Mushuk ayol

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search
Mushuk ayol
Inglizcha: Catwoman

Rassom Stanley Lau.
Nashr haqida maʻlumot
Nashriyot DC Comics
Birinchi namoyish Batman #1 (Iyun 1940)
Yaratuvchi(lar) Bill Finger
Bob Kane
Qahramon haqida
To‘liq ismi Seline Kyle
Boshqa nomlari Peyshns Filips
Turi inson
Bo‘yi 175 sm
Og‘irligi 60 kg
Ko‘z rangi Yashil
Soch rangi Qora
Tug‘ilgan sayyorasi Yer
Oilaviy ahvoli Batman ga turmushga chiqmoqchi
Qobiliyati
  • Oʻgʻrilik boʻyicha mutaxassis
  • Qoʻl bilan jang qilishda tajribali
  • Tajribali gimnast
  • Oʻtkir tirnoqlarga ega
Do‘st va dushmanlari tarixi
Jamoaviy tashkilotlar Batman oilasi
Adolat Ligasi
Sheriklari Batman
Harley Quinn
Poison Ivy

Mushuk ayol (Inglizcha: Catwoman), asl ismi Selina Kyle) — xayoliy personaj, DC Comics oilasiga mansub, Batman haqidagi komikslarda ishtirok etadi. Eng avvalida o‘ta yovuz qahramon bo‘lgan, keyinchalik antiqahramonga aylangan. "Batman"dagi debyutidan keyin qahramon sifatida o‘z komiksiga ega bo‘lgan.

To‘qima tarjimai holi[tahrir]

Selina Kaylning ilk bora "Batman" komikslarida paydo bo‘lishi (1940-yil)

Selina Gothamning qashshoq kvartallaridan birida tug‘iladi. Onasi Selina va singlisi Meggiga e'tiborsiz edi, u ko‘proq o‘z mushuklari bilan ovvora bo‘ladi; Selina olti yoshligida onasi o‘z joniga qasd qiladi. Yana olti yildan keyin piyonista otasi Brayan Kayl ham vafot etadi. Opa singillarni turli oilalar o‘z qaramog‘iga oladi, ular uzoq yillar bir-birlarini ko‘rmaydilar. Oxir oqibat Selina mehribonlik uyiga tushib qoladi. Mehribonlik uyining qattiqqo‘l direktoriga o‘ziga bino qo‘ygan bu qiz yoqmaydi, uni doimiy ravishda kaltaklab, xonasiga qamab qo‘yadi Lekin Selina bo‘sh kelmadi: u o‘zining gimnastik mahorati va kuzatuvchanligini ishga solib, qulflarni ochishni va xavfsizlik tizimlarini chetlab o‘tishni o‘rgandi. Avval u shunchaki tomga chiqib to‘kin hayot haqida orzu qila boshladi.

Bir kuni Selina o‘g‘rincha direktorning xonasiga kirib mehribonlik uyi uchun ajratilayotgan pullarning direktor tomonidan talon-taroj qilinganligini bilib qoladi. Xavfli guvohdan qutulish maqsadida direktor xonim Selinani xushdan ketkizib, qopga soladi-da, okeanga uloqtiradi. Okeanning sovuq suvidan seskanib qiz xushiga keladi va o‘limdan saqlanib qoladi. U direktorning sirini ochishga tahdid qilib muassasada o‘zi haqida saqlanayotgan barcha qaydlarni o‘chirtiradi, u yerda yashayotgan barcha qizlarni ozod qiladi. So‘ng o‘zi uchun eng kerakli va xavfsiz deb bilgan hayotga - o‘g‘rilar hayotiga talpinadi. [1]

Selina Gothamning East-End kvartalida yashay boshlaydi va Holly ismli yosh foxishani o‘z qaramog‘iga olib, unga o‘z singlisidek munosabatda bo‘ladi. O‘g‘riliklar orasida politsiyadan yashirinish maqsadida o‘zini Hollyning hamkasbidek ko‘rsatadi. Tasodifan u qo‘lsiz senseyning shogirdlari bo‘lgan nindzyalar guruhini uchratib qoladi va bu guruhga qo‘shilishni istaydi. U sensey tomonidan shogirdlikka qabul qilingan birinchi ayol bo‘ladi. Tez orada o‘z "sinfidagi" eng mahoratli shogirdga aylanadi. Undan avvalgi 1-raqamli shogird hisoblangan Kay unga hasad qila boshlaydi. Kay Selinaga hujum qilishga urinadi lekin bundan o‘z yuzi uchun chandiqlar ortdirib oladi, xolos. U Selinani "Mushuk ayol" deya haqoratlaydi, o‘ziga esa Hellhaund ("oʻzb. do‘zax iti") laqabi nasib etadi. Selina shaharda yangi paydo bo‘lgan Ko‘rshapalak odamdan ilhomlanib, o‘zi uchun yangi - "Mushuk ayol" kostyumini tayyorlaydi. [2]

O‘g‘rilik faoliyatining avvalgi yillarida Selina boy xonadonlarga muammosiz kirib olish va u yerdan kerakli deb hisoblagan buyumlarini olib ketish uchun o‘zini foxisha qiyofasida ko‘rsatadi. "Birinchi yil"da u 18 yoshli malakali foxisha sifatida tasvirlanadi. Ueyn o‘zining adolat uchun kurashuvchi birinchi kechasida hech qanday kostyumdan foydalanmaydi, u Selinaga qo‘shmachilik qiluvchi Sten va yoshgina Holly bilan janjallashib qoladi, Batmanga qarshi Selina ham janjalga qo‘shiladi. Keyinroq, bu qahramon Betmen kostyumida yonayotgan omborda politsiyadan qochganida Selina va Holly uning harakatlarini kizatishadi, Selina bundan ilhomlanib o‘zi uchun mushuk kostyumini yaratadi va to‘laqonli o‘g‘riga aylanadi.[3]

Biroz keyingi komikslarda bir necha marta Mushuk ayol va Batman o‘rtasidagi ishqiy munosabatlar ko‘rsatib o‘tilgan. Vaqtlar o‘tib Selina o‘g‘rilik ishini o‘zgartirib qahramonga aylanadi. Keyinroq ma'lum bo‘lishicha, bu qarorga kelishiga Zatanna sababchi bo‘ladi. O‘z qahramonligi davrida Mushuk ayol jinoyatchi Qora niqobni otishga va qiz farzandli bo‘lishga ulguradi. Farzandining hayoti xavf ostida qolishidan qo‘rqib uni boshqalarga berib yuboradi. Keyinroq u Zatannadan Helena va Mushuk ayol hayoti haqidagi xotiralarni o‘chirishini so‘raydi.[4]

Robert Aspin, Linn Ebbi - Mushuk ayol / Catwoman (1992) - roman voqealari boshqa voqe'liklar silsilasiga ta'sir etmagn holda, alohida epizod bilan ayni muhitda bo‘lib o‘tadi. Selina Kayl - ishsiz. Batman bilan munosabatda befarq ammo umumiy dushmanlarga ega.

Kuch va salohiyati[tahrir]

Mushuk ayol juda yaxshi sport va akrobatik tayyorgarlikka ega. Chidamli, epchil, egiluvchan va yashirina olish qobiliyatlariga ega. Uni jang san'atiga Yovvoyi mushuk o‘rgatgan. Mushuk ayol mushuklar bilan uzviy aloqaga ega, mushuklar uni ko‘rganlarida o‘z do‘stlari ekanligini tezda anglaydilar va turli holatlarda yordam ham beradilar.

Muqobil versiyalar[tahrir]

Flashpoint voqealari davomida Selina Orakul taxallusli qahramon sifatida gavdalanadi. U Jokerni va Xarvi Dentaning yo‘qolgan farzandlarini topishda James Gordon va Batmanga (bu silsilada u Bryusning otasi hisoblanadi) yordam beradi.[5]

Boshqa ommaviy axborot vositalarida[tahrir]

Batman[tahrir]

Batmanning qaytishi[tahrir]

Asosiy maqola: Batmanning qaytishi.

"Batmanning qaytishi" filmida Selina Kaylning hayoti butunlay boshqacha tarzda bayon etiladi. Endi u Gotem ko‘chalarida ulg‘aygan o‘g‘ri ayol emas, Maks Shrekning kotibasi. U Maksning jinoiy harakatlarini sezib qoladi. Qo‘liga bu haqdagi dalillar tushgan vaqtida Maks uni derazadan itarib yuboradi. Selina ko‘chadagi daydi mushuklar tomonidan qayta tiriltiriladi va ularning ayrim qobiliyatlarini o‘zlashtiradi. O‘zi uchun qora yaltiroq kostyum tayyorlaydi, qamchi va tikuv mashinkasining ignalaridan tayyorlangan qo‘lbola tirnoqlar yordamida qurollanadi. O‘z boshlig‘idan o‘ch olish maqsadida Gotham ko‘chalarida kezadi, ikkinchi o‘rindagi yovuz qahramonga va Pingvinning sherigiga aylanadi. Mushuk ayol Maks Shrekni o‘ldirish maqsadida bir qo‘l bilan quchoqlaydi va boshqa qo‘li bilan transformatorning simini ushlaydi. Tok urishi oqibatida o‘lar holga keladi. Film so‘ngida, Gotham uzra Batmanning Bat-signali yangragan vaqtda Mushuk ayol yana tomlar ustida o‘rmalab yuradi. Selina komikslarda qora sochli, filmlarda asosan sariq sochli ko‘rinishda gavdalanadi.

Mushuk ayol[tahrir]

Asosiy maqola: Mushuk ayol (film).

""Mushuk ayol"" filmida Selinaning tarixi butunlay inkor etilgan. Endi u oddiy kosmetik dizayner Peyshns Fillips ko‘rinishida gavdalantiriladi. U ish beruvchilari tomonidan taqdim etilayotgan kremning sirini bilib qoladi va o‘ldiriladi. Uni Yarimtun laqabli mau zotli uy mushugi boshchilik qiluvchi mushuklar to‘dasi qayta tiriltirishadi. Avval u faqat kechalari o‘zini mushuklardek tutadi, keyinroq o‘zining qobiliyatlaridan foydalanib tungi super qahramonga aylanadi. Uning kostyumi qora charm siynaband, qora shim, uchi ochiq qora tufli, olmos tirnoqlar bilan bezalgan qora qo‘lqop va mushuk niqobidan tarkib topadi. Film syujetiga ko‘ra Peyshns yagona Mushuk ayol hisoblanmaydi, uning o‘tmishdoshlari Qadimgi Misr davridan buyon qahramonliklar ko‘rsatishgan bo‘ladi. Film davomida Peyshns politsiyachi Tom Loun bilan ishqiy munosabatda bo‘ladi.

Qora Ritsar[tahrir]

Asosiy maqola: Qora Ritsar (film).

Qora Ritsar: Afsonaning qaytishi[tahrir]

Asosiy maqola: Qora Ritsar: Afsonaning qaytishi.

Tasvirga olish ishlari va kasting[tahrir]

"Mushuk ayol" roli uchun Kristofer Nolan o‘z ro‘yxatiga Kira Naytli, Jessika Bil, Keyt Mara kabi aktrisalarni kiritgan. Ammo bu rolga Enn Heteuey tasdiqlangan.[6] Suratga olish ishlarida qatnashgan Enn Heteuey bu rolning jismoniy jihatdan o‘ta mushkul kechayotgani ayniqsa aktrisa uchun maxsus tayyorlangan Mushuk ayol kostyumini kiyish qiyin ekanligi haqida gapirib o‘tadi[7]. Aktrisa rolga to‘laqonli moslashish uchun haftada besh kun mashqlar bajaradi: kuniga 4 soat davomida jismoniy mashqlar va turli tryuklarni va yana bir yarim soat raqs harakatlarini o‘rganib boradi[8].

Syujetdagi rol[tahrir]

Bu filmda Selina Kayl antiqahramon sifatida gavdalanadi. Uning o‘tmishi ochib berilmaydi lekin film voqealari davomida aniq bo‘lishicha u o‘g‘rilik bilan ko‘pdan beri shug‘ullanadi. Uni poraxo‘r biznesmen Jon Dagget Bryus Ueynning barmoq izlarini o‘g‘rilash uchun yollaydi, buning evaziga u Selinaga barcha ma'lumotlar bazalaridan u haqdagi ma'lumotlarni o‘chirib yuboradigan "Dog‘siz sahifa" dasturini va'da qiladi. Selina bu ishni uddalaydi, qo‘shimchasiga u Ueynning marhuma onasiga tegishli bo‘lgan marvarid taqinchoqni ham o‘g‘irlaydi. Ueyn o‘g‘rilikni sezib qoladi va o‘g‘rini qo‘lga tushiradi ammo u qochib qoladi. Mushuk ayol barmoq izlarni Daggetning odamlariga topshiradi, ular Selinani yo‘qotmoqchi bo‘ladilar lekin u ayyorlik bilan pistirmadan qutulib qoladi. Selina o‘ziga va'da qilingan dasturni olish maqsadida (aslida endi bu dasturning borligiga shubha qila boshlaydi) Daggetning uyiga kirib unga hujum qiladi ammo unga Beynning odamlari tashlanib qolishadi. Qayta Batmanga aylangan Bryus qizga yordam beradi va unga Beynning qarorgohini ko‘rsatishi evaziga "Dog‘siz sahifa"ni taklif etadi. Qiz rozi bo‘ladi ammo bu pistirma bo‘lib chiqadi: yovuz qahramon qizga tahdid qiladi va qiz Batmanni aldab Beynga asir tushishiga sababchi bo‘ladi. Besh oy o‘tib Batman yana Beyn tomonidan bosib olingan Gothamga qaytadi va yana Mushuk ayolning adolat tarafida ekanligiga umid qilgan holda unga sheriklikni taklif qiladi. Batman unga ichida "Dog‘siz sahifa" dasturi bo‘lgan fleshkani taqdim qiladi va shaharni Soyalar Ligasidan ozod qilishda yordam berishini so‘raydi. Buning uchun Batman Selinaga Batpodni beradi va o‘zi Bat uchish qurilmasidan foydalanadi. Mushuk ayol Batmanga Soyalar Ligasi qo‘shinidan qutulishiga ko‘mak beradi va Betpodning o‘qotar qurolidan Beynni otib Batmanning hayotini saqlab qoladi. Film so‘ngida Bryus Beynning bombasini o‘zi bilan olib ketishi oldidan Selina Bryusga bo‘sa hadya etib, unga bo‘lgan o‘z hislarini bildiradi. Portlash bilan o‘z o‘limi voqeasini uyushtirgan Bryus jinoyatchilik bilan kurashini yakunlaydi va Selina bilan Yevropaga borib birga yashay boshlashadi. Film davomida Selinani bir marta ham Mushuk ayol deb atashmaydi (bu ism faqat ro‘znomalarda uchraydi). Ammo u film bilan bog‘liq turli mollarda Mushuk ayol deya ataladi. Uning ko‘z niqobiga skaner-ko‘zoynak ham ilova qilingan. Bu buyum foydalanilmagan vaqtda bosh ustida turib, mushuk quloqlarini eslatadi. Qamchi o‘rniga Selina pistolet va etigidagi o‘tkir poshnalar bilan qurollangan. Selinaning xarakterida ham ayrim o‘zgarishlar bor: u kerak deb bilgan vaqtida insonlarni oson o‘ldira oladi.

Batman Supermanga qarshi[tahrir]

Asosiy maqola: Batman v Superman: Dawn of Justice.

Zak Snayderning filmida ayrim o‘rinlarda Mushuk ayolga ishoralar bor: Bryus Ueyn ma'lumotlar omborrini o‘g‘irlayotgan Diana Priceni qo‘lga tushirgan vaqtda "Senga o‘xshaganlarni uchratganman" deb aytadi. Bu DC Kengaytirilgan Koinotida Selina Kylening borligiga ishoradir.

Gothamlik Selina[tahrir]

Televideniya[tahrir]

"Gotham" televizion serialida Selina rolini yosh aktrisa va raqqosa Kamren Bikondova ijro etgan. Serial voqealari asosan Bryusning ota-onasi vafot etgan davrlarga to‘g‘ri kelgani uchun bu yerda Selina 13 yoshda aks etadi. U ko‘chada yashab, oziq-ovqati uchun mayda o‘g‘riliklarga qo‘l urib turadi. Wayne'larning o‘ldirilishiga guvoh bo‘ladi va buni Gordonga aytish evaziga bolalar qamoqxonasidan ozod bo‘ladi.

Animatsion filmlar[tahrir]

Batman: Birinchi yil[tahrir]

Asosiy maqola: Batman: Birinchi yil (multfilm).

DC peshlavhasi: Mushuk ayol[tahrir]

Asosiy maqola: DC peshlavhasi: Mushuk ayol.

Mushuk ayolga bag‘ishlangan qisqa metrajli film.

Lego film: Batman[tahrir]

Asosiy maqola: The Lego Batman Movie.

2014-yil yaratilgan "The Lego Movie" multfilmining komediyali spin-offi. Mushuk ayol bu filmda yovuz qahramonlar guruhida bo‘ladi. Fimda Mushuk ayolga Zoi Kravits ovoz bergan.

  • "Batman: Niqobli ritsarlarning qaytishi" multfilmida asosiy yovuz qahramonlardan biri bo‘ladi.

Videoo‘yinlar[tahrir]

Mushuk ayol Batman haqidagi ko‘plab kompyuter o‘yinlarida ishtirok etadi. Ayrim o‘yinlarda u bosh qahramonning raqibi, ayrimlarida esa ittifoqchisi sifatida qatnashadi.

Manbalar[tahrir]

  1. Catwoman Vol.1 #00
  2. Catwoman Vol.1 Annual #02 (1995)
  3. Batman #404-407
  4. Catwoman Vol.2 #49-52, 62, 71-72
  5. Flashpoint: Batman: Knight of Vengeance 2: Part Two
  6. Jensen, Jeff (19-yanvar 2011-yil). 'The Dark Knight Rises' scoop: Anne Hathaway, Tom Hardy join cast. Entertainment Weekly. Asl nusxadan arxivlandi (2012-03-22). January 19, 2011.
  7. Ford, Rebecca (August 5, 2011). Anne Hathaway: 5 Things to Know About the New Catwoman. The Hollywood Reporter. Asl nusxadan arxivlandi (2012-05-07).
  8. Anne Hathaway's New World: The Interview. Harper’s Bazaar (27-iyun 2011-yil). Asl nusxadan arxivlandi (2012-05-07).

Havolalar[tahrir]