Naslchilik kitobi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Naslchilik kitobi, nasldor hayvonlar davlat kitobi — zot standartlariga mos keladigan naslli mollarni roʻyxatga olish kitobi. Naslchilik kitobida xoʻjaliklarda urchitilayotgan hayvonlar zotlaridagi eng mashhur erkak va urgʻochi hayvonlarning kelib chiqishi va mahsuldorlik koʻrsatkichlari haqidagi maʼlumotlar qayd qilib boriladi. Naslchilik kitobi zotlarni takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega. Dunyoda birinchi marta Naslchilik kitobi Angliyadagi yoʻrtoqi otlarning sinov natijalari boʻyicha 1751 yilda nashr etilgan. 1793 yilda nashr etilgan kitobda 1690 yildan boshlab yoʻrtoqi sof zotli otlarning genealogik maʼlumotlari toʻplangan. Keyinchalik qoramol zotlari: 1822 yilda shortgorn va gernsey; 1838 yilda jersey; 1845 yilda gereford; 1862 yilda aberdin-anguss va gallovey zotlari boʻyicha Naslchilik kitobi lari chop etilgan. Rossiyada 1834 yilda salt miniluvchi sof zot va 1839 yilda orlov zoti boʻyicha, 1903— 08 yillarda Kursk, Harkov va Shimoliy qishloq xoʻjaligi jamiyatlarining Naslchilik kitobi tashkil etilgan. 1924 yilda yaroslav, 1926 yilda qizil gorbat, 1927 yilda xolmogor sigir zotlari toʻgʻrisidagi kitoblar chop etilgan.

Oʻzbekistonda Naslchilik kitobi birinchi marta 1941 yilda N.A.Teterin va P.P.Yesyutinlar tomonidan "Oʻrta Osiyoning zotli otlari" boʻyicha 1-jild, shuningdek, 1950 va 1960- yillarda P. K. Trofimov va V. A. Shchekinlar tomonidan "Qora-bayir zotlari" kitobining 2- va 3-jildlari, 1982 yilda K.A. Lixov, N. T. Gorshkov va T.D.Sabdushevlar tomonidan "Qorabayir zotlari"ning 4-jildi tayyorlanib, nashr etilgan. Qoramolchilikda 1958 yilda A.A. Atbashyan tomonidan "Bushuyev zot guruhi" davlat Naslchilik kitobining 1-jildi tuzilgan boʻlib, unda 60 buqa va 240 sigir, 1982 yilda A. M. Mustafayev tomonidan "Bushuyev zotlari" davlat naslchilik kitobining 2-jildi tuzilib, bunda 45 buka va 568 sigir haqidagi maʼlumotlar berilgan. Qoʻychilikda 1949 yilda "Hisor qoʻy zotlari"ning 2-jildi va 1980 yilda "Qorakoʻl qoʻy zotlari"ning 11 jildi nashr etilgan.

Kitobda kayd etilgan maʼlumotlardan ishlab chiqarishda keng mikesda foydalanish mumkin. Ushbu kitob respublikada urchitilayotgan nasldor qoramol, ot, tuya, qoʻy va echkilarni roʻyxatga olish, ularning mahsuldorlik koʻrsatkichlarini tahlil qilib, xoʻjalik yurituvchi subʼyektlar oʻrtasida keng targʻib qilish imkonini beradi.

Izatulla Eshmatov.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil