Kontent qismiga oʻtish

Navoiy (oʻrik navi)

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Navoiy, Navoiy yubileyi — yuqori sifatli meva beradigan serhosil oʻrik navi. Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot institutining Samarqand filialida Arzami, Gulungi luchchak navlarini chatishtirib yaratilgan (K. V. Vasilyev va L. A. Protasevich). Daraxti kuchli oʻsadi. Shox-shabbalarining qalinligi oʻrtacha, tupiga yaxshi shakl berish mumkin, balandligi 7,5–9 m gacha, kengligi 7 m gacha boradi. Qisman oʻzidan va chetdan changlanadi. Mevasi iyun oxiri — iyul boshlarida pishadi. Mevasi yirik, dumaloq, tillarang-sariq va qizgʻish. Poʻsti silliq, qalin. Eti och sariq, qattiq. Koʻchati oʻtqazilgach, 4-yili hosilga kiradi, 15—17 yoshida tupidan 200 kg gacha meva olinadi. Mevasi yangiligida yeyiladi, konserva qilinadi va qoqi solinadi. Uzoq joylarga yuborishga chidamli. Toshkent, Jizzax, Sirdaryo, Fargʻona, Samarqand, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari uchun rayonlashtirilgan[1].

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil