Nasafiy (tarixchi)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Nasafiy, Abu Hafs Najmiddin Umar ibn Muhammad (1069-1142) — tarixchi, faqih, tilshunos, muhaddis, mufassir olim. Uning musulmon qonunshunosligiga doir „al-Manzumat an-nasafiya fil-xilofiyot“ („Kelishmovchiliklar borasida Nasafiyning nazmiy asari“), „Aqoid an-nasafiy“ („Nasafiy aqoidi“), shariat qonunlari va Qurʼoni karim sharhiga doir „al-Yavoqit fil-mavoqit“ („Qulay vaqtlar xususida yoqutlar“), 3 kitobdan iborat (100 bosma taboq hajmida) „Taysir fit-tafsir“ („Tafsir etishdagi qulayliklar“), shuningdek, tasavvufga doir „Risolayi Najmiya“ kitobi bizgacha yetib kelgan boʻlib, ular yetarli tadqiq etilmagan. Musulmon olamida Nasafiy asarlariga qiziqish qadimdan katta boʻlgan. Uning „al-Manzumat un-nasafiya“ asariga zamondoshi Alouddin Abulmujohid Muhammad Samarqandiy (?) (vaf. 1157 y.) „Hasrul-masoil va kasrud-daloyil“ („Masalalarning cheklangani va dalillar kasri“) deb nomlangan sharh bitgan. Sohibqiron Amir Temur davri olimlaridan Saʼduddin Masʼud ibn Umar Taftazoniy (vaf. 1390 y.) Nasafiyning „Aqoid an-Nasafiy“ asariga „Sharh ul-aqoid un-nasafiya“ nomli sharh yozgan. Nasafiyning „al-Qand fiy zikri ulamoi Samarqand“ ["Samarqand ulamolari xotirasiga doir qand(dek shirin) kitob"] nomli asari, asosan, samarqandlik mashhur kishilar hayoti va faoliyati hamda ular rivoyat qilgan hadislarga bagʻishlangan. Unda Movarounnahr tarixi, toponimikasi hamda Islom tarixiga doir muhim maʼlumotlar mavjud. Asarga kiritilgan mashhur shaxslar tarjimai holi arab alifbosi tartibida joylashtirilgan boʻlib, uning bizgacha yetib kelgan qoʻlyozma nusxasining „xo“dan „kof“ harflarigacha boʻlgan qismigina saqlanib qolgan. Shunday boʻlsada, bu asar mustaqil yurtimiz oʻtmishiga doir boʻlak manbalarda uchramaydigan maʼlumotlarga ega ekanligi boisidan nihoyatda muhimdir. „Oʻzbekiston milliy entsiklopediyasi“ davlat ilmiy nashriyoti Nasafiyning ushbu asarining qisqartirilgan holdagi oʻzbekcha tarjimasini „Samarqandiya“ nomi ostida chop etgan (2001).[1]

Tarjimai holi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻrta asrlarda turli ilm sohalarida faoliyat olib borgan ushbu mutafakkir va qomusiy olimning ismi manbalarda kengaytirilgan holda Najmuddin Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Ahmad ibn Ismoil ibn Muhammad ibn Ali ibn Luqmon an-Nasafiy as-Samarqandiy shaklida beriladi. „Najmuddin“ („Dinning yulduzi“) laqabining berilishiga sabab uning islom ilmi sohalari boʻyicha koʻrsatgan xizmatlarining katta boʻlganligini koʻrsatadi. Nasafiy Qur’on, hadis, aqida va fiqh kabi ilmlarni mukammal bilgan, sheʼriyat sohasida qalam tebratgan va tafsir, hadis, kalom, fiqh va sheʼriyatga doir koʻplab asarlarni meros qoldirgan. Movarounnahrdagi Samarqand, Buxoro, Nasaf kabi, shuningdek, Bagʻdod, Marv kabi ilm markazlarida koʻplab olimlardan dars olgan va qator shogirdlarga dars bergan.

Olim oʻz davrida hadis ilmini bilimdoni sifatida „al-Hofiz“, fiqh olimi sifatida „al-Faqih“, yirik tasavvuf namoyandasi sifatida „az-Zohid“ unvonlariga musharraf boʻlgan. Movarounnahrda hanafiy mazhabining rivojiga qoʻshgan hissasi ulkan boʻlgani bois olim ismiga „al-Hanafiy“ nisbasi ham qoʻshib aytiladi. Asli Nasafdan boʻlgan bu olim umrining asosiy qismini Samarqandda oʻtkazgani uchun manbalarda „an-Nasafiy summa as-Samarqandiy“ („nasaflik“, soʻngra „samarqandlik“) deya tavsiflanadi. Nasafning qadimiy nomi „Naxshab“ boʻlgani bois, muallifning nasabi baʼzi manbalarda „an-Naxshabiy“ shaklida ham uchraydi.

Nasafiy yoshlik davrini Nasafda oʻtkazgan, 30 yoshidan soʻng Samarqandga borgan. Umrining asosiy, ilmiy-ijodiy qismini shu shaharda oʻtkazgan va oʻz tahsilini davom ettirgan. Shahardagi „Dor al-juzjoniya“ nomli markaz uning yetuk olim boʻlib yetishishida katta ahamiyat kasb etgan. Keyinchalik olim ushbu ilm markazida mudarrislik qilgan.

Nasafiy 1113-yili 45 yoshida Makkai Mukarramaga hajga yoʻl oladi. U oʻz safari davomida Bagʻdod shahrida boʻlib, u yerdagi taniqli olimlar suhbatidan bahramand boʻladi. Bagʻdoddagi Amir Xumor-tegin ibn Abdulloh madrasasida hadis ilmidan dars beradi. Hadis roviysi Abul Qosim ibn Bayondan hadislar yozib oladi. Abul Abbos Muhammad ibn Yunus al-Kudaymiy va Saraxsda Abul Fadl Muhammad ibn Ahmad as-Soigʻiy kabi ulamolardan hadislar eshitadi. Bagʻdodlik muhaddis olim Ibn an-Najjor Nasafiy jamlab taʼlif etgan „Tatvil al-asfor li-tahsil al-axbor“ („Xabarlar talabidagi uzoq safarlar“) nomli asaridan dars olib, uni oʻz shogirdlariga rivoyat qilgan. Mazkur asarda Nasafiy oʻzining barcha ustozlari haqida xabar bergan. Ammo olimning Bagʻdod, Makka va Madinaga qilgan safari uzoqqa choʻzilmadi. U tez orada oʻz ona yurtiga qaytdi.
Olimning ijodi oʻz yurtiga boʻlgan kuchli muhabbat, milliy qadriyatlarga chuqur hurmat, ilm ahliga mehr va samimiyat tuygʻulari bilan yoʻgʻrilgan. Allomaning „shoh asari“ — „Kitob al-qand fiy zikri ulamoi Samarqand“ Movarounnahr oʻlkasidan yetishib chiqqan mingdan ziyod yurtdoshlarimizning hayoti va ilmiy faoliyati haqidagi qimmatli biografik maʼlumotlarni bergan.
Nasafiyning tugʻilib ulgʻaygan ona yurti Nasaf oʻsha davrda Movarounnahrning yirik ilmiy markazlaridan biri boʻlgan. Yirik muhaddis olim Imom Buxoriy oʻz ilmiy safarlaridan birida Nasafga tashrif buyurgan edi. Nasafiy ilk tahsilini shu shaharda olib, yoshligidan ilmga muhabbati, ustozlarga hurmati, namunali odobi bilan tanilgan. Nasafiy ilm olish niyatida boshqa yurtlarga borgan va koʻplab ustozlardan taʼlim olgan.
Nasafiy yashagan davrda Movarounnahrda turli ilm sohalari rivojlangan edi. Xususan, olim oʻz umrning asosiy ijodiy qismini oʻtkazgan Samarqand shahrida muhaddislar uylari, mahallalar, guzarlar, masjid va madrasalar kabi hadis toliblari yigʻiladigan joylar hadis ilmi markazlari boʻlgan. Shulardan biri „Dorul Juzjoniya“ nomli ilm dargohi boʻlib, u yerda XI-XII asrlarda muhaddislar qizgʻin faoliyat koʻrsatganlar.
Nasafiy haqida unga zamondosh va undan keyin yashagan mualliflar tomonidan yozib qoldirilgan maʼlumotlar koʻplab manbalarda uchraydi. Nasafiyning hayoti haqida aniqroq maʼlumotlarni uning zamondoshi Abu Saʼd Abdulkarim ibn Muhammad as-Sam’oniy al-Marvaziy (v. 1167) beradi. Masalan, u oʻzining „Kitob al-ansob“ („Nasablar kitobi“) asarida Nasafiyning nomini 27 oʻrinda tilga oladi. Sam’oniydan keyingi mualliflar esa uning maʼlumotlarini oʻz asarlarida takrorlaydilar va faqat ayrim hollardagina yangi baʼzi qoʻshimcha maʼlumotlarni keltiradilar. Abu Saʼd Sam’oniy Nasafiy bilan maktublar orqali ilmiy muloqotda boʻlib turganini faxr bilan zikr etadi.
Nasafiy 74 yil umr kechirib, juda sermahsul ijod qilgan. U koʻproq Samarqand shahrining „Sikkat al-labbodin“ („Kigizchilar koʻchasi“) mavzeidagi koʻchalarning birida hayot ke¬chirgan. Bu mahalla keyinchalik uning sharafiga „Zuqoq Abi Hafs Umar ibn Muhammad Nasafiy“ („Abu Hafs Umar ibn Muhammad Nasafiy koʻchasi“) deb atala boshlagan.
Nasafiy 461/1068-yili Nasafda tavallud topgan va 537 yil 12 jumodu-l-avval/1142-yil 3-oktyabr kuni Samarqandda vafot etgan. Alloma Chokardiza qabristoniga, „Imom al-hudo“ („Hidoyat yoʻlboshchisi“) Abu Mansur Moturidiy yoniga dafn etilgan.

Ustozlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Olim ilmi boʻyicha oʻzining eng birinchi ustozi sifatida Abul Abbos Mustagʻfiriyning nevarasi hofiz Abu Rajo Qutayba ibn Muhammad al-Usmoniy an-Nasafiyni (vaf. 1081-yil) zikr etadi. Abu Rajo Nasafdagi „Bob maqsura“ nomli joydagi juma masjidida imlo darslarini oʻtganida, yosh ilm tolibi Nasafiy umrida birinchi marotaba hadislarni xatga tushira boshladi.
Nasafiy ilk ustozlaridan yana biri — adib, faqih Abul Hasan Ali ibn Muhammad Nasafiy al-Kasbaviy (vaf. 1092-yil) edi. U Nasafiyga ona yurtida adab ilmidan tahsil berdi. Shuningdek, olim al-Qodiy al-Imom al-Xatib Abu Muhammad Ismoil ibn Muhammad an-Nuhiy Nasafiydan (vaf. 1089-yil) Mustagʻfiriy rivoyatlarini eshitgan. Nasafiy Nuhiylar sulolasi vakillaridan ayrimlarini oʻz asarida hurmat bilan tilgan olgan.
„Kitob al-qand“ asarida Nasafiyning jami 26 ta nasaflik ustozlariga tegishli tarjimai holni koʻrishimiz mumkin. Ulardan 18 tasi Samarqandda olimga hadis aytgan. Bundan Nasafiyning Movarounnahrdagi yirik ilm markazi hisoblangan Samarqand shahri ulamolari bilan yaqin ilmiy aloqada boʻlgani maʼlum boʻladi.
Haj safari davomida olimga Bagʻdodda hadis rivoyat qilgan Abul Qosim ibn Bayon va Abul Abbos Muhammad ibn Yunus al-Kudaymiy, Saraxsda hadis rivoyat qilgan Abul Fadl Muhammad ibn Ahmad as-Soigʻiylarni ham kabi ulamolarni ham uning ustozlari qatorida sanab oʻtish mumkin.
Nasafiy Buxoroga borib u yerda ash-Shayx al-Imom ar-Rais Said ibn Muhammad al-Xorazmiy kabi mudarris shayxlardan fiqh ilmidan tahsil olgan.
Olim hadis ilmi borasida Movarounnahrning yetakchi muhaddislari bilan muloqotda boʻlib, dars oldi. Oʻzining eʼtirof etib aytishicha, 550 shayxdan hadis rivoyat qilgan. Yana u barcha ustozlari nomlarini „Ti’dod ash-shuyux li-Umar mustatrif alo-l-huruf mustatir“ („Alifbo tartibida berilgan Umarning ustozlari sanogʻi“) asarida birma-bir sanab oʻtganini taʼkidlaydi. Oʻsha davrda mashhur boʻlgan mazkur asar, afsuski, bizgacha yetib kelmagan.
Nasafiyga koʻplab hadislarni oʻrgatgan ustozlari orasidan Abu Ali al-Hasan ibn Abdulmalik ibn Ali ibn Muso ibn Isrofil Nasafiy (XI-XII asrlar), Umar ibn Ahmad ibn Muhammad ibn ash-Shabib ash-Shabibiy ad-Dizakiy (v. 1117-18), Abu Muhammad Abdulloh ibn Ahmad an-Nofila (v. 1109-10) nomlarini alohida taʼkidlab oʻtish lozim.
Jumladan, birinchi ustozi Hasan ibn Abdulmalik Nasafiyning nomi olimning „Kitob al-qand“ asarida 135 oʻrinda zikr etiladi. Nasafiy bu ustozidan Abul Abbos Mustagʻfiriyning maʼlumotlarini rivoyat qilgan. Mustagʻfiriy „ulum al-hadis“ sohasidagi yirik olimlardan boʻlib, bevosita „al-jarh va-t-taʼdil“, yaʼni hadislarni ishonchli yoki zaifga ajratish ilmining bilimdoni boʻlgan. Uning bu sohada olib borgan tadqiqotlari natijalari avvalambor „Tarixi Nasaf“da jamlangan. Bu asarni Abu Saʼd as-Sam’oniy ikki jildli katta kitob, deb tavsiflaydi. Demak, Nasafiy olim Mustagʻfiriy maʼlumotlarini bir kishi vositasida naql etadi.
Ikkinchi ustozi — Umar ibn Ahmad ash-Shabibiy ad-Dizakiy. U oʻz ustozi Umar ibn Ahmad al-Forisiydan (v. 1062-63) olgan bilimlarini Nasafiyga yetkazgan. Movarounnahr ilm-fani tarixiga oid yozilgan „Kitob al-kamol fi maʼrifat ar-rijol bi-Samarqand“ („Samarqand ulamolaridan hadis roviylarini bilish boʻyicha mukammal kitob“) asaridagi maʼlumotlarni Nasafiy aynan shu ustozidan olgan. Mazkur asar Abu Saʼd Abd ar-Rahmon ibn Muhammad al-Idrisiy (v. 1015) tomonidan yozilib, „Kitob al-kamol“ boshqa mualliflar qatori Nasafiyga asosiy yozma manba boʻlib xizmat qilgan.
Uchinchi ustozi — Abu Muhammad Abdulloh ibn Ahmad an-Nofila as-Samarqandiy (v. 1109-10). Nasafiy „Kitob al-qand“da 45 oʻrinda uning maʼlumotlaridan foydalangan. Ammo Nasafiyning asarida mashhur muhaddis hofiz Abu Bakr Muhammad ibn Abdulloh an-Najjorning nevarasi boʻlmish ushbu ustozi haqida uning vafot etgan yilidan boshqa toʻliqroq maʼlumot bizga yetib kelmagan.
Nasafiy yuzlab ustozlardan hadis rivoyat qilishidan maʼlum boʻladiki, olim yoshligidan boshlab bu ilm bilan shugʻullanishga jiddiy eʼtibor bergan. Uning ustozlari orasida Nasaf, Samarqand kabi Movarounnahrdan chiqqan va islom olamida mashhur boʻlgan olimlarni uchratish mumkin.

Shogirdlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Nasafiyning shogirdlari qatorida birinchi oʻrinda uning 1113-yilda tavallud topgan va „al-Majd“ laqabi bilan tanilgan oʻgʻli Abul Lays Ahmad ibn Umarni zikr etish mumkin. Olimning bu oʻgʻli haqida Abu Saʼd as-Sam’oniy iliq fikrlarni bildirib, uning faqih, fozil, voiz va yetuk inson boʻlganini taʼkidlaydi. As-Sam’oniy 1154-yilda Samarqandga borganida Abul Lays bilan uchrashib, ilmiy muloqotda boʻlgan. Uning aytishicha, bir-birlari bilan tez-tez uchrashib turishar, Majd undan baʼzi kitoblarni olib turar edi.
Majd Nasafiy 1156-yilda haj safariga otlandi. U 1157-yilda Bagʻdoddan qaytayotib, Bistom shahridan oʻtganida ismoiliylardan boʻlgan qaroqchilar — „ahl al-qilo“ („qal’alar ahli“) guruhi karvon yoʻlini toʻsadi. Ular karvondagi Hijozdan kelayotgan yetmishdan ortiq kishi, jumladan, juda koʻplab ulamolarni qirib tashladilar. Ular orasida Majd Nasafiy ham bor edi. U Bistom nohiyasidagi bir qishloqda dafn etildi.
Nasafiy shogirdlari orasida aksariyat hollarda nasaflik muhaddislarni uchratamiz. Ular qatorida Abu Muhammad Abdulloh ibn Ali Nasafiy (XII asr), Abul Qosim Muhammad ibn Muhammad Nasafiy (XII asr), Abu Bakr Muhammad ibn al-Hasan Nasafiylarni (XII asr) zikr etish mumkin. Ammo Nasafiyning shogirdlari orasida Abu Muhammad al-Hasan ibn Ahmad as-Samarqandiy, Abu Nasr Ahmad ibn Abdurrahmon ar-Rigʻdamuniy, Abu Abdulloh Muhammad ibn Ibrohim an-Nurbashtiy kabi Nasafdan tashqaridagi muhaddislar ham uchraydi. Nurbashtiy Nasafiydan Bagʻdoddagi „Xumor-tegin“ madrasasida hadis eshitgan.
Abu Saʼd as-Sam’oniy oʻz ustozlari haqida maʼlumot bergan „Muntaxab mu’jam shuyux as-Sam’oniy“ („as-Sam’oniy ustozlari qomusining saylanmasi“) nomli asarida Nasafiyning hadis ilmidagi salohiyatiga shunday baho beradi: "Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Ahmad Hofiz Nasafiy Samarqandiy Nasaf ahlidan boʻlib, Samarqandda yashagan. U mazhab va adab ilmining bilimdoni boʻlgan imom, faqih va fozil kishilardan edi. Fiqh va hadis boʻyicha asarlar yozgan. Muhammad ibn al-Hasan ash-Shayboniyning (v. 804-05) „al-Jomi as-sagʻir“ („Kichik toʻplam“) asarini nazmga solib, sheʼriy usulda bergan… Ustoz jamlash va tasnif qilish boʻyicha peshqadam olimlardan biridir. U Abu Muhammad Ismoil ibn Muhammad an-Nuhiy Nasafiy, Abul Yusr Muhammad ibn Muhammad ibn al-Husayn al-Pazdaviy, Abu Ali al-Hasan ibn Abdulmalik Nasafiy va ulardan boshqa koʻplab kishilardan hadis eshitgan. Men u kishini tiriklik chogʻida Samarqandda uchratmagan boʻlsam-da, Abu Hafs Nasafiydan yozma ravishda barcha eshitganlari (masmuot) va toʻplamlari uchun ijoza olganman. Bir jamoa kishilar undan menga hadis rivoyat qilganlar… U hadisni va uni oʻrganishni yaxshi koʻrar edi. Uning juda chiroyli fiqhiy va hikmatli sheʼrlari bor edi".
Abu Saʼd Sam’oniyning bergan taʼrifidan shunday xulosa qilish mumkinki, Nasafiy oʻz davrida Samarqandning eng mashhur muhaddislaridan edi. Hadis boʻyicha juda koʻp ustozlari boʻlib, bu ilmga oid koʻplab asarlar yozgan. Olim faqat oʻzi yozgan asar va toʻplamlar bilan kifoyalanmay, oʻsha davrdagi mashhur ulamolarning asarlarini shogirdlariga imlo qilib yozdirgan. Talabalar oson tushunishlari uchun ularni sharhlab, esda saqlab qolishlari uchun sheʼriy usulda bayon etgan.

Asarlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Nasafiy bir necha yillik ilmiy safarlar va ulamolar suhbatidan hosil boʻlgan bilim va tajribalariga asoslangan holda bir qator fan sohalarida asarlar yozdi. Manbalarda alloma oʻzidan yuzdan ortiq ilmiy asar qoldirgani haqidagi maʼlumot mavjud. Ularni tafsir, hadis, kalom, fiqh va sheʼriyat kabi shartli besh guruhga boʻlish mumkin.
Tafsir ilmi boʻyicha olim „at-Taysir fi (ilm) at-tafsir“ („Tafsir ilmiga oid osonlashtirilgan kitob“) asarini yozgan. U toʻrt jilddan iborat boʻlib, unda Qur’on oyatlarining sharhi oʻziga xos tartibda berilgan.
Hadis ilmida olim muayyan mavqeni egallagan. Unga „al-Hofiz“ nomining nisbat berilishi fikrimiz dalilidir. Hofiz darajasiga erishgan muhaddislar kamida 20 ming, baʼzi kitoblarga koʻra 50 ming yoki 100 ming va undan ortiq hadislarni matn va isnodlari bilan toʻliq yod bilganlar.
Allomaning hadis ilmida peshqadam boʻlganini uning bu sohada yozgan asarlari ham tasdiqlaydi. Masalan, Nasafiy Imom Buxoriyning „al-Jomi as-sahih“ asarini sharhlab, oʻzining „an-Najoh fi sharh axbor kitob as-sihoh“ („Sahih kitobidagi xabarlarni sharhlash boʻyicha erishilgan yutuqlar“) nomli kitobini yozdi.
Hozirgi kunda Nasafiyning Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomli Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan „Matla an-nujum va-majma al-ulum“ („Yulduzlarning chiqish joyi va ilmlarning tutashgan yeri“) nomli katta hajmdagi qomusiy nodir qoʻlyozma asarining bir qismi ham hadis ilmi hamda vaʼz-nasihatlarga bagʻishlangan.
Bundan tashqari, olim hadis ilmining turli janrlariga bagʻishlangan „Tatvil al-asfor li-tahsil al-axbor“ („Xabarlar talabidagi uzoq safarlar“) asarining ham muallifidir.
Kalom ilmida Nasafiy Imom Moturidiy anʼanalarini davom ettirdi. Masalan, Abu Ali al-Hasan ibn Abdulmalik al-Moturidiy, sahoba Abu Ayyub Xolid al-Ansoriy avlodi boʻlmish Abul Hasan Ali ibn al-Hasan al-Moturidiy kabi olimlar Nasafiyning ustozlari edilar. Nasafiy oʻzining bilvosita ustozi Imom Moturidiy taʼlimotini ixcham va qisqa shaklga keltirib, moturidiylik taʼlimotini keng yoyishga xizmat qildi. U yaratgan „Aqoid an-Nasafiy“ asari islom olamida keng tarqalgan boʻlib, unga koʻplab sharh va hoshiyalar yozilgan. Olim kalomga oid birgina shu asarni yozgan boʻlsa-da, uning ilohiyotchi sifatida shuhrat qozonishiga sabab uning juda qisqa holda islom aqidasini nazariy asoslab berganidir.
Fiqh ilmi boʻyicha Nasafiy oʻzidan soʻng hanafiy fiqhiga oid boy ilmiy meros qoldirdi. Manbalarda uning bu sohada yaratgan sakkizta asarining nomi keltiriladi. Ulardan „Kitob ad-doir fi-l-fiqh“ („Fiqhga doir kitob“), „Mashori ash-shori“ („Qonunchining qonunlari“), „al-Hasoil fi-l-furu“ („Furu boʻyicha erishilgan yutuqlar“) yoki „al-Hasoil fi-l-masoil“ („Masalalar boʻyicha erishilgan yutuqlar“)ning nomlarigina bizga maʼlum xolos. Uning „al-Manzuma an-nasafiya fi-l-xilofiyot“ („Nasafiyning xilof ilmiga oid nazmiy kitobi“), „Tilbat at-talaba“ („Tolib istagan kitob“), „Sharh al-usul li-l-Karxiy“ ("al-Karxiyning „usul“iga sharh"), „Fatovo shayx al-islom as-Sugʻdiy“ („Shayxu-l-islom as-Sugʻdiy fatvolari“) asarlari bizgacha yetib kelgan.
Sheʼriyat sohasida ham olim samarali ijod etib, yozgan asarlarining koʻp qismini nazmga solgan. Jumladan, „Kitob al-qand“da keltirgan hadislaridan aksarini oʻz tili bilan sheʼriy uslubda ham sharhlab oʻtadi. Yuqorida nomi zikr etilgan fiqhga oid „Al-Manzuma an-nasafiya fi-l-xilofiyot“ asari esa toʻligʻicha nazmiy usulda yozilgan.
Nasafiy oʻzi asar yozish bilan birga boshqa olimlarning kitoblaridan ham dars bergan. Masalan, 1137-yilda Samarqanddagi „Ku-yi Muqotil“, „Ku-yi namdon-giron“ nomli masjidla¬rda va oʻz masjidida (masjid Abi Hafs Nasafiy) hamda „Tabgʻoch-xon“ madrasasida hadis ilmi toliblariga quyidagi asarlarni imlo qildi:

  1. „Kitob at-tavorix va-l-ansob“ („Tarix va nasablar kitobi“);
  2. „Tasmiyat ashob al-mukarrama alo tartib al-huruf al-mu’jama“ („Muhtaram yaqinlar ismlarining alifbo tartibidagi qomusi“);
  3. „Tarix al-xulafo al-qoimin baʼda-l-xulafo ar-roshidin“ („Xulafoi roshidindan keyin hukm surgan xalifalar tarixi“);
  4. „Nasab mashohir aimmat ad-din va tavorixuhum“ („Din imomlaridan mashhurlarining nasab va tarixlari“);
  5. „as-Sab’iyot as-sam’iyot“ („Tinglangan yettiliklar“; bu kitob oʻz ichiga 360 ta hadis matnini jam qilgan);
  6. „Kitob al-xutab al-jiyod li-l-juma va-l-aʼyod“ („Jum’a va iyd uchun sara xutbalar“).

Nasafiyning baʼzi asarlari shuhrat qozonganini, ularga koʻplab sharhlar bitilganidan ham bilish mumkin. Olim asarlaridan bizgacha yetib kelganlarining soni oʻndan oshadi. Bu asarlar kelajakda Nasafiyning serqirra ijodining turli yoʻnalishlarini mufassal oʻrganishga yetarli asos boʻlib xizmat qila oladi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, Nasafiy oʻz davrining taniqli olimi boʻlib, turli ilm sohalarida faoliyat yuritdi. U qoldirgan boy maʼnaviy meros asrlar osha Oʻrta Osiyo xalqlari maʼnaviyatini koʻtarishga xizmat qildi. Ayni kunda ham bu xazina oʻz qadr-qimmatini yoʻqotmadi, balki xalqlar, xususan, yoshlar orasida ilm-maʼrifat nurlarini sochib, tarix zarvaraqlarini yoritmoqda.[2]

Qoʻlyozmalari[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Abu Hafs Umar ibn Muhammad an-Nasafiy. al-Qand fi maʼrifat ulamo Samarqand. — Istanbul. — Sulaymoniya kutubxonasi. — „Turhan Valide Sultan“ fondi. — Qoʻlyozma № 70. — 198 v.
  2. Abul Fadl Muhammad ibn Abd al-Jalil as-Samarqandiy. Muntaxab Kitob al-qand. — Parij. — Fransiya milliy kutubxonasi. — Arab qoʻlyozmalari fondi. — Qoʻlyozma № 6284. — 75 v.
  3. Abu Hafs Umar ibn Muhammad an-Nasafiy. Matla an-nujum va-majma al-ulum. — Toshkent. — Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti. — Qoʻlyozmalar asosiy fondi. — Qoʻlyozma № 1462. — 353 v.

Nashr etilgan manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Abu Hafs Umar ibn Muhammad an-Nasafiy. al-Qand fi zikr ulamo Samarqand / Nazar Muhammad al-Foryobiy tahriri ostida. — Saudiya Arabistoni: Maktabat al-Kavsar, 1991. — 622 b.
  2. Abu Hafs Umar ibn Muhammad an-Nasafiy. al-Qand fi zikr ulamo Samarqand / Yusuf al-Hodiy tahriri ostida. — Tehron: Oyina-yi miros, 11999. — 877 b.
  3. Abu Saʼd Abd al-Karim ibn Muhammad as-Sam’oniy. al-Ansob: 5 jildli / Abdulloh Umar al-Borudiy tahriri ostida. — Bayrut: Dor al-fikr, 1998.
  4. Abu Hafs Umar an-Nasafiy. Tahsil usul al-fiqh [arabcha matn va tarjima] / Tarjimon va nashrga tayyorlovchilar H.Aminov, S.Muhammadaminov; mas’ul muharrir O.Qoriyev. Oʻzbekiston Respublikasi OOʻMTV ToshDShI huzuridagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharq qoʻyozmalari markazi. - Toshkent: „Noshir“ nashriyoti, 2015. — 208 b.

Tadqiqotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Muhammadaminov S. Abu Hafs an-Nasafiyning „Matlaʻ an-nujum va majmaʻ al-ulum“ asari va uning Markaziy Osiyo islom ilmlari rivojida tutgan oʻrni (XI asr oxiri-XII asr oʻrtalari). Tarix f.n. … diss. avtoref. — Toshkent, 2011. — 24 b.
  2. Muhammadaminov S. Abu Hafs an-Nasafiyning „Matlaʼ an-nujum“ asaridagi fiqh va hadisga oid mavzular// Imom al-Buxoriy saboqlari 2005. № 4, B. 190-191.
  3. Muhammadaminov S. „Aqoyid an-Nasafiy“ning qadimiy nusxasi // Sharqshunoslik. — Toshkent, 2008. — № 13. — B. 38-42.
  4. Muhammadaminov S. Abu Hafs an-Nasafiyning „Matlaʼ an-nujum“ asaridagi fiqh va hadisga oid mavzular. // Imom al-Buxoriy saboqlari. — Toshkent, 2005. — № 4. — B. 190-192.
  5. Muhammadaminov S. Abu Hafs an-Nasafiyning usul al-fiqhga oid bir risolasi // Oʻzbekistonda ijtimoiy fanlar. — № 1. — Toshkent, 2007. — B. 85-88.
  6. Nasafiy, Abu Hafs Najmiddin Umar ibn Muhammad // Oʻzbekiston milliy entsiklopediyasi. 6-jild. Miriy-Parxish. Tahrir hay’ati: A.Abduvohitov, A.Azizxoʻjaev, M.Aminov va b. — T.: „Oʻzbekiston milliy entsiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2003. — 704 b.
  7. Rahimjonov D. Abu Hafs Nasafiy. Monografiya. — Toshkent, 2010. — 40 b.[3]
  8. Rahimjonov D. Abu Hafs an-Nasafiyning „Kitob al-qand“ asari hadis ilmi boʻyicha muhim manba // Sharqshunoslik. — T.: ToshDShI, 1997. — № 3. — B. 27-32.
  9. Rahimjonov D. Abu Hafs an-Nasafiyning „Kitob al-qand fi maʼrifat ulamo Samarqand“ asari — Samarqandda hadis ilmi tarixi boʻyicha muhim manba. Tarix fanlari nomzodi dis. … — T.: Toshkent islom universiteti, 2003. — 170 b.
  10. Rahimjonov D. Abu Hafs an-Nasafiyning „Kitob al-qand fi maʼrifat ulamo Samarqand“ asari — Samarqandda hadis ilmi tarixi boʻyicha muhim manba. Tarix fanlari nomzodi dis. … avtoref. — T.: Toshkent islom universiteti, 2003. — 26 b.
  11. Rahimjonov D.O. Nasafda hadis ilmi taraqqiyoti // Imom Buxoriy saboqlari. 2006. № 3.
  12. Rahimjonov D. Abu Hafs Nasafiy va Nasaf ulamolari // „Nasaf va Kesh tarixi manbalarda“ mavzusidagi Respublika ilmiy-nazariy konferentsiyasi materiallari. — Qarshi: „Qarshi Davlat universiteti“ nashriyoti, 2010. — B. 14-16.
  13. Rahimjonov D. Abu Hafs Umar an-Nasafiy (1068-1142) // Oʻzbekiston — buyuk allomalar yurti. Birinchi kitob. Tuzuvchi va nashrga tayyorlovchi U.Uvatov. — T.: Maʼnaviyat-Movarounnahr, 2010. — B. 253-268.
  14. Rahimjonov D. Abu Hafs Nasafiy // Movarounnahr allomalarining hadis ilmi rivojiga qoʻshgan hissalari / Mas’ul muharrir I.Usmonov. — T.: Movarounnahr, 2011. — B. 249-270.
  15. Rahimjonov D. Abu Hafs Nasafiy // Islomshunoslik qomusiy lugʻati / Mas’ul muharrir Z.M.Islomov. — T. 1. — Toshkent: Movarounnahr, 2013. — B. 32-33.
  16. Rahimjonov D. Nasaf // Islomshunoslik qomusiy lugʻati / Mas’ul muharrir Z.M.Islomov. — T. 2. — Toshkent: Movarounnahr, 2014. — B. 13-17.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Nasafiy, Abu Hafs Najmiddin Umar ibn Muhammad // Oʻzbekiston milliy entsiklopediyasi. 6-jild. Miriy-Parxish. — T.: „Oʻzbekiston milliy entsiklopediyasi“ Davlat ilmiy nashriyoti, 2003. — B. 272-273.
  2. Rahimjonov D. Abu Hafs Nasafiy. Monografiya. — Toshkent, 2010. — 40 b.
  3. arxiv nusxasi, 2016-01-31da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2016-01-24