Nafas qisishi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Nafas qisishi, hansirash - nafas olish tezligi, chuqurligi va maromining buzilishi, odatda, havo yetishmasligi bilan kechadi. Fiziologik va patologik xillari tafovut qilinadi. Fiziologik Nafas qisishi jismoniy ish qilayotganda organizmning kislorod ehtiyoji oshishi natijasida paydo boʻladi. Nafasning chuqurlashuvi va tezlashuvi tufayli organizmga oʻpka orqali kiradigan kislorod miqdori N.qla 2—3 barobar koʻpayadi. Ayni vaqtda organizmdan nafas bilan ortiqcha karbonat angidrid gazi ham chiqiriladi. Havodagi kislorod miqdori odatdagidan ancha kam boʻladigan balandlikka koʻtarilganda, tashqi muhit temperaturasi oshganda va shahrik hollarda Nafas qisishi roʻy beradi. Odam oʻz ixtiyoriga koʻra, yaʼni ongli ravishda nafasning tezligi va chuqurligini oʻzgartirishi mumkin. Patologik Nafas qisishi ayrim kasallik holatlarida yuz beradi. Markaziy Nafas qisishi nafasning idora qilinishi buzilganda yoki bosh miyadagi nafas markazi zaharlanganda, organizm, mastlik holatda, uxlatadigan dorilar yoki narkotik moddalardan zaharlanganda sodir boʻladi. Oʻpkaga aloqador Nafas qisishi koʻkrak qafasi shikastlanganda, oʻpka kuchli zaharlanganda (oʻpka yalligʻlanishi, sil, bronxial astma, oʻpka emfizemasi va boshqalar) kuzatiladi. Nafas qisishining bu turi nafas chuqurligi va tezligining buzilishi, aksari nafas chiqarishning qiyinlashishi, teri va shilliq qavatlarining koʻkarib ketishi (qarang Sianoz), boʻyin venalarining boʻrtib chiqishi, yuz koʻkarishi bilan oʻtishi mumkin. Oʻpkadan boʻladigan Nafas qisishi hatto ozgina jismoniy harakat qilganda ham kuchayadi. Yurakka aloqador Nafas qisishi yurak kamchiligida roʻy beradi, bunda teri koʻkarib ketishi, oyoq-qoʻllar sovuq qotishi mumkin. Jismoniy ish qilganda bunday Nafas qisishi keskin kamayadi. Odatda, boʻgʻilib qolishgacha olib keladigan Nafas qisishi bronxial astma va yurak astmasida kuzatiladi. Nafas qisishi avj olganda bemorning koʻkragini qisib turgan kiyimini yechish, nafas olishini yengillatish uchun oʻrniga oʻtkazib qoʻyish, u yotgan xona derazasini ochib, zudlik bilan tez yordam chaqirish kerak. Oʻpkaga bogʻliq holda Nafas qisishi bilan kechadigan kasalliklarning oldini olishda organizmni muntazam chiniqtirish, jismoniy mashqlar va nafas gimnastikasi bilan shugʻullanish, nafas yoʻllarining yuqumli va allergik kasalliklarini oʻz vaqtida davolatish, toʻgʻri ovqatlanish, semirishga yoʻl qoʻymaslik lozim.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil