Navni rayonlashtirish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Navni rayonlashtirish - qishloq xoʻjaligi ekinlarining yuqori mahsuldor, mahsulot sifati va boshqa koʻrsatkichlari boʻyicha qimmatli yangi navlari va duragaylarini tanlab olish va muayyan tabiiy zonalardagi xoʻjaliklarda ekish (joylashtirish). Qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarini rayonlashtirish Oʻzbekistonda 1934-yilda joriy etilgan. Rayonlashtirish uchun qimmatli xoʻjalik belgilariga va mahsuldorligiga koʻra, muayyan zonada ilgari rayonlashtirilgan navga qaraganda ustun turadigan yangi nav tasdiqlanadi. Navni rayonlashtirish (1996-yil 29 avgustda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining "Urugʻchilik toʻgʻrisida"gi qonuniga koʻra, respublika hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xoʻjaligi ekinlari Davlat reyestriga kiritish)da amaldagi qonunlarga koʻra dastlab mahalliy yoki xorijiy seleksiya muassasalarida yaratilgan yangi navlar davlat sinovini oʻtkazish uchun Respublika qishloq xoʻjaligi ekinlari navlarini sinash Davlat komissiyasiga topshiriladi. Bunda originator (navning egasi) tomonidan navni sinash, rayonlashtirish, himoya hujjati (patent) olish uchun ariza, sinov davrida tegishli miqdordagi original urugʻlik (koʻchat) bilan taʼminlash haqida kafolat xati, navning taʼrifi, seleksiya muassasasida oʻtkazilgan uch yillik sinov natijalari, mahsulotning sifati haqida maʼlumotlar, navning rangli fotosurati taqdim etiladi.

Navni rayonlashtirish uchun xoʻjalik jihatidan foydaliligi boʻyicha sinovlar quyidagi tavsiflarni aniqlashi kerak: hosildorlik, kasallik va zararkunandalarga chidamlilik, tashqi muhit sharoitlariga (sovuqqa, qurgʻoqchilikka chidamlilik) taʼsirchanlik, tezpisharlik, olinadigan mahsulot sifati va boshqa Taklif etiladigan yangi nav reyestrda roʻyxatga olingan (ilgari rayonlashtirilgan) navlardan bir yoki ikki muhim xoʻjalik va biologik tavsifiga koʻra yaxshiroq boʻlishi, qolganlari boʻyicha ular darajasida boʻlishi yoki ulardan uncha past boʻlmasligi kerak. Sinovlar kamida ikki yil davomida oʻtkaziladi, koʻp yillik ekinlar toʻgʻrisida esa ular kamida ikki yil davomida toʻliq hosil bergandan keyin (qarang Nav sinash) rayonlashtirish haqida ekspert komissiyasi xulosasi qabul qilinadi. Navni rayonlashtirish uni koʻpaytirish, urugʻlik va koʻchatlarni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kiritish va realizatsiya qilish huquqini beradi, shuningdek, bu navlar ekilgan maydonlarda aprobatsiya oʻtkazilishi va ularning urugʻlik sifatini tasdiqlovchi muvofiqlik sertifikati berilishi uchun ham huquqiy asos boʻladi.

Navni rayonlashtirish tartibi hamda navlarni joylashtirish rejalarini Respublika hukumati qabul qiladi. Uni respublika Vazirlar Mahkamasining maxsus ruxsatisiz buzish, oʻzgartirish mumkin emas.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil