Mullaboy Mansurov Sirki

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Mullaboy Mansurov Sirki - birinchi professional oʻzbek sirk truppasi. Mullaboy Mansurov 20-asrning boshida koʻchma sirk va turli tomoshalarni uyushtirishda dong taratgan. Oʻzining tashkilotchiligi va xalq sanʼatini yaxshi bilishi tufayli, tarqoq sirk toʻplarini birlashtirib, 1903 yil Toshkentda Yevropa shaklidagi dastlabki oʻzbek sirk truppasini tuzdi. Truppada aka-uka Rahmon va Parzin Abduxalilovlar (chigʻiriqchi va muallaqchilar), Muhammad (Chaqqon) Xoʻjayev bilan Qodir bola (akrobat), Karim Zaripov bilan Ortiq qiziq (bambuk; biri 4—5 metrli yogʻochni qorniga qoʻyib, ikkinchisi oʻsha yogʻoch ustiga chiqib oʻynagan), Muqiddin Shokirov ("besuyak"), Kal Shokir (jonglyor), Said-afgʻon (qilichboz), Yusufjon qiziq Shakarjonov, Sobir qori va Rafiq qiziq (qiziqchilar), Zokirjon Ovulov (jarchi), Ashirmat va Kenja-boy (surnaychi) singari 20 dan ortiq kishi uyushgan. Mullaboy Mansurov oʻzi boshliq va badiiy rahbar boʻlgan hamda oʻrgatilgan otlar bilan manejga chiqqan.

1904—06 yillarda M.Mullaboy Mansurov Sirki Turkiston oʻlkasi, Buxoro amirligi, Xiva xonligi, hattoki Sharqiy Turkiston (Sinszyan) shahar va qishloklarida oʻz tomoshalari bilan gastrolda boʻlgan. 1908—09 yillar M.Mullaboy Mansurov Sirki yana bir nechta mayda toʻplarga boʻlinib ketdi. Oʻzbek sirk artistlari uchun M.Mullaboy Mansurov Sirki professional maktab vazifasini oʻtadi va ular bu yerda faoliyat koʻrsatib, oʻz mahoratlarini birmuncha oshirishdi va murakkab mashklarni oʻzlashtirib, repertuarni kuchaytirishdi. M.Mullaboy Mansurov Sirkining tashkil boʻlishi tarqoq sirk oʻyinchilari birlashib, yaxlit dastur bilan maydonga chiqishida muhim ahamiyat kasb etdi.

Poʻlat Toshkanboyev.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil