Murod Muhammad Doʻst

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Muhammad Do‘st Muroddan yoʻnaltirildi)
Murod Muhammad Doʻst
Tavalludi 4-dekabr 1948-yil (1948-12-04) (75 yosh)
Fuqaroligi O‘zbekiston SSR
Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Shoh asari Galatepaga qaytish (1983)
Dashtu dalalarda (1987)
Lolazor (1988)
Mukofotlari Hamza nomidagi Davlat mukofoti (1990)
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist (1996)
Mehnat shuhrati ordeni – Mehnat shuhrati ordeni (1999)

Murod Muhammad Doʻst (1948-yil 12-aprel; Samarqand viloyati, Jom qishlogʻi, O'zbekiston SSR) – yozuvchi va jamoat arbobi. „Oʻzbekfilm“ kinostudiyasida ssenariynavis (1979—1984), „Sharq yulduzi“ jurnalida boʻlim mudiri, bosh muharrir oʻrinbosari (1984—1989), „Literaturnaya gazeta“ning muxbiri (1989—90), Prezident devonida masʼul xodim (1990—1992), Oʻzbekiston Respublikasi Milliy axborot agentligi bosh direktori (1992—1993; 1999—2002), Prezidentning matbuot kotibi (1993—1999). 2002-yildan „Oʻzbekkino“ davlat aksiyadorlik kompaniyasi raisi.

Hayoti va ijodiy faoliyati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Murod Muhammad Doʻst 1948-yili Samarqand viloyatiga qarashli Jom qishlogʻida tugʻilgan. ToshDU tarix fakultetining falsafa boʻlimini tugatgan (1971), Moskvadagi Adabiyot institutida oʻqigan (1974—1979). Ijodiy faoliyatni 70-yillarda boshlagan. Adibning „Qaydasan, quvonch sadosi?“ nomli dastlabki hikoyalar toʻplami 1976-yilda eʼlon qilingan. Shundan keyin uning „Mustafo“ (1977), „Bir toychoqning xuni“ (1979), „Dashtu dalalarda“ (1987) singari hikoya va qissalari nashr etilgan. Murod Muhammad Doʻstning „Galatepaga qaytish“ qissasi (1983) istiqlol arafasi oʻzbek nasrida muhim voqea boʻldi. Yozuvchi bu va boshqa qissalarida olis qishloqlarda yashayotgan oddiy kishilarning kundalik mehnat ogʻushida kechayotgan hayotini diqqat-eʼtibor bilan kuzatadi, ularning oʻziga xos tabiati va insoniy sajiyasini yorqin gavdalantiradi. Murod Muhammad Doʻst bu asarlari bilan adabiyotimizning kitobiylashgan tilini yangilab, unga jonli xalq tili ranglari va ohanglarini olib kirdi, sheva doirasida qolib ketayotgan soʻz va iboralarning adabiy tildan oʻrin olishga toʻla huquqli ekanini isbotlab berdi. Yozuvchi oʻz ijodida folklor uslubidan keng foydalanadi, uning tili yumorga boy, uning har bir qaxramoni oʻz fikrlash tarziga ega. Murod Muhammad Doʻstning „Lolazor“ (1988) romani turgʻunlik yillaridagi murakkab hayotiy jarayonga bagʻishlangan. Romanda shoʻrolar tuzumining yemirilishi va kommunistik mafkuraning tanazzuliga olib kelgan ijtimoiy sabablar ishonarli tasvirlanadi, inson va hokimiyat munosabatidek qad. mavzu muayyan davr misolida chuqur tadqiq etiladi. Murod Muhammad Doʻstning asarlari asosida badiiy filmlar suratga olingan[1]. Murod Muhammad Doʻst 1990-yilda Hamza nomidagi Davlat mukofotiga sazovor boʻlgan.

Murod Muhammad Doʻst 2000-yildan Oʻzbekiston Axborot agentligi bosh direktori, 2002—2005-yillarda „Oʻzbekkino“ DAK raisi lavozimlarida faoliyat olib borgan[2]. Shu bilan birga 1999—2004-yillar Samarqand viloyati, Nurobod okrugidan Oliy Majlis deputati va 2005-yil apreldan Prezident Apparati maslahatchisi boʻlgan[3].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  2. „Murod Muhammad Do‘st“. 2023-yil 12-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 12-aprel.
  3. „Bugun taniqli yozuvchi Murod Muhammad Do'st 72 yoshni qarshiladi“. 2023-yil 12-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 12-aprel.