Muso Ibn Nusayr

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Muso Ibn Nusayr (?—716 yoki 717) — Umaviylarning Afrikadagi lashkar-boshisi, Sharqiy barbarlar yordamida Afrikaning shim.dagi dengiz sohillarini Tanjer shahriga qadar bosib olgan (706—709). Vizantiya tomonidan Seuta qalʼasi boshligʻi etib tayinlangan graf Yulian ham arablarga boʻysungan. Keng tarqalgan rivoyatga koʻra, aynan Yulian arablarni Ispaniyaga qarshi yurish qilishga undagan; bunga uning qizini vestgotlar qiroli Rodrig tomonidan haqorat qilinishi sabab boʻlgan. M. ibn N.ning mavlosi Toriq ibn Sayd 7 ming barbar bilan boʻgʻozdan Ispaniya sohiliga oʻtgan (q. Gibraltar) va 711 yil Kadiks (baʼzi maʼlumotlarga koʻra Xeres dela Fronter) yaqinida gʻalaba qozongan va osonlik bilan boshqa shaharlarni birin-ketin egallay boshlagan. M. ibn N.ning bunga gʻayirligi kelib 712 yil 18 ming qoʻshini bilan oʻzi ham Ispaniyaga oʻtgan, Toriqni hibsga olib, Ispaniyani zabt etishni oʻzi nihoyasiga yetkazgan. M. ibn N.ning qudrati kuchayib ketishidan xavfsiragan xalifa uni Damashqqa chaqirtirib olgan (715); M. ibn N. ning mol-mulki tortib olingan.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil