Nikolay Chernishevskiy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Nikolay Gavrilovich Chernishevskiy (24-iyul 1828, Saratov — 29-oktabr 1889, Saratov) — rus publitsisti, adabiy tanqidchi va jamoat arbobi. Peterburg universitetining tarixfilologiya boʻlimini tugatgan (1846—1850). Rus jamiyatida ilk demokratik harakat va inqilobiy vaziyat uchqun olgan 1859—1861 yillarda „Sovremennik“ jurnali „dehqonlar demokratiyasi“ning minbariga aylangan. Shu jarayonga boshchilik qilgan hamda inqilobiy ruhdagi varaqalarni tayyorlash va tarqatishda ishtirok etgan Chernishevskiy rus muhojirlari bilan aloqada ayblanib, 1862-yil 7-iyulda hibsga olinadi. Chernishevskiy Petropavlovsk qalʼasida oʻzining mashhur „Nima qilmoq kerak?“ (1863) romanini yozadi. Chernishevskiyni 7 yil muddatli katorga ishlariga yuborish haqidagi hukm eʼlon qilinib, ochiq maydonda „fuqarolik jazosi“ oʻtkazilgach (1864-yil 19-may), u jandarmlar hamrohligida Sibirga yuborilgan. 20 yildan ziyod umrini qamoq, katorga va surgunda oʻtkazib, 1883-yilda Astraxonda yashash sharti bilan ozod etilgan.

Chernishevskiyning asosiy faoliyati dehqonlar inqilobi yordami bilan Rossiyani yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqishga qaratilgan. U Yevropadagi inqilobiy harakatlardan saboq chiqargan holda agrar Rossiyaning kelajagini dehqonlar inqilobining roʻy berishi va shu inqilobning boʻlajak samaralarida koʻrgan. Chernishevskiy Rossiyadagi mavjud siyosiy tuzumni dehqonlar inqilobi yordamida oʻzgartirish gʻoyasini olgʻa surish bilan birga Yevropada shakllanib borayotgan kapitalizmni ham qabul qilmagan. Chernishevskiy Rossiyada kapitalizm bosqichini kechirmay turib, yangi, taraqqiy etgan va demokratik meʼyorlar ustuvorlik qilgan jamiyatni barpo etish mumkin, deb hisoblagan. Shuning uchun ham shoʻro davri faylasuflari Chernishevskiyning siyosiy-ijtimoiy qarashlarini utopik sotsializm taʼlimotining koʻrinishlaridan biri sifatida baholab kelganlar.

Chernishevskiyning asosiy adabiy-estetik qarashlariga koʻra, „sanʼat — sanʼat uchun“ nazariyasi zararli; gʻoyaviylik, xalqchillik va haqqoniylik adabiyotning ustuvor tamoyillaridir. Chernishevskiyning adabiy-tanqidiy va estetik qarashlari, birinchi navbatda, oʻz davri uchun, rus adabiyoti va sanʼati uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan.

Chernishevskiyning adabiy merosida „Nima qilmoq kerak?“ (1862—63) romanidan tashqari, Sibirda yozilgan „Muqaddima“ („Prolog“, 1867—69) romani, „Bir qiz tarixi“, „Barbarussaning avlodi“, „Yogʻdu jilolari“ singari hikoyalar, „Yechimsiz drama“, „Olijanob er“, „Boʻtqa tayyorlovchi pazanda“ kabi pyesalar bor. Bu asarlar orasida „Muqaddima“ va, ayniqsa, „Nima qilmoq kerak?“ romanlari alohida mavqega ega. Chernishevskiy „Nima qilmoq kerak?“ romani asosida eski hayotni yomon koʻrgan, eskicha yashashni xohlamagan, oʻz vatanining goʻzal ertangi kunini yaqinlashtirishni istagan kishilar nima qilishlari lozim, degan savolga javob berishga uringan. Chernishevskiyning „Muqaddima“ romani ham jamiyatni qayta qurish muammosiga bagʻishlangan boʻlib, unda ham rus adabiyotidagi „yangi kishilar“ obrazi yaratilgan[1].

Asarlari
  • Tanlangan adabiy-tanqidiy maqolalar, T., 1956.
  • Nima qilmoq kerak? T., 1968.
  • Sochineniya, t. 1—5, M., 1974.

Adabiyot[tahrir]

  • Pokusayev Ye.I., N.G.Chernishevskiy, M., 1976
  • Lanshikov A., N.G.Chernishevskiy, M., 1982
  • N.G.Chernishevskiy v vospominaniyax sovremennikov, M., 1982.

Izohlar[tahrir]

  1. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi, 2000. Naim Karimov.