Zamonaviy tarixchilar esa bu daʼvoni ataylab buzib koʻrsatilgan deb hisoblaydilar, chunki shahzodalar aslida ularning xavfsizligini taʼminlash maqsadida tarqatib yuborilgan edi. Tarixchi Paul E. Walkerning taʼkidlashicha, Abu Abdullohni Badr al-Jamoliyning qoʻshiniga yuborish aslida uning yuqori maqomga ega boʻlganligidan va otasining uni himoya qilish istagidan dalolat beradi[2]. Shu bilan birga, Qohirada qoldirilgan hali kichkina va voyaga yetmagan shahzoda al-Mustaʼliy boʻlishi mumkin emas edi, chunki u oʻsha paytda tugʻilmagan ham edi. Walker bu nomaʼlum shahzodani 1060-yilda tugʻilganligi ochiqlangan Abu al-Qosim Ahmad bilan bogʻlaydi. Aftidan, bu shahzoda keyinchalik vafot etgan, chunki 1074-yilda tugʻilgan al-Mustaʼliyga ham xuddi shu ism berilgan[2].

Al-Hidoya al-Amiriyya va boshqa manbalar al-Mustaʼliyning taxtga chiqishini oqlash uchun turli rivoyatlar keltiradi. Masalan, ularda aytishicha, al-Mustaʼliyning toʻy ziyofati chogʻida yoki al-Mustansir oʻlim toʻshagida yotgan vaqtda goʻyoki al-Mustansir uni voris qilib tanlagan. Hatto ayrim rivoyatlarda yozilishicha, xalifaning singillaridan biri maxfiy ravishda uning huzuriga chaqirtirilgan va unga al-Mustaʼliyning voris etib tayinlanishi vasiyat sifatida bildirilgan[6]. Ammo zamonaviy tarixchilar, jumladan, Farhod Daftariy, bularning barchasini aslida al-Afdalning davlat toʻntarishini oqlash va uni keyinchalik qonuniylashtirish uchun yaratilgan rivoyatlar deb hisoblaydi[7].

Tarixchi al-Maqriziy bu voqeani boshqacha talqin qilib, al-Afdalning taxtni egallash harakati puxta tayyorlangan toʻntarish boʻlmagan boʻlishi mumkinligini koʻrsatadi. Uning yozishicha, al-Afdal al-Mustansirning uch oʻgʻli Nizor, Abdulloh va Ismoilni (ular orasida eng nufuzlilari) saroyga chaqirib, taxtga oʻtqazilgan al-Mustaʼliyga sadoqat bildirishni talab qiladi. Lekin ularning uchalasi ham bundan bosh tortadi. Har biri oʻzini otasining haqiqiy vorisi deb daʼvo qiladi. Nizor hatto oʻzining nomzod sifatida tayinlanganini isbotlovchi yozma hujjat borligini ham aytadi[8]. Shu sababli shahzodalar yangi xalifaga sadoqat bildirishni istashmaydi. Ularning bu qarshiligi esa al-Afdalni hayratga soladi. Shunga qaramay, shahzodalarning saroydan chiqib ketishiga ruxsat etiladi. Abdulloh va Ismoil yaqin masjidlardan biriga yoʻl oladi, Nizor esa darhol Qohirani tark etadi[8]. Vaziyatni yanada murakkablashtirgan hodisa shuki, al-Mustansirning vafoti haqida xabar olgach, Qohiraning bosh daʼvatchisi (daʼi), diniy tashkilot rahbari Baroqat Abdullohni xalifa deb eʼlon qilib, unga „al-Muvaffaq“ laqabini beradi[2], ammo bu uzoq davom etmaydi. Al-Afdal tez orada vaziyatni oʻz nazorati ostiga oladi. Baroqat hibsga olinib, keyinchalik qatl qilinadi. Abdulloh va Ismoil uyda nazorat ostiga olinadi. Ular, oxir-oqibat, al-Mustaʼliyga sadoqatlarini ochiq eʼlon qilishga majbur boʻladilar. Shundan soʻng, yirik amaldorlar yigʻilishga chaqirilib, al-Mustaʼliy imom va xalifa sifatida rasman eʼtirof etilgan[2].

Ismoiliy imomatida yuzaga kelgan MustaliyNizoriy va HofiziyToyyibiy oqimlari
Al-Mustansir billoh
(1036-1094)
Abul-Qosim Muhammadal-Mustaʼliy billoh
(1094-1101)
Nizor ibn al-Mustansir
Al-Hofiz
(1132-1149)
Al-Amir bi-ahkamillah
(1101-1130)
at-Toyyib
Hofiziy imom xalifalariToyyibiy yashirin imomlariNizoriy imomlari
  Fotimiy xalifalarining hukmronligi (hukmronlik davri bilan)
Manba: Daftary, Farhad. The Ismāʿı̄lı̄s: Their History and Doctrines, Second, Cambridge: Cambridge University Press, 2007. ISBN 978-0-521-61636-2. 
  1. Gibb 1995.
  2. 2,00 2,01 2,02 2,03 2,04 2,05 2,06 2,07 2,08 2,09 2,10 Walker 1995.
  3. Walker 1995, s. 249.
  4. Brett 2017.
  5. Stern 1950.
  6. 6,0 6,1 6,2 Gibb 1993.
  7. 7,0 7,1 7,2 Daftary 2007.
  8. 8,0 8,1 8,2 Halm 2014.
  9. Gibb 1993, s. 725.
  10. Walker 1995, s. 251.
  11. Madelung 1971, s. 1163.
  12. Daftary 2007, ss. 36–38.
  13. Madelung 1971, ss. 1163–1164.
  14. Daftary 2007, ss. 1, 39–86.
  15. Madelung 1971, ss. 1166–1167.
  16. Daftary 2007, ss. 38, 88–89.
  17. Daftary 2007, ss. 89–98, 99–100, 507ff..


Manba xatosi: <ref> tags exist for a group named "lower-alpha", but no corresponding <references group="lower-alpha"/> tag was found