Mulla Ernazarbek madrasasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Madrasa
Mulla Ernazarbek madrasasi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Buxoro viloyati
Shahar Buxoro
Maktab yoʻnalishi sunniy
Mulkdor mulla Ernazar Maqsud oʻgʻli
Meʼmoriy uslub Markaziy Osiyo meʼmorchiligi
Binokorlik tashabbuschisi mulla Ernazar Maqsud oʻgʻli
Asosiy sana:
1794—1795
Holati Saqlanib qolmagan
Hujralar soni 40 ta
Qurilish materiali Pishiq gʻisht

Mulla Ernazarbek madrasasi — Buxoro madrasasi. Madrasa hozirgi kunda saqlanib qolmagan. Mulla Ernazarbek madrasasi Shayx Shona guzarida 1794—1795-yillarda Buxoro amirligida hukmronlik qilgan Amir Shohmurod davrida, mulla Ernazar Maqsud oʻgʻli tomonidan bunyod etilgan. Ushbu madrasa Koʻkaldosh madrasasi bilan yonma-yon joylashgan boʻlib, keng ichki hovliga ega boʻlgan. Tadqiqotchi olim Abdusattor Jumanazarov ushbu madrasaga oid bir qator vaqf hujjatlarini oʻrgangan boʻlib, madrasa bilan bogʻliq maʼlumotlar keltirgan. Madrasa koʻp hujrali, masjid, darsxona, ichki va tashqi hovlisi, tahoratxona va chiroyli gumbazdan iborat. Voqif madrasa shimolidagi 2 hujrani avlodlariga vaqf qilgan. Madrasa uchun Mirzo Haydar guzarida 4 doʻkon, Poyiruddagi Namozgoh mavzesida 15, Kaftovulda 400, Qoratepa mavzesida 500 tanob yerni vaqf qiladi. Madrasa har bir hujrasida ikki nafar talaba yashagan. Mulla Ernazar elchi sifatida Buxoro amirligi nomidan, bir necha marotaba Rossiya davlatiga elchi boʻlib borgan. Abdusattor Jumanazarovning fikricha madrasa Rossiya hukmdor-malikasi Yakaterina II mablagʻi evaziga bunyod etilgan. Ernazar elchi hajga ketayotgan paytda hojilarga yoʻlboshchi boʻlib borayotgan paytda Turkiyada vafot etadi. Tarix fanlari nomzodi, dotsent Guldona Taniyeva oʻz tadqiqotlarida madrasa Ernazar Maqsud oʻgʻlining shaxsiy mablagʻi hisobiga bunyod etilgan deb xulosaga kelgan[1]. Madrasaning yillik vaqf mablagʻi 35000 tangani tashkil etgan. Madrasada 80 nafargacha talaba tahsil olgan. Mulla Ernazarbek madrasasida faoliyat olib borgan mudarrislarga 1300 tanga maosh berilgan. Ushbu madrasaning boy kutubxonasi ham mavjud boʻlgan[2]. Sadri Ziyo ushbu madrasada 40 ta hujralar boʻlganligini yozib qoldirgan[3]. Mulla Ernazarbek madrasasi 40 ta hujradan iborat boʻlgan. Ushbu madrasa Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi uslubida bunyod etilgan. Madrasa pishiq gʻisht, yogʻoch, tosh va ganchdan qurilgan. Madrasa XX asrning 50-yillarida buzib tashlangan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Таниева Г. Император кема совға қилган бухоролик элчи. Toshkent: Oʻzkitob savdo nashriyot matbaa ijodiy uyi, 2021 — 42 bet. 
  2. Abdusattor Jumanazar. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592 bet. 
  3. Muhammad Ali Baljuvoniy. Tarixi Nofeyi (Foydali tarix). Toshkent: Akademiya nashriyoti, 2001 — 122 bet.