Muhammad Solih

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Muhammad Solih (shoir)dan yoʻnaltirildi)
Jump to navigation Jump to search

Muhammad Solih (1455, Xorazm — 1535, Buxoro) — shoir. Xorazm hokimi amir Nursaidbek oilasida tugʻilgan. Bobosi Shohmalik Ulugʻbek saroyida, otasi Nursaidbek esa Ulugʻbek, Joʻgi Mirzo, Abu Said saroylarida eʼtiborli arboblardan boʻlgan. M.S. Xorazmda savod chiqargach, Hirotga borib, Aburahmon Jomiydyan ilm oʻrgangan. Otasi vafot etgach, Husayn Boyqaro va boshqa temuriylar saroyida maʼlum muddat xizmat qilgan. Biroq otasining oʻlimiga sababchi boʻlgan temuriyzodalar bilan ishlashni xohlamay, 1499 yil Shayboniyxon xizmatiga kirgan. Buxoro, Chorjoʻy, Niso viloyatlariga hokimlik qilgan. "Amir ul-ulamo", "Malik ush-shuaro" unvonlariga sazovor boʻlgan. 1507—10 yillarda Hirotda yashagan. Shayboniyxon vafotidan soʻng Buxoroga qaytgan. M.S. turkiy va forsiyda ijod qilgan. Sheʼrlari ishqiy, biografik, siyosiy mavzuda. Oʻzbek adabiyoti tarixida ilk realistik tarixiy doston — "Shayboniynoma"ni yozgan. Doston 8880 misra, 76 bobdan iborat. 15-asr oxiri — 16-asr boshlaridagi voqealar aks etgan bu asar tarixiy, etnografik, geografik, lingvistik jihatlardan ham, badiiyligiga koʻra ham muhim ahamiyatga ega. Dostonning asl nusxasi topilgan emas, ammo shoir hayotligida Qosim kotib tomonidan 1510 yilda koʻchirilgan qoʻlyozma nusxasi Venada saqlanadi. 1904 yilda Sankt-Peterburgda (1904), Toshkentda (1961, 1989) nashr etilgan. Vamberi M.S.ning "Laylo va Majnun" nomli turkcha goʻzal dostoni borligini xabar bergan, lekin u topilgan emas. "Qomus ul-aʼlom"sA "Noz va Niyoz" manzumasi M.S.ga nisbat berilgan, biroq Nisoriy "Muzakkiri ahbob"da uning muallifini Baqoiy deb koʻrsatadi.[1][2][3][4]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME
  2. Shayboniynoma, T., 1961; 1989.
  3. Akramov A., Muhammad Solih, T., 1966;
  4. Ibrohimov A., 16 asr oʻzbek adabiyotining asosiy xususiyatlari, T., 1976.