Mshankalar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Mshankalar (Bryozoa) — paypaslagichlilar tipiga mansub koloniya boʻlib yashaydigan umurtqasiz hayvonlar sinfi. Tanasi daraxtsimon, poʻstloqsimon, bir necha sm kattaliqda. Ularning ayrim individlari zooidlar (uz. 1 mm gacha) deyiladi. Har bir individning koloniyadan bir oz koʻtarilib turadigan oldingi qismi — polipidlari bezovta qilinganida kutikula bilan qoplangan keyingi qismi — sistid ichiga tortilib kiradi. Polipidda paypaslagichlar bilan oʻralgan ogʻzi va orqa chiqarish teshigi bor. Ikkilamchi tana boʻshligʻi (selom) yupqa toʻsiq orqali oldingi paypaslagichli va keyingi tana boʻlimlariga boʻlingan. Ichagi qalqasimon. Nafas olish va ayirish sistemasi boʻlmaydi. Krn aylanish sistemasi yoʻq boʻlib ketgan. Nerv sistemasi bitta nerv gangliysidan va undan ketadigan nervlardan iborat. Germafrodit. Tuxumlari suvda, tana boʻshligʻida yeki maxsus chiqarish kamerasida rivojlanadi. Lichinkasi har xil tuzilgan, baʼzan 2 palla chigʻanoqli. Lichinkasi suv tubiga yopishgach, kurtaklanib koloniyani hosil qiladi. Dengiz M. koloniyasidagi individlar har xil tuzilgan (polimorf), 4 turkum va 4000 ga yaqin turi maʼlum. Koʻpchilik turlari dengizlarda, ayrim turlari chuchuk suvlarda yashaydi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil