Nizomiddin masjidi
| Masjid | |
| Sobiq masjid, 2019-yil | |
| Mamlakat | |
| Joylashuvi | Əmircan, Boku |
| Koordinatalar | 40°25′12″N 49°59′12″E / 40.4200°N 49.9868°E |
| Meʼmoriy uslub | Islom arxitekturasi |
| Asoschi | Amir Nizomiddin Kesrani |
| Binokorlik sanasi | hijriy 730-yil |
| Gumbazlar soni | 1 |
| Gumbazlar soni | 1 |
| Gumbaz balandligi | 1.5 m |
| Holati | yopilgan (masjid sifatida) saqlangan (tarixiy hudud sifatida) |
Nizomiddin masjidi (ozarbayjoncha: Nizaməddin Məscidi) – XIV asrga oid sobiq masjid, madaniy, tarixiy va meʼmoriy yodgorlik, Ozarbayjon poytaxti Boku shahrining Əmircan qishlogʻida joylashgan.
Taxminan 1330-yilda qurib bitkazilgan ushbu sobiq masjid 2001-yil 2-avgustda Ozarbayjon Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 132-son qarori bilan mamlakatning ahamiyatga ega koʻchmas tarixiy-madaniy yodgorliklari roʻyxatiga kiritilgan.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Nizomiddin masjidi hijriy 730-yilda Shirvonshoh hukmronligi davrida Əmircanda qurilgan. Masjid Amir Nizomiddin Kesrani tomonidan bunyod etilgan[1].
Masjid oʻyma naqshlar bilan bezatilgan oq rangli tekis shaklga keltirilgan toshlardan qurilgan. 4 ta kirish darvozasidan 3 tasida toshga oʻyilgan yozuvlar mavjud. Namozxonaning ichki qismi 24 m × 6 m (79 ft × 20 ft) boʻlib, balandligi 5 m (16 ft). Masjidning mehrobi 2 m (6 ft 7 in) balandlikda boʻlib, bir necha joyida „Alloh“ soʻzi arabcha yozuvda bitilgan. Devorlarining qalinligi 1 m (3 ft 3 in), polidan gumbaz choʻqqisigacha balandlik esa 7.5 m (25 ft). Gumbaz diametri 6 m (20 ft). Masjidning minorasi yoʻq, gumbazning old jabhadan balandligi 1.5 m (4 ft 11 in)[1].
Masjidning markaziy qismidagi eshik tepasida fors tilida yozilgan bayt mavjud boʻlib, tarjimasi quyidagicha[2]:
Dunyo — bu faqat quvonch, hasham, shuhrat va iztiroblardir.
Ikkinchi qatorda arab tilida yozilgan baytning tarjimasi shunday[3]:
Alloh uyining bu binosini qurishni sharif Amir Nizomiddin Amirhaj Faxriddin o‘g‘li buyurdi, hijriy 730-yil (milodiy 1329–1330).
1384–1385-yillarda masjid Sharafiddin tomonidan taʼmirlangan va janubiy hovlisida yangi portal qurilgan. Darvoza tepasiga arabchada ikki qator yozuv bitilgan tosh lavha oʻrnatilgan. Tarjimasi:
Bu bino qurilishini Shayx Mahmudning o‘g‘li Nasriddin Gutlugshoh nabirasi Sharafiddin buyurdi, hijriy 786-yil.
1830–1831-yillarda masjidda katta restavratsiya ishlari olib borilgan, shimoliy devori boʻylab yangi xona qoʻshib qurilgan. Gʻarbiy jabhaning shimoliy qismidagi eshik tepasiga 2 ta gorizontal tosh lavha oʻrnatilgan. Tarixiy maʼlumotlarga koʻra, har bir qayta qurish jarayonida yangi meʼmoriy unsurlar qoʻshilgan va ularni amalga oshirganlarning nomlari yozuvlarda aks ettirilgan. Shunday qoʻshimchalardan biri 1876-yilda Fatma xonim tomonidan amalga oshirilgan taʼmir va kengaytirish ishlaridir[4]. Tarjimasi:
Haqiqatan ham bu masjid Hoji Rasulning qizi Fatma xonim tomonidan qurilgan. Yozuv Muhammad Nagi tomonidan bitilgan, hijriy 1293-yil.
XX asr boshlarida masjid yana taʼmirtalab boʻlgan. Qurilish vaqtida gʻarbiy ayvonning markazida, Nizomiddin qurdirgan darvoza oldida 4 ta tosh ustunga tayanadigan darvoza barpo qilingan. Uning tepasidagi bir qator arabcha yozuv quyidagicha tarjima qilingan[1]:
Ushbu portal Hoji Xalif o‘g‘li Rizvon tomonidan qurilgan.
Masjid qoyatosh ustiga qurilgan boʻlib, ostida yer osti xonasi mavjud. Bu xona XIX asrgacha urush va hujumlar davrida boshpana boʻlgan deb taxmin qilinadi. Keyinchalik u yashirin xona sifatida xizmat qilgan. Tadqiqot chogʻida shu yerdan tobutlar va inson skeletlari topilgan. 1920-yildan soʻng yashirin joy yopilgan va bu yerga dafn qilish taqiqlangan[5].
Sovet bosqini
[tahrir | manbasini tahrirlash]Sovet bosqini 1928-yildan boshlab dinga qarshi rasmiy siyosat boshladi. Oʻsha yili dekabr oyida Ozarbayjon Kommunistik partiyasi Markaziy Qoʻmitasi koʻplab masjid, cherkov va sinagogalarni dunyoviy faoliyat uchun maʼrifiy klublar ixtiyoriga oʻtkazdi. 1917-yilda Ozarbayjonda 3000 ga yaqin masjid boʻlgan boʻlsa, 1927-yilda ularning soni 1700 ta, 1933-yilga kelib esa 17 tani tashkil qilgan[6].
Bosqindan soʻng masjidlar yopib qoʻyilgan.
Mustaqillikdan keyin
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ozarbayjon mustaqilligi tiklanganidan soʻng 2001-yil 2-avgustda Vazirlar Mahkamasining 132-son qarori bilan masjid yana respublikaning ahamiyatga ega tarixiy-madaniy koʻchmas yodgorliklari roʻyxatiga kiritilgan[7].
2020-yilda Əmircan qishlogʻida olib borilgan restavratsiya ishlari davomida Nizomiddin masjidi ham taʼmirlangan[8][9].
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- 1 2 3 Azərbaycan Respublikası Məscidlərinin Ensiklopediyası. Bakı: Beynəlxalq Əlhuda, 2001 — 120-bet. ISBN 964-8121-59-1 (2021-yil 23-iyulda asl nusxadan arxivlangan).
- ↑ Cəbiyeva, Təranə „XIV əsrin yadigarı Əmirhac türbəsi dağılmaq üzrədir“ (az). anl.az (2009-yil 22-noyabr). 2016-yil 4-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 3-noyabr.
- ↑ Aşurbəyli, Sara. История города Баку: период средневековья (ru). Bakı: Azərnəşr, 1992 — 126-bet. Qaraldi: 2023-yil 3-noyabr (2021-yil 21-aprelda asl nusxadan arxivlangan).
- ↑ „Əmircan qəsəbəsinin ən qədim tarixi abidələrindən olan Nizaməddin məscidi“ (az). Bakuplus.az (2023-yil 20-mart). 2023-yil 20-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 3-noyabr.
- ↑ Nemətova, Məşədixanım. Мечеть Низамеддин а (ru). Bakı: Искусство Азербайджана, 1956.
- ↑ Yunusov, Arif. Ислам в Азербайджане. Bakı: Zaman, 2004 — 78-bet. ISBN 9952-8052-0- 9. Qaraldi: 2022-yil 30-dekabr (2023-yil 5-iyulda asl nusxadan arxivlangan).
- ↑ „Azərbaycan Respublikası Nazirlər Kabinetinin 2001-ci il 2 avqust Tarixli 132 nömrəli qərarı ilə təsdiq edilmişdir“ (az). mct.gov.az (2001-yil 2-avgust). 2021-yil 7-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 2-noyabr.
- ↑ „Əmircanda məscidlər restavrasiya olunacaq“ (az). 525.az (2020-yil 2-sentyabr). 2023-yil 4-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 4-noyabr.
- ↑ „Nizaməddin məscidi təmirdən sonra- FOTOLAR“ (az). Azərbaycanın xəbər saytı - NEWS24.AZ. 2023-yil 4-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 4-noyabr.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Vikiomborda „Nizameddin Mosque“ mavzusi boʻyicha mediafayllar bor.