Kontent qismiga oʻtish

Muhammad ibn Tohir

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Muhammad ibn Tohir
Xuroson noibi
Mansab davri
862 – 873
Monarx Al-Musta’in
Al-Mu’tazz
Al-Muhtadiy
Al-Mu’tamid
Oʻtmishdoshi Tohir ibn Abdulloh
Vorisi Yoʻq (Xurosonni Safforiylar egallab olgan)
Bagʻdod noibi
Mansab davri
885 – 889
Oʻtmishdoshi Ubaydulloh ibn Abdulloh ibn Tohir
Vorisi Ubaydulloh ibn Abdulloh ibn Tohir
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi noma’lum
Vafoti 910
Otasi Tohir ibn Abdulloh

Abu Abdulloh Muhammad ibn Tohir ibn Abdulloh (arabcha: أبو عبد الله محمد بن طاهر بن عبد الله‎, tax. 910-yilda vafot etgan) 862-yildan 873-yilgacha noiblik qilgan Xurosonning soʻnggi Tohiriy noibi. Abu Abdulloh Abbosiylar xalifaligida nihoyatda beqaror davr hamda 865—866-yillardagi Abbosiylar fuqarolar urushi davrida noiblik qilgan. Noiblik davrida toʻrtta xalifa al-Mustaʼin, al-Muʼtazz, al-Muhtadiy, al-Muʼtamid hukmronlik qilgan. Keyinroq xalifa al-Muʼtamid Bagʻdod noibi etib tayinlab, 885—889-yillarda ushbu lavozimda faoliyat yuritgan.

Xuroson noibligi davri

[tahrir | manbasini tahrirlash]

862-yilda Muhammadning otasi Tohir ibn Abdulloh vafot etgach, xalifa uning oʻrniga Tohirning ukasi Muhammad ibn Abdulloh ibn Tohirni tayinlamoqchi boʻlgan. Biroq, u taklifni rad etgach, xalifa Muhammadni noib etib tayinlashga qaror qilgan. Biroq, xalifa Muhammadga Xurosonning Tohiriy noibi uchun ajratiladigan boshqa unvonlarni, jumladan Iroq va Bagʻdodning harbiy noibligi (sohib ash-shurta) kabi lavozimlarni bermagan. Xalifa bu unvonlarni Muhammad ibn Abdullohga topshirgan[1].

Muhammad noib etib tayinlanganda hali yosh va tajribasiz edi. Otasining oʻrnini egallaganidan atigi ikki yil oʻtib, Hasan ibn Zayd ibn Muhammad boshchiligidagi Zaydiylar qoʻzgʻoloni natijasida Tabariston qoʻldan ketadi. Tohiriylar bu viloyatni qaytarib olishga muvaffaq boʻlishmadi. 867-yilda Seyiston amiri safforiy Yaʼqub as-Saffor Hirotni egallab, uning tohiriy noibini zindonga tashlatgan. Yaʼqubni toʻxtatish uchun Somoniy Ibrohim ibn Ilyos qoʻmondonligi ostida qoʻshin yuborilgan. Biroq qoʻshin magʻlubiyatga uchragach, Muhammad kelishuvga rozi boʻlishga majbur boʻlgan. Bu davrda Muhammad gʻarbdagi amakisi Muhammadga berilgan lavozimlarni oʻzi egallashga intilgan. Bagʻdoddagi Muhammad 867-yilda vafot etgach, uning ukase Ubaydulloh mansablarni oʻz qoʻliga oladi. Muhammad Ubaydullohga qarshi boshqa amakisi Sulaymon ibn Abdullohni Iroqqa oʻz vakili qilib yuboradi. Sulaymon Ubaydullohning oʻrniga lavozimlarni egallashga erishadi. Biroq, keyinchalik Ubaydulloh ularni qaytarib oladi[2].

Muhammadning Xurosondagi hokimiyati zaif boʻlgan hududlarda Tohiriylar hukmronligining barham topishiga sabab boʻladi. 873-yilda Yaʼqub Muhammadning poytaxti Nishopurga yurish qiladi. Muhammad qochishdan bosh tortib, Safforiylar tomonidan asirga olinadi. Uch yil davomida asirlikda saqlanadi. Biroq, 876-yilda Dayr al-Aqul jangida Safforiylar magʻlubiyatga uchragach, xalifalikning harbiy kuchlari tomonidan ozod qilinadi. Muhammad ozod etilgach, xalifa uni yana Xuroson noibi etib tayinlaydi, biroq Muhammad hududda hech qachon oʻz hokimiyatini oʻrnata olmaydi. Xurosondagi Ahmad al-Xujistoniy va Rofe ibn Harsama kabi Safforiylar dushmanlarining tarafdorlari oʻzlari nazorat qilgan hududlarda Muhammad ismini xutbaga kiritishgan, biroq Muhammad hech qachon ular ustidan real hokimiyatga ega boʻlmagan[3].

Hayotining keyingi davri

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xalifa ozod qilgan Muhammad Bagʻdodga koʻchib oʻtib, Ubaydulloh ibn Abdulloh egallab turgan lavozimlarni qoʻlga kiritishga urinib koʻradi. Ikki Tohiriy oʻrtasidagi ushbu ziddiyat bir necha yil davom etgan. 879-yilda safforiy Yaʼqub vafot etgach, oʻrniga ukasi Amr ibn Lays keladi. Amr xalifa bilan kelishuvga erishib, Muhammadning oʻrniga Xuroson viloyatini boshqarish huquqlarini oladi. Xuroson noibi boʻlgan Amr endi gʻarbdagi lavozimlarga oʻz vakilini tayinlash huquqi kabi ilgari Tohiriylarga tegishli boʻlgan vakolatlarni ham qoʻlga kiritadi. Amr mazkur lavozim uchun Ubaydullohni tanlaydi. Amr oʻz taʼsiridan foydalanib, Muhammadni goʻyoki Xujistoniyni qoʻllab-quvvatlagani uchun qamoqqa oldiradi. Biroq, ushbu ayblov uchun jiddiy dalillari yoʻq edi[4].

Muhammad taxminan 884-yilda xalifalik va Safforiylar oʻrtasidagi tinchlik buzilgach, qaytadan xalifaning eʼtiborini qozonadi. Muhammad Ubaydulloh oʻrniga Bagʻdod noibi etib tayinlanadi. Shuningdek, Xuroson noibi unvonini qaytadan qoʻlga kiritadi. Biroq, ilgarigidek, bu viloyatda oʻz hukmronligini qayta oʻrnatishga muvaffaq boʻlmaydi[5]. Muhammad 910-yil atrofida vafot etgan[6].

  1. Bosworth 1975, s. 104; Bosworth 1994, ss. 109–10; Al-Tabari 1985–2007, v. 35: pp. 5-6; Al-Ya'qubi 1883, s. 604.
  2. Bosworth 1975, ss. 102–03; Bosworth 1994, ss. 109 ff.; Al-Tabari 1985–2007, v. 35: pp. 21 ff., 149-50; v. 36: pp. 13-15; Al-Ya'qubi 1883, s. 613.
  3. Bosworth 1975, ss. 103–04, 112–18; Bosworth 1994, ss. 116 ff., 159 ff.; Zetterstéen 1993, s. 410; Al-Tabari 1985–2007, v. 36: pp. 156-57, 170-72; Al-Mas'udi 1874, ss. 42–44.
  4. Bosworth 1975, ss. 116 ff.; Bosworth 1994, ss. 140–41, 181, 186–88, 193–94; Al-Tabari 1985–2007, v. 36: pp. 203-04; v. 37: pp. 1, 12.
  5. Bosworth 1975, s. 104; Zetterstéen 1993, s. 410; Al-Tabari 1985–2007, v. 37: p. 147 Muhammad’s tenure as governor/sahib al-shurtah of Baghdad is somewhat ambiguous. Al-Tabari, v. 37: p. 148, reports that in 885 al-Husayn ibn Ismaʼil was the sahib al-shurtah as Muhammad’s deputy. In 886 Muhammad brought an end to a riot against Ahmad ibn Muhammad al-Ta'i, who had been blamed for a food shortage in the city; v. 37: p. 151. In 889 Ahmad was imprisoned; al-Tabari mentions here that he been in charge of the shurtah prior to his arrest; v. 37: p. 157.
  6. Bosworth 1975, s. 104; Zetterstéen 1993, s. 410.
Oldingisi Xurosonning tohiriy noibi
862—873
Xurosonni Safforiylar egallab olgan
Oʻtmishdoshi:
Ubaydulloh ibn Abdulloh ibn Tohir
Bagʻdodning tohiriy noibi
885—889
Vorisi:
Ubaydulloh ibn Abdulloh ibn Tohir